Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:25

Majlisbozlik xronikasi. Bank xodimlari majlisbozlikdan sillasi quriganini aytmoqda


Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan beri har bir soha muammolariga bag‘ishlangan maxsus videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazish urf bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan beri har bir soha muammolariga bag‘ishlangan maxsus videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazish urf bo‘ldi.

O‘tgan haftalar davomida Ozodlikka bir-biridan mustaqil tarzda murojaat qilgan bank tizimining Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi ayrim mas’ul xodimlari hokimlik va bank sohasi rahbarlarining “muttasil majlisbozligi”dan shikoyat qildi.

Band xodimlarining ishonishicha, “majlisbozlik” ularning professional ish faoliyati va salomatligiga “eng ko‘p ziyon yetkazayotgan omil” bo‘lmoqda.

Samarqanddagi bank mas’ullaridan biri o‘z so‘zi isboti sifatida Ozodlikka viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan bank mutasaddilariga yuborilgan telefonogrammalar nusxasini taqdim qildi.

Telefonogrammalardan so‘nggi bir oy ichida ish payti va hatto undan keyin ham o‘tkazilgan majlislarga oid chaqiruvning butun viloyatdagi moliya-iqtisodiët sohasi rahbarlariga taalluqli ekani ko‘riladi.

Bunday chaqiruvlar yuborilgan bank tizimi mulozimlariga ko‘ra¸ har biri 3-4 soatga cho‘ziladigan majlislarda biror jo‘yali masala muhokama qilinmaydi.

Ularning ta’kidlashicha, har gal ayni gap takrorlanadigan bu yig‘ilishlarda qatnashmaslik “bahosi” ishdan ajrab qolishdir.

Ayni shunday shikoyat bilan Ozodlikka murojaat qilgan Milliy bankning Toshkent viloyatidagi ayrim xodimlari¸ bankning viloyat rahbari har kun tonggi 6-7da majlis chaqirtirishi¸ 100-150 km masofadagi rayonlardagilarning ham erta tongda bu majlisga yetib kelishi shart qilib belgilanganini bildirdi.

Ozodlik Samarqand viloyati hokimligi va O‘zbekiston Milliy banki rahbariyatidan bu shikoyatlarga munosabat ola olmadi.

Mas’ullarning xizmat va mobil telefoniga kun davomida hech kim javob bermadi.

“Samarqanddagi moliya-iqtisod sektori majlisbozlik tufayli “falaj bo‘lib qoldi”

Ozodlikka murojaat qilgan bir guruh samarqandlik bank tizimi xodimlari ana shunday fikrni bildirdilar.

Ular bunday e’tirozning ishdan ajrash bilan tugash ehtimoli bois¸ o‘z mansab va shaxslarini ochiqlamaslikni so‘radilar.

Suhbatdoshlar majlisbozlik sur’at va ko‘lamini ko‘rsatish maqsadida viloyat hokimining 1-o‘rinbosari tomonidan yuborilayotgan rasmiy xabarnomalar nusxasini Ozodlikka taqdim etdi.

Bu xabarnomalardan majlislarning¸ asosan¸ prezident qaror va farmonlari ijrosi masalasiga bag‘ishlangani ko‘riladi.

Masalan¸ bir oy ichida “byudjet tushumlari” masalasida ketma-ket ikkita majlis o‘tkazilgan va ularda butun viloyat bo‘yicha prokurorlardan to Yoshlar ittifoqi mutasaddilarigacha qatnashishi shart qilib belgilangan.

Hokimning iqtisodiyot bo‘yicha 1-o‘rinbosari jonga tegdi har kuni yig‘ilish qilib. Vazirlar Mahkamasi tomonidan yig‘ilish qilish tartibi ishlab chiqilgan. Prezident yig‘ilish qilmanglar¸ dedi. Shu odam, ishga kelgandan buyon yig‘ilish qilaverib, hammani ishdan qoldirayapti. Yig‘ilishda gapirgan gapining tuturug‘i yo‘q. Har safar bir gapni takrorlayveradi. Yuzlab odamning vaqtini olib 4,5 soat ushlab o‘tiradi”¸ - dedi bunday majlislarga borishi shart qilib belgilangan samarqandlik bankirlardan biri.

