Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:58

So‘nggi bir yil ichida global yadroviy qurol zaxiralari ozaydi


"Sarmat" qit’alararo ballistik raketa
"Sarmat" qit’alararo ballistik raketa

O‘tgan yilda qudratli davlatlarning yadroviy qurol zaxiralari ozaydi, ammo Moskva va Vashington o‘rtasidagi “siyosiy va harbiy ziddiyatlar” tufayli kelajakda qurol zaxiralarining ozayishi surati qay yo‘sinda bo‘lishi noaniq bo‘lib qolmoqda.

Bu haqda Tinchlik masalalari bo‘yicha Stokgolm xalqaro tadqiqot instituti (SIPRI) bildirdi.

Tashkilotning 17 iyun kuni e’lon qilingan yillik hisobotida 2019 yil boshida Rossiya, AQSh va yetti boshqa davlat 13 865 dona yadroviy qurolga ega bo‘lgani aytiladi.

2018 yilning boshida esa bu ko‘rsatkich 14 465 ni tashkil qilgan edi.

Dunyo yadroviy arsenalining ozayishiga Rossiya va AQSh New START kelishuviga binoan o‘z zaxiralarini ozaytirgani sabab bo‘lgan.

Ushbu ikki davlatga Yer yuzidagi barcha yadroviy qurollarning 90 foizi to‘g‘ri keladi.

Ammo New START kelishuvi 2021 yilda o‘z kuchini yo‘qotadi va hozircha ikki davlat uni uzaytirish bo‘yicha bir kelishuvga kelishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

SIPRIning Qurolsizlantirish, qurol-aslaha nazorati hamda yadroviy qurollar tarqalishi oldini olish bo‘limi direktori Shannon Kayl:

- Hozir New STARTni uzaytirish bo‘yicha hech qanday muzokara olib borilmayapti. Rossiya va AQSh kelishuv asosida qurollarini ozaytirishi ehtimoli ikki davlat o‘rtasidagi harbiy va siyosiy ziddiyatlarni e’tiborga oladigan bo‘lsak, juda oz, - dedi Kayl.

May oyida AQSh davlat kotibining qurollar nazorati va xalqaro xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Andrea Tompson AQSh prezidenti ma’muriyati New START kelishuvini uzaytirish bo‘yicha bir qarorga kelmaganini aytdi.

6 iyun kuni esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin Vashington kelishuvni uzaytirish bo‘yicha muzokara boshlashga oshiqmayotganini ta’kidladi.

2010 yili o‘shandagi prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedevlar imzolagan New START shartnomasi strategik yadroviy qurollarga cheklov qo‘yadi.

Undan avvalgi START kelishuvi 1994 yilda kuchga kirib, 2009 yilgacha davom etgan edi.

Moskva va Vashington 1987 yilda imzolangan O‘rta va yaqin masofaga otiluvchi raketalarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha ham kelisha olmay keladi.

Fevral oyida AQSh Rossiyani kelishuv shartlarini buzishda ayblab, undan chiqishini e’lon qildi.

Rossiya esa bu ayblovlarni rad etib, Vashington kabi kelishuvga amal qilishni to‘xtatdi.

SIPRI hisobotida AQSh va Rossiya yadroviy qurollarini takomillashtirishga urinayotgani aytiladi.

Hisobotda yozilishicha, yil boshida AQSh, Rossiya, Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil hamda Shimoliy Koreyada umumiy hisobda 13 865 dona yadroviy qurol qayd etilgan bo‘lib, ularning 3 750 donasi ish holatida bo‘lgan.

Hisobot mualliflari Shimoliy Koreya harbiy yadroviy dasturiga katta e’tibor qaratayotgani, Xitoy, Pokiston va Hindiston esa yadroviy arsenalini oshirayotganini aytib, xavotir bildirdi.

XS
SM
MD
LG