Линклар

Шошилинч хабар
14 октябр 2019, Тошкент вақти: 06:08

Oyligi $250dan oshmaydigan turkman mulozimlariga haftasiga $740 to‘lab¸ Avazada dam olish buyurildi


Turkmaniston prezidenti shamol deyarli esmaydigan Avazada vindsyorfing bo‘yicha xalqaro musobaqa o‘tkazgan.

Turkmaniston shimolida joylashgan Toshhovuz viloyatidagi davlat xizmatchilari joriy yozgi mehnat ta’tilini qaerda o‘tkazish haqida og‘iz ochmaydi.

Bir necha davlat xizmatchisining Ozodlik radiosi turkman xizmatiga xabar qilishicha, hokimiyat idoralari ularga Turkmanistonning Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan hashamatli Avaza kurort shahriga yo‘llanmalar sotib olishni buyurgan. Narxlar o‘ta qimmatligi uchun u yerdagi mehmonxonalar yil bo‘yi bo‘sh turadi.

− Ular bizga, kimki Avazaga bormaydigan bo‘lsa, lavozimidan 100 foiz bo‘shatiladi, deb aytdi, − dedi viloyatning eng yirik shahri toshhovuzlik davlat xizmatchisi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan. Avtoritar Turkmanistonda hukumatga e’tiroz bildirish yoki tanqidga zarracha toqat yo‘qligi uchun odamlar ochiq gapirish uchun jazoga tortilishdan qo‘rqadi.

Davlat xizmatchilariga ko‘ra, ular 10 kechalik dam olish yo‘llanmasi uchun odam boshiga, taxminan, 740 AQSh dollari to‘lashi kerak.

Toshhovuzda sotilayotgan yo‘llanmalar narxiga mehmonxona xarajatlari va nonushta kiradi, deydi turmanistonlik xizmatchilar. Ulov, tushlik va kechki ovqat uchun yonidan pul to‘lashi kerakligi aytiladi.

Toshhovuzdagi davlat amaldorlari Ozodlikning bu iddaolarga munosabat bildirish so‘rovini rad qildi.

Turkmanistonda davlat xizmatchilarining o‘rtacha maoshi 230 AQSh dollarini tashkil qiladi va bu ulkan energiya resurslariga ega bo‘lgan mamlakat uchun juda pastdir.

Avazaga borish ham oson emas

Toshhovuzlik dam oluvchilar ushbu shahar bilan Avazaga eng yaqin yirik shahar Turkmanboshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘qligidan shikoyat qildi.

Poytaxt Ashxobod yoki mamlakatning boshqa viloyatlaridan Avazaga borayotganlar odatda Turkmanboshiga uchoq, poezd yoki avtobusda boradi. U yerdan kurort shaharga borish uchun ko‘pincha taksi yoki boshqa avtobusga o‘tirishi kerak bo‘ladi.

“Sifati past xizmatlar”

Avazada dam olganlarning ko‘pchiligi u yerdagi xizmatlar sifati yomonligi¸ xususan¸ internet tezligi pastligi va shaharning aksariyat qismida suratga tushishga taqiq borligidan shikoyat qildi.

Avaza shahri 2007-2017 yillarda qurilgan va u avtoritar prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning Turkmanistonda dunyo talablari darajasidagi sayyohlik infratuzilmasini yaratish rejasini bir qismi bo‘lgan.

Loyihaga milliardlab dollar mablag‘ sarflanganiga qaramay, Avaza haligacha mashhur sayyohlik maskaniga aylanmadi.

Mehmonxonalar narxini aksariyat turkmanlarning cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Boz ustiga, viza olish uzoq vaqt talab qilishi va ko‘pincha behuda ish ekani sababli Avaza xalqaro miqyosda ham e’tibor qozona olmadi.

U yerdagi kimsasiz kurortdan ko‘pincha Berdimuhamedov xalqaro yig‘inlar, konsertlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun foydalanadi.

Yana u yerda shamol deyarli esmayotgan paytda vindsyorfing bo‘yicha ko‘pchilik bexabar ham qolgan xalqaro musobaqa o‘tkazilgan edi.

2013 yili xalqaro estrada yulduzi Jennifier Lopes Berdimuhamedovning 56 yoshini nishonlash uchun Avazada konsert bergandan so‘ng inson huquqi himoyasi faollaridan baloga qoldi.

Shundan so‘ng Lopes bir qancha xalqaro inson huquqi himoyasi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar me’yori bilan o‘lchaganda, Turkmanistondagi inson huquqiga rioya qilish ahvoli yomonligidan bexabar bo‘lgani xususida bayonot berishga majbur bo‘ldi.

Iqtisodiy bo‘hron

Turkmaniston 1991 yili mustaqillikka erishgandan so‘ng aholi tabiiy gaz, elektr quvvati, suv va kommunal xizmatlardan bepul yoki ancha-muncha subsidiya olib foydalanib keldi. Hatto tuz singari tovarlarning ma’lum miqdori bepul tarqatilar edi. Turkmanboshi davrining iqtisodiy siyosati ortidan qumli cho‘llardan iborat Turkmaniston postsovet tarixidagi eng og‘ir iqtisodiy bo‘hron domiga tushib qoldi. Hukumat subisidiya dasturlarini qisqartirdi yoki butunlay bekor qildi - oqibatda oldin bepul youki o‘ta arzon bo‘lgan kommunal xizmatlar va boshqa narsalar uchun endi pul to‘lash lozim.

Bundan tashqari, ko‘pgina davlat xizmatchilari maktablarni ta’mirlash¸ davlat gazeta va jurnallariga obuna bo‘lishga majburlanayotganidan shikoyat qilmoqda.

Oqibatda ko‘plab turkman oilalari kun ko‘rishga qiynalib qoldi¸ ko‘pchilik ish topolmagani uchun boshqa joylardan ish axtarib, mamlakatdan chiqib ketdi.

XS
SM
MD
LG