Ozodlik suhbatdoshlari¸ bunday majlisbozlik oqibatida bankka ishi tushib kelgan oddiy aholi va tadbirkorlar ishini bitirishi lozim mutasaddilarni topa olmay sarson bo‘layotgani¸ prezident qarorlarining ijrosi tezlashish va soddalashish o‘rniga¸ byurokratiya zanjirida tobora murakkablashib¸ cho‘zilib borayotganini aytadi.

Samarqand viloyat hokimining tadbirkorlik masalalari bo‘yicha 1-o‘rinbosari yordam qilish o‘rniga tadbirkorlarni sarson qilmoqda. “Har bir oila - tadbirkor” dasturi bo‘yicha berilayotgan kreditlarni mening ruxsatimsiz bermaysizlar”¸ deb prezident qarori ijrosini to‘xtatayapti”¸ dedi bank mutasaddisi.

U viloyat hokimi 1-o‘rinbosari kotibiyati mudiri Qayum Xushbakovning Samarqand viloyatidagi tuman hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari uchun mas’ul 1 -o‘rinbosarlariga Telegram messenjeri orqali yuborgan xabarini ilova qildi.

Telegram orqali yuborilgan topshiriq fotonusxasi.
Telegram orqali yuborilgan topshiriq fotonusxasi.

Bu xabarda¸ yuridik shaxslarga kredit bermoqchi bo‘lgan bank rahbariyatidan loyihani shaxsan viloyat hokimining 1-o‘rinbosari tasdig‘idan o‘tkazish talab qilinadi.

Tadbirkorlar kredit olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib¸ mulkini garovga qo‘yib, Urakovning kayfiyatiga qarab o‘tiribdi. Bu odam esa majlisbozlikdan bo‘shamaydi. Lekin kredit ololmayotgan tadbirkor hokimlikdan emas¸ bankdan norozi. Bunaqa axmoqchilik boshqa joyda bormi-yo‘qmi bilmayman¸ lekin Samarqand viloyatida vaziyat shunday”¸ deydi Samarqanddagi bank tizimi mas’ullaridan biri Ozodlik bilan suhbatda.

“Hokimlik bank rahbarini¸ bank rahbari esa o‘z xodimlarini majlisma majlis ovora qilmoqda”

O‘zbekistondagi eng yirik banklardan biri Milliy bank xodimlari Ozodlikka birinchi marta murojaat qilayotgani yo‘q.

Milliy bankning Toshkent viloyatidagi xodimlarining hafta oxirida dam olish o‘rniga majburiy mehnatga chiqarilayotgani haqidagi shikoyat 22 may kuni SizdanTelegram sahifasida e’lon qilingan edi.

Bu shikoyatga ilova qilingan modemogramma deb atalgan hujjatda bank boshqaruvi o‘rinbosari Alimovning butun viloyatdagi bank xodimlarini 11-12 may kunlari “o‘t-o‘lanlar va chiqindilardan” tozalash ishlariga chiqishga buyurgan¸ chiqmaganlarni mukofot pulisiz qolishidan ogohlantirgan edi.

Bu xabar ortidan Mehnat kodeksini ochiqchasiga buzgan bank rahbariyatiga jiddiy ogohlantirish berilgan va majburiy mehnatga chiqqanimiz uchun¸ o‘tib ketgan chislo bilan haq to‘lash yo‘lga qo‘yilgan edi. Ammo bu ogohlantiruv natijasi uzoqqa cho‘zilamdi. Biz bankirlarni “hashar”ga chiqarish davom etmoqda. Eng yomoni¸ Toshkent viloyat Milliy banki rahbari har kun ertalab majlis o‘tkazadi. Bahona - prezidentning “Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosini muhokama qilish. Bitta qarorni yana qancha muhokama qilish mumkin! Toshkent katta viloyat¸ 150 kmlik masofadan tuman filiallari rahbarlari¸ yuristlari erta tongdan Toshkentga – majlisga kelishi kerak. Ozgina kechikkanlar haqorat eshitadi¸ mukofot puli kesiladi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan "O‘zmilliybank"ning Toshkent viloyatidagi mas’ullaridan biri.

