Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:25

Imon Karimova Bosh prokuraturani onasi bilan tuzilgan kelishuvni buzganlikda aybladi


Imon Karimovaning Instagram sahifasi
Imon Karimovaning Instagram sahifasi

O‘zbekiston marhum prezidentining nevarasi Imon Karimova Toshkent hukumatini "o‘zaro hamkorlik" evaziga onasi Gulnora Karimovani qamoqdan ozod etish kelishuvini buzganlikda ayblab chiqdi.​

17 iyun kuni Imon Karimovaning Instagram sahifasida qo‘yilgan to‘rt sahifalik xabarda o‘zaro muzokara jarayoniga oid tafsilotlar ochiqlangan.

Imon Karimova mazkur xabarda so‘nggi bir yilda onasining qamoqdan ozod etilishi, uy qamog‘iga olinishi va yana qamoqqa qayta olib ketilishi xronikasini tasvirlagan.

Islom Karimovning nevarasi shuningdek, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Gulnora Karimovaga o‘rtasidagi muzokaralarga aloqador "hujjatlar" borligini ma’lum qilgan.

Ayni kunning o‘zida Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Greguar Manja (Grégoire Mangeat) O‘zbekiston hukumatini Gulnora Karimovani “zo‘ravonlik bilan hibsda ushlab turishni” to‘xtatishga chaqirdi.

Bu ayblovlarga munosabat so‘ralganda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fikrlarga munosabat bildirilmasligini ma’lum qildi.

(Ozodlik Imon Karimova Instagram sahifasida va Greguar Manja Twitter sahifasida ilgari surilgan iddaolarni mustaqil ravishda tekshira olmadi.)

Muzokaralar

Imon Karimovaning Instagram sahifasiga joylashtirgan xabari
Imon Karimovaning Instagram sahifasiga joylashtirgan xabari

Imon Karimovaning Instagram sahifasiga joylashtirilgan xabarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati 2018 yilda Bosh prokuratura qoshidagi Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasining o‘shandagi boshlig‘i Shavkat Umurzoqov vositachiligida Gulnora Karimovaga hamkorlik evaziga ozodlik ​taklif qilgan.

Karimova iddaosicha¸ may oyi oxiriga borib, qariyb "kelishuvga erishilgan" paytda o‘zbek tomonining "vaqtni cho‘zish"ga urinayotgani oydinlashgan.

"May oxirida kelishuvlarga erishilgandek bo‘lgandi. Lekin o‘zbek tomonining shunchaki vaqtni cho‘zish va tergovning boshqa ishtirokchilari bilan kelishishga¸ Shveysariyadagi prokuror bilan noqonuniy aloqalardan foydalanib, Gulnora Karimovani chetlab o‘tishga uringani ma’lum bo‘ldi. Aynan shu sabab [shveysariyalik prokuror] 2019 yil boshida bo‘shatildi," deyiladi xabarda.

Buning ortidan may oyida Gulnora Karimovaning advokati "o‘z mijozi manfaatini ko‘zlab" sud qarorlariga protest kiritadi.

"Shundan keyin Shavkat Umurzoqov go‘yoki hodisalardan bexabarligi va aloqasi yo‘qligini aytib, muzokaralarni davom ettirish uchun yana qaytdi," deyiladi Instagram xabarida.

Unda ta’kidlanishicha, 2018 yil iyun oyi oxirida tomonlar kelishuvga erishadi.

Kelishuvga muvofiq, Gulnora Karimova Shveysariyada saqlanayotgan "mablag‘ning ko‘pini qaytarishda O‘zbekistonga yordam berish" va ayrim masalalarda ishga aloqasi bo‘lgan "ba’zi davlat arboblari va boshqa biznesmenlar"ga qarshi ko‘rsatma bermaslikni va’da qiladi.

Shuningdek, Gulnora Karimovaning dastlabki olti oyda ommaviy tadbirlarda, jumladan bahslarda qatnasha olmasligi va rahbarlik vazifalarini egallay olmasligi ta’kidlangan.

"Bosh prokuratura tomonidan [Gulnora Karimovaga tegishli] qator binolar, jumladan uy, bir korxona, qator mashinalarni qaytarish, [Gulnora Karimovaga] ikki marta jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun mamlakatdan chiqishni ta’minlash va’da qilindi".

Imon Karimova Shavkat Umurzoqov tomonidan yozilgan ushbu kelishuv fotografiyasi borligini bildirgan.

