Линклар

Шошилинч хабар
19 июл 2019, Тошкент вақти: 00:22

Mogerini: O‘zbekistonda YI bilan hamkorlikni yaxshilashga ishtiyoqni ko‘rdim


YIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini va O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov. (Bishkek. 7 iyul, 2019 yil)

7 iyulda Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda o‘tgan “Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi” formatidagi uchrashuvda ishtirok etgan Yevrokomissiyaning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha oliy komissari Federika Mogerini O‘zbekistonda islohotlarga ishtiyoq va mamlakatni yaxshilash borasidagi intilishlarga guvoh bo‘lganini ta’kidladi.

Ushbu uchrashuv arafasida sakkizta xalqaro tashkilot Mogeriniga umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan huquq faoli Azimjon Asqarovni zudlikda qamoqdan ozod qilish masalasida murojaat qilgan edi.

Mogerini Azimjon Asqarov masalasi Qirg‘iziston hukumati bilan muhokama qilinayotganini ham bildirdi.

Mogerini: O‘zbekiston- islohotlar borasida samimiy

7 iyul kuni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” mintaqalararo uchrashuvida ishtirok etgan Yevrokomissiyaning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha oliy komissari Federika Mogerini Bishkek shahrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, uchrashuvda “O‘zbekiston – Yevroittifoq” aloqalarining hozirgi holati va munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

Abdulaziz Komilov “O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida YI bilan samarali va konstruktiv hamkorlik qilishga qat’iy sodiq”ligini ta’kidlagan.​

Federika Mogerini. Bishkek. 7 iyul, 2019 yil
Federika Mogerini. Bishkek. 7 iyul, 2019 yil

Ayni paytda Bishkekda Ozodlik muxbirlari savollariga javob bergan Mogerini ham O‘zbekistonda YI bilan hamkorlikni yaxshilashga ishtiyoq ko‘rganini ta’kidladi:

- Men so‘nggi yillarda O‘zbekistonga 2 marta safar qildim va bir narsaga shohid bo‘ldimki, bunga o‘xshash safarlar davomida ushbu mamlakat vatandoshlari bilan uchrashish vaqt nuqtai nazaridan juda cheklangan bo‘ladi. Lekin men ko‘rgan narsa chin ma’nodagi qat’iyat bo‘ldi. Tashqi dunyoga ochilish, vaziyatni yaxshilash, mamlakatni isloh qilish hamda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirish va kuchaytirish – bular barchasi menga samimiy bo‘lib tuyuldi. Juda yaxshi bilamizki, biz bilan keng qamrovli hamkorlikning asosini ham doim inson huquqi va ochiq jamiyatlar borasida chin ma’noda qo‘yilayotgan qadamlar tashkil qiladi. Men O‘zbekistonda boshqa tarafdan, mamlakatni chuqur isloh qilish istagiday o‘zgarishni aniq-tiniq ko‘rdim.

Mogerini: Azimjon Asqarov masalasini muhokama qilayapmiz

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Bishkekda o‘tgan uchrashuvi arafasida sakkizta xalqaro tashkilot Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar mutasaddisi Federika Mogeriniga huquq faoli Azimjon Asqarovni zudlikda qamoqdan ozod qilish masalasida murojaat qildi.

Azimjon Asqarov sud zalida.
Azimjon Asqarov sud zalida.

​Mogerini Ozodlik bilan suhbatda Qirg‘iziston hukumati bilan Azimjon Asqarov masalasi muhokama qilinayotganini bildirdi.

- Ikki taraflama uchrashuv davomida sud tizimi mustaqilligiga umumiy e’tibor berish, xususan, siyosiy jihatdan nozik bo‘lgan ishlarni ko‘rib chiqishdagi shaffoflikni muhokama qilar ekanmiz, bu masalani ham muhokama qildik, dedi Mogerini.

Amnesty International, Fuqarolik huquqlari himoyachilari, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Xyuman Rayts Yotch, Front Line Defenders, Inson huquqlari xalqaro federatsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik va Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi kabi sakkizta nufuzli tashkilot 1 iyul kuni e’lon qilgan bayonotda Azimjon Asqarov noqonuniy, adolatsiz va noholis sudlov ortidan 9 yildan beri qamoqda o‘tirgani alohida ta’kidlangan.

Federika Mogerini Markaziy Osië Tashqi ishlar vazirlari bilan Bishkek uchrashuvida.
Federika Mogerini Markaziy Osië Tashqi ishlar vazirlari bilan Bishkek uchrashuvida.

Mogerini: YI Markaziy Osiyoni “kuchli va barqaror” ko‘rishni istaydi

Federika Mogerini Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini yuqori baholashini ta’kidladi:

- Ikki taraflama hamkorlikda echilishi lozim masalalar bor. Yevropa Ittifoqining yordami hech qachon mintaqa davlatlarini bo‘lishni, ular o‘rtasidagi farqlarni suiiste’mol qilishni ko‘zlamagan. Aksincha, ularni o‘zaro farqlardan oshib o‘tib, birga ishlashlarini ko‘zlab kelamiz. Shunday ekan, biz taklif qilishimiz mumkin bo‘lgan narsa, odatdagidek, savdo, iqtisodiy sarmoyalar, rivojlanish masalasida hamkorlik. Biz mintaqada ko‘plab umumiy bo‘lgan loyihalarni moliyalashtiramiz. Bundan tashqari, iqtisodiy islohotlarni, o‘zaro hamkorlikni qo‘llaymiz.

Mogerini Ozodlik bilan suhbatda Yevropa Ittifoqining yashirin maqsadlari yo‘qligini aytib, «shaffof va ishonchlimiz» deya ta’kidladi:

- Ularga (mintaqa davlatlariga) hamma faoliyatimiz ma’qul kelmasligi mumkin, ayniqsa inson huquqlari, qonun ustuvorligi qaysidir ma’noda hali ham o‘tish davrida bo‘lgan bunday davlatlar uchun og‘ir kelishi mumkin. Ammo ular nima kutishni biladilar. O‘ylaymanki, ular shaffof, ochiq, ishonchli ekanligimizni yaxshi baholaydilar. Va biz hamkorlik qilishga tayyor turamiz, dedi Mogerini.

Еврокомиссия мулозими Могерини туркман расмийлари билан учрашди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:49 0:00

Turkmaniston - YI ofisi ochilmagan Markaziy Osiyodagi yagona davlat

Federika Mogerini Markaziy Osiyoga safarini Turkmanistondan boshladi.

Mogerini o‘z tashrifi davomida Ashxobodda yangi vakillik ochilishida qatnashdi. Vakillikda to‘liq delegatsiya statusi bo‘ladi.

- Qolgan to‘rt davlatda Yevropa Ittifoqi delegatsiyalari bor. Yevropa Ittifoqi keyingi besh yil ichida Markaziy Osiyo mintaqasi bilan kuchli hamkorlik o‘rnatdi. Barcha besh davlatda to‘liq diplomatik delegatsiyalarga ega bo‘lish ishimiz davomiyligini ta’minlashga ko‘maklashadi. Biz har yili vazirlar uchrashuvlarini o‘tkazamiz, mintaqada tinmay aylanib yuruvchi maxsus vakilimiz ham bor. Ammo barcha besh respublika poytaxtida Yevropa Ittifoqining doimiy elchisiga ega bo‘lish bizga ijobiy qadamlarni yoki muammolarni kundalik ravishda kuzatib borish imkonini beradi, dedi Mogerini Ozodlik bilan 7 iyul kungi suhbatda.

XS
SM
MD
LG