Bank xodimlarining Ozodlikka aytishicha¸ bu tizimda asosiy daromad oylik emas¸ balki mukofot puli bo‘lgani uchun¸ majlisga kechikkanlik¸ “hashar”ga chiqmaganlik uchun mukofot pulining bekor qilinishi¸ bank xodimini oylik daromadsiz qoldirish bilan tengdir.

Ozodlikka taqdim etilgan telefonogrammadan¸ joriy yilning 7 iyun kungi majlisning ish kuni tugaganidan bir necha soat o‘tib¸ kechqurungi 21:30 ga chaqirtirilganini ko‘rish mumkin.

O‘zmilliybankning Toshkentdagi mas’ullari¸ mehnat qonunchiligiga zid belgilangan ravishda ish soatlaridan keyin majlis o‘tkazish bu viloyatda muttasil davom etayotganini bildirdi.

Milliy bankning Toshkent viloyati rahbari tomonidan yuborilgan buyruq nusxasi.
Milliy bankning Toshkent viloyati rahbari tomonidan yuborilgan buyruq nusxasi.

Milliy bankning tungi va erta tonggi majlislariga qatnashi shart bo‘lgan mas’ullari¸ ish kunining yarim tungacha davom etayotgani¸ uyiga tungi 1-2 larda borayotgan bank rahbari ertalab soat 5-6 da yana majlisga deb yo‘lga chiqishi¸ o‘zlarni ham jismonan¸ ham ruhan toliqtirganini ta’kidlaydi.

Ikki yildan beri boshimiz majlisbozlikdan chiqmaydi. Normal ish soatlari yo‘q¸ dam olish kuni yo‘q. Bunaqa ritmdan hammamiz holdan toyganmiz. Yoqmasa ketinglar¸ deydi. Ketsak¸ qarab turgan ish bo‘lmagani uchun¸ ko‘pchiligimiz chidab yuribmiz. Ish sifati¸ unumi o‘ta past¸ bank bo‘lib bank ishini qilolmasak¸ oddiy odamlar ham¸ tadbirkorlar ham bizdan norozi.Bizni eshitadigan esa yo‘q”¸ deydi Milliy bank mas’ullaridan biri.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti joriy yil 28 may kuni ish bilan bog‘liq stress¸ surunkali dam olmasdan ishlash oqibatida tug‘iladigan “silla qurishi¸ o‘ta kuchli toliqish”ni o‘z tarixida birinchi marta “ruhiy kasallik” sifatida e’tirof etdi va hukumatlar¸ ish beruvchilarga bunday kasallikka eltuvchi muhitga barham berishni tavsiya qildi.

Majlisbozlik muammosi

Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakat bo‘ylab majlis o‘tkazish¸ xususan¸ prezident va Bosh vazirning videoselektor majlislari o‘tkazish urfga kirdi.

Butun mamlakat bo‘ylab minglab davlat xizmatchisi va tadbirkorlar asosiy vaqtini soatlab davom etgan bu majlislarda o‘tkazadigan bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay¸ majlisbozlikning yangi muammoga aylanganini anglagan hukumat rahbarlarining o‘zi uni kamaytirish haqida gapira boshladi.

Xususan¸ 2017 yilning 9 avgust kungi videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoev:

Bosh vazir A.Aripov va Bosh prokuror I.Abdullaevga majlisbozlik, qog‘ozbozlik va hisobotbozlikni keskin kamaytirish, davlat idoralari faoliyatida ma’lumot almashishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish bo‘yicha hukumat qarorini ishlab chiqib, ijrosini alohida nazoratga olish vazifasi yuklandi”, dedi.

2018 yil 25 avgust kuni Bosh vazir Abdulla Aripov¸ majlislar tartibi va samaradorligini oshirish maqsadida ular sonini keskin kamaytirish haqida topshiriq bergan edi.

Majlisbozlikdan xalq va davlat xizmatchilari o‘zining toqati toq bo‘lgani ortidan prezident 2018 yilning 12 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida:

Biz markazda va joylarda ortiqcha majlislarni keskin kamaytirib, ko‘proq amaliy ishlar va aniq natija bilan shug‘ullanishimiz kerak. Nega deganda, odamlar quruq majlisbozlikdan charchadi”¸ degan edi.

XS
SM
MD
LG