Xabarda ta’kidlanishicha, "aftidan shuning uchun ham O‘zbekistonni tark etayotgan paytida Imon Karimovaning elektron jihozlarida bor narsalar o‘chirib tashlangan".

(Bosh prokuratura Imon Karimovaning 28 sentabr kuni Toshkent-London reysiga chiqishdan oldin kompyuteri obdon tekshirilgani haqidagi iddaosini rad etgan edi).

Kelishuvning buzilishi iddaosi

Imon Karimovaning Instagram sahifasidagi xabarga ko‘ra, Gulnora Karimova 2018 yilning 4 iyulida qizi va yana ikki shaxs guvohligida Bosh prokuraturaga qo‘ng‘iroq qiladi va Shveysariyadan pullarni qaytarib olishda o‘zbek tomoniga yordam berish uchun advokatiga topshiriq berishga tayyor ekanini bildiradi.

Gulnora Karimova Bosh prokuratura qoshidagi Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasining boshlig‘i Shavkat Umurzoqov bilan keyingi qadamlarni kelishib olish niyatida ekanini aytadi.

Unga Shavkat Umurzoqovning bu lavozimdan bo‘shagani va o‘rniga tayinlangan Ulug‘bek Anvarovning o‘zi bilan uchrashuvga kelishi aytiladi.

(Shavkat Umurzoqov 2018 yilning 26 iyun kuni ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklar va sohada qoniqarsiz vaziyat paydo bo‘lgani ortidan o‘z lavozimidan bo‘shatilgan va Umidjon Salimov o‘rniga “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi etib tayinlangan edi - tahr.)

"Bu iyun oyida jarayonni oxiriga qadar boshqarishi haqida Shavkat Umurzoqovning bergan va’da va kafolatlariga qaramay yuz berdi", deya bitilgan Instagram xabarida.

Imon Karimovaga ko‘ra, bu suhbatdan bir hafta o‘tib¸ onasi uchrashuvga hech kim kelmasligiga ishonch hosil qilgan.

O‘z xabarida Imon Karimova bu telefon suhbatlari yozuvlari o‘zida mavjudligini bildirib o‘tgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 18 iyun kuni Ozodlikka Imon Karimovaning ijtimoiy tarmoqlarda yozayotgan fikrlariga munosabat bildirmasligini ma’lum qildi.

Qachongacha?

Imon Karimovaning Instagram-dagi xabari bilan bir vaqtning o‘zida shveysariyalik advokat Greguar Manja (Grégoire Mangeat) Gulnora Karimovani qamoqdan ozod etish talabi bilan chiqdi.

Advokatning o‘z Twitter sahifasida iddao qilishicha, hozirda Toshkent viloyati, Zangiota tumanida joylashgan ayollar koloniyasida saqlanayotgan Gulnora Karimovaning ahvoli yomonlashgan esa-da, unga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotir.

"Zangiotadan qaytdim. Mijozim yomon ahvolda. Qon bosimi yuqori. Oyog‘i to‘liq bintlangan. Tibbiy yordam yo‘q. Ko‘p marta hushidan ketgan. Hukumatga oddiy savol: Nega Zangiota va qachongacha? O‘zboshimchalik bilan hibsda ushlab turishni to‘xtating", deb yozdi 15 iyun kuni Zangiota qamoqxonasida o‘z mijozi bilan ko‘rishgan Manja.

Gulnora Karimovaning advokati iyun oyi oxirida ham ayni mazmundagi bayonot bilan chiqqandi.

10 iyun kuni bu bayonotga munosabat bildirgan Bosh prokuratura Gulnora Karimovaning oldiga shifokorlarning kirishiga hech qanday to‘siq yo‘qligi¸ uning sog‘lig‘i qoniqarli ekani va zarurat bo‘lsa¸ har qanday tibbiy muolaja ko‘rsatilishi kafolatlangan"ini rasman ma’lum qilgan edi.

Jazo shartini buzish

Korrupsiya va qator og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan Gulnora Karimova Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 10 yilga qamalgan edi.

2018 yil 1 iyulda esa Gulnora Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Bosh prokuraturaning xabar berishicha: “Insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganligini e’tiborga olgan holda”¸ ozodlikni cheklash jazosini o‘tash joyi etib mahkuma Gulnora Karimovaning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan.

So‘nggi rasmiy baënotga ko‘ra¸ Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzganligi sababli 2019 yil 5 martda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi Karimova ustidan yana bir hukm chiqargan. Bu hukmga muvofiq¸ Karimovaga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

XS
SM
MD
LG