Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:01

Checheniston rahbari "barmoqlarni sindirish va tilni sug‘urib olish" bilan tahdid qildi


Checheniston rahbari Ramzan Qodirov: “Biz hech qanday izoh yoki videoni e’tiborsiz qoldirmaymiz...”
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov: “Biz hech qanday izoh yoki videoni e’tiborsiz qoldirmaymiz...”

Rossiyaning Shimoliy Kavkaz mintaqasida joylashgan Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov yana qo‘pollik qildi. U Instagramda e’lon qilingan videoda kimda-kim uni yoki “uning xalqi”ni onlayn izohlar bilan haqorat qilsa, dahshatli tarzda jazolanishini aytdi.

Biz hech kimga shaxslarni onlayn haqoratlashga yo‘l bermaymiz. Izohlaringizni olib tashlang. Biz ularning hammasini o‘qiyapmiz. Buni tayyorlash uchun bir guruh odamlar ishlayapti. Bizning an’analarimiz bor, hali ularni hech kim bekor qilgani yo‘q. Shuning uchun meni kimdir o‘ldirishi bilan ishim yo‘q. Lekin kim qonimni, urug‘-aymog‘imni, oilamni, odamlarimni haqorat qilsa, uning kimligiga qarab o‘tirmayman. Shuning uchun tilingizga ehtiyot bo‘ling, barmog‘ingizga ehtiyot bo‘ling. Chunki biz barmog‘ingizni sindiramiz va tilingizni sug‘urib olamiz. Biz hech qanday izoh yoki videoni e’tiborsiz qoldirmaymiz, - dedi brendli qizil-oq rangdagi sport formasi kiyib olgan Ramzan Qodirov. ​

Qodirovning bu so‘zlari yaqinda qo‘shni Dog‘iston bilan chegarada chiqqan nizo ortidan yangradi. O‘shanda Checheniston hududini anglatuvchi yangi belgi keskin onlayn kampaniyadan so‘ng olib tashlangan edi.

Checheniston rahbariyatining so‘nggi oylarda Ingushetiya va Dog‘iston bilan chegaraga oid nizolarni zo‘ravonlik bilan hal etishga qaratilgan xatti-harakatlari mintaqada keskin tanqidga sabab bo‘ldi.

Sentyabrda Qodirov bilan Ingushetiya rahbari Yunus-Bek Yovqurov maxfiy muzokaralar ortidan chegaraga oid bitimni imzolagan edi.

Biroq ingushetiyalik faollar respublika hududi Chechenistonga noqonuniy berib yuborilganini aytib, bitimni noqonuniy deb atadi.

So‘ngra Checheniston Dog‘istonning Mexelta qishlog‘i yaqinidagi hududni o‘ziniki deb da’vo qilib chiqdi va xabarlarda aytilishicha, mart oyida ayni hudud Chechenistonga berilgan. Yana bir qancha yer hududlari ham o‘rtada talash bo‘lmoqda.

Ayrim dog‘istonliklar Checheniston hali muzokaralar tugamay turib, ularni o‘z nazoratiga olayotganini aytmoqda.

Zo‘ravonlik tahdidlari Qodirovning diplomatik repertuariga aylanib qolgan.

2016 yili xalqaro inson huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar Kremldan Qodirovni mashhur jurnalistlar va siyosiy muxolifat arboblariga tahdid qilgani uchun tartibga chaqirib qo‘yishni talab qilgan edi.

Qodirov o‘shanda bunaqa kishilarga “xalq dushmani va sotqinlar singari muomala qilinishi kerakligi”ni aytgandi.

Chechenistonda inson huquqi buzilayotgani haqidagi katta-katta maqolalar yozgan surishtiruvchi jurnalist Anna Politkovskaya 2006 yili otib o‘ldirilgan edi. Garchi ushbu qotillik to‘liq ochilmagan bo‘lsa-da, uch nafar chechenistonlik buning uchun sudlanib qamaldi.

Inson huquqi himoyasi faoli Natalya Estemirova 2009 yili Chechenistondan o‘g‘irlab ketildi va oradan ko‘p o‘tmay, uning jasadi Ingushetiyadan topildi. Uning o‘ldirilishi sababi ochilmay qolib ketdi. Qodirov uni noma’lum kishilar, meni yomongotliq qilish uchun o‘ldirgan, deb iddao qilgan edi.

2015 yili sobiq bosh vazir o‘rinbosari, muxolif siyosatchi hamda Putin bilan Qodirovning ashaddiy tanqidchisi Boris Nemsov Moskva shahrida otib o‘ldirildi.

Garchi ushbu jinoyat ishi hamon ochilmay qolayotgan bo‘lsa-da, besh nafar chechenistonlik, jumladan, Qodirovga qarashli xavfsizlik xizmati xodimi qotillikda ayblanib qamaldi.

Qodirov qo‘l ostidagi xavfsizlik xizmatlari ko‘p marotaba odam o‘g‘irlash, qiynoqqa solish va odamlarning sudga tortilmay yo‘qolib qolishi singari jinoyatlarda ayblangan.

Human Rights Watch tashkilotining may oyida e’lon qilgan hisobotida Chechenistonda gey va biseksuallarga qarshi kaltaklash, elektr toki bilan falajlovchi qurollarni qo‘llash, boshqa narsalar bilan jinsiy zo‘rlashni ichiga oluvchi qo‘rqitish kampaniyasi o‘tkazilgani aytiladi.

Rossiya inson huquqi himoyachilari ayni kampaniya joriy yil yanvaridan beri davom etayotgani va kamida ikki kishi o‘ldirilganini aytib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG