Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:05

Samarqandda yalpi “hashar” - minglab xizmatchi “Obod qishloq” qurilishiga safarbar qilindi


Ozodlikka kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ butun O‘zbekiston bo‘ylab "Obod qishloq" dasturi minglagan davlat xizmatchilarining tekin mehnatga safarbar qilinishi evaziga amalga oshirilmoqda.
Ozodlikka kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ butun O‘zbekiston bo‘ylab "Obod qishloq" dasturi minglagan davlat xizmatchilarining tekin mehnatga safarbar qilinishi evaziga amalga oshirilmoqda.

Samarqand viloyat hokimining 1-o‘rinbosari 8 - 9 iyun kunlari butun viloyatdagi iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari kompleksiga kiruvchi o‘nlab boshqarma va tashkilotning yuzlab xodimini Paxtachi tumanidagi “Obod qishloq” dasturiga “hashar”ga chiqardi.

Ozodlikka nusxasi yetib kelgan telefonogrammaga muvofiq¸ Soliq¸ Moliya¸ Statistika boshqarmalari va Markaziy bankdan tortib tijorat banklari xodimlarigacha yoppasiga “Ziyoviddin shaharchasi”ga “obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini yanada jonlantirish maqsadida ommaviy hashar”ga chiqarilgan.

“Hashar” atamasi aslida ommaviy majburiy mehnat uchun niqob bo‘layotganini ta’kidlagan samarqandlik iqtisodchilar¸ ishdan bo‘shash va oyliksiz qolish tahdidi ostida o‘z hisobidan Paxtachiga borganini bildirdi.

Ozodlikka aytilishicha¸ o‘z xodimlarini “hashar”ga olib chiqish buyrug‘ini viloyat hokimi o‘z o‘rinbosarlariga bergan va ular bu buyruqni o‘z nazoratidagi boshqarma va tashkilotlar rahbarlariga yuborgan.

Telefonogramma

Ozodlikka nusxasi yuborilgan 7 iyun kungi buyruq-telefonogrammaga Samarqand viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jamshed Urakov (rasmiy saytda shunday yozilgan -tahr.) qo‘l qo‘ygan.

Telefonogrammaning Ozodlikka yuborilgan nusxasi.
Telefonogrammaning Ozodlikka yuborilgan nusxasi.

Iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari kompleksiga kiruvchi boshqarma va tashkilotlar rahbarlariga” yuborilgan ichki buyruqda prezidentning “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish uchun viloyatda 8-9 iyun kunlari hashar tashkil qilish aytiladi.

Telefonogrammada boshqarma va tashkilot rahbarlaridan viloyatning Paxtachi tumanidagi “Ziyoviddin shaharchasi”ni obodonlashtirish ishlarini jonlantirish maqsadida o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilot xodimlarining “mazkur hasharga faol ishtirok etishini ta’minlash” so‘ralgan.

Ilovada Telefonogramma yuborilgan tashkilotlar ro‘yxati yozilgan va bu ro‘yxatda viloyatdagi nafaqat davlat tashkiloti¸ balki tijorat tizimlari ham borligini ko‘rish mumkin.

Ro‘yxatdan bir parcha.
Ro‘yxatdan bir parcha.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ viloyat hokimi o‘rinbosarlari aslida Samarqand viloyati hokimi topshirig‘ini bajargan va boshqa sohaga mutasaddi bo‘lgan o‘rinbosarlar ham o‘z nazoratidagi tizimlarga ayni shunday buyruq bergan.

“Obod qishloq”ni davlat xizmatchilari qurayapti

Viloyat hokimligi buyrug‘i bilan Paxtachi tumaniga “hashar”ga yuborilgan Samarqanddagi bank tizimi xodimlari Ozodlik bilan muloqotda o‘zlarining “qattiq bosim va tahdid ostida” “Obod qishloq” qurayotganlarini bildirdi.

Samarqand shahridagi byudjetdan oylik oladigan hamma tashkilot xodimlari majburan yuborildi. Telefonogrammada 8-9 iyun kunlari xodimlaringizni hasharga yuboring¸ deyilgan. Aslida ¸ ikki oydan beri shu ahvol. Bizga dam olish yo‘q – “Obod qishloq”ni unga mutlaq aloqasi yo‘q davlat xizmatchilari¸ tijoriy strukturalar mutaxassislariga qurdirishayapti. Kimlardir o‘zlari borayapti¸ kimlardir mardikor olib yuborayapti. Viloyat hokimi o‘rinbosarlariga topshiriq bergan. Hamma o‘rinbosarlar o‘ziga bo‘ysunadigan soha xodimlarini olib chiqayapti”¸ deydi Ozodlik gaplashgan samarqandliklardan biri.

Bankir - farrosh¸ o‘qituvchi – usta

“Hashar” nomi bilan borayotgan keng ko‘lamli majburiy mehnatga jalb etilganini aytgan samarqandliklar “Obod qishloq” dasturi doirasidagi obodonlashtirish jarayonida qilgan ishlarini tilga oldi.

Bizga odamlarning uylarini buzish¸ remont qilish¸ ko‘p qavatli uylarning oldini tozalash buyurildi. Ziyovuddin shaharchasi “Obod qishloq”qa tushgan. Tashkilotlarga odamlarning uyini buzish¸ uy qurib berish¸ remont qilish kabi ishlarni bo‘lib berib¸ majburlab ishlatayapti. Viloyat hokimi prokuror¸ IIB boshlig‘i bilan o‘zi borib o‘tirib olayapti. Bitta bizning tashkilotdan 20 ga yaqin odam bordik. Butun viloyatdagi davlat xizmatchilari sonini hisoblab ko‘ringchi¸ qancha odam majburiy qurilishga chiqarilganini tasavvur qilasiz»¸ deydi hafta oxirida Paxtachi tumaniga yuborilgan samarqandliklardan biri.

Bu suhbatdoshlar shuningdek¸ qurilishga aloqasi bo‘lmagan mutaxassislarga «boshida kaltak ushlash» bilan qurdirilayotgan bunday «obod va namunali» uylar sifatining "qo‘rqinchli darajada past"ligini alohida tilga oldilar.

Viloyat hokimligi rasmiysi – Telefonogramma 15 minutdan keyin bekor qilindi!

Ozodlik samarqandlik davlat va tijoriy tashkilotlar vakillari nomidan kelgan shikoyatga munosabat bildirishni so‘rab Samarqand viloyati hokimligi rasmiylari bilan bog‘landi.

O‘zini viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jamshed Urakov yordamchisi deb tanishtirgan mulozim¸ Ozodlikka nusxasi yuborilgan Telefonogrammaning haqiqiyligini tasdiqladi.

«Bu Telefonogramma noto‘g‘ri ish bo‘lgan. 15 minutdan keyin uni bekor qildik. Tashkilotlarga¸ kim xohlasa¸ «vatan va xalq farovonligiga hissa qo‘shish uchun» o‘z ixtiyori bilan hasharga chiqishi mumkinligini aytdik. Bu yerda hech kimni majburlash bo‘lmagan¸ bo‘lgan bo‘lsa¸ bu anglashilmovchilik bo‘lgan. Buning uchun uzr so‘raymiz»¸ dedi hokimlik mulozimi Ozodlik bilan 12 iyun kungi suhbatda.

Ayni paytda Ozodlik suhbatdoshi¸ buyruq-telefonogrammaning darhol bekor etilganini tasdiqlovchi biror hujjat taqdim etish so‘roviga¸ «bu ishning og‘zaki bo‘lgani»ni aytish bilan cheklandi.

Samarqand viloyati hokimligi rasmiysi¸ «hashar» deb atalayotgan majburiy mehnatning ikki oydan beri tinimsiz davom etayotgani haqidagi shikoyatni rad qilishga urindi¸ ammo tafsilotlarni eshitgach¸ «uzr» so‘rab¸ suhbatni to‘xtatdi.

Hokimlik mulozimining hasharning bir martalik bo‘lgani va unda majburiylik yo‘qligi haqidagi iddaosiga munosabat bildirgan «hasharchilar»:

«Samarqanddan Paxtachigacha 150 km . Kim dam olish kunlari bola-chaqasini ko‘rmay¸ shu issiqda shuncha masofaga o‘z yonidan borishni xohlaydi. Kurakda turmaydigan yolg‘on»¸ deya javob berdi.

«Obod qishloq»ni kim qurishi keragu¸ kimga qurdirilayapti?

Prezident Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 20 fevral kungi “Obod qishloq” dasturini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida​” deb nomlangan qaroriga muvofiq¸ joriy yili “159 tumanda 1,6 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan 478 ta qishloqda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi lozim.

Bu buzish va qurilishlarga davlat hisobidan 4¸8 trillion so‘m (qariyb 565 million dollar – tahr.) ajratilgan va dastur ijrosini nazorat qiluvchi maxsus komissiyaga Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rais etib tayinlangan.

Prezident qarorining biror satrida¸ “Obod qishloq” dasturi doirasida belgilangan ishlarning hashar yo‘li bilan amalga oshirilishi aytilmagan.

Keyingi oylarda Ozodlikka mamlakatning aksar viloyatlarida “Obod qishloq” dasturi doirasida qilinayotgan buzilish va qurilishlarga davlat idoralari xodimlari¸ xususan¸ ta’lim¸ tibbiyot sohasi xizmatchilarining tekinga¸ majburlab jalb etilayotganiga oid kelayotgan shikoyatlar ko‘payib bormoqda.

Hozircha O‘zbekiston hukumati rasmiylaridan birortasi¸ majburiy mehnatni yangi bosqichga olib chiqqani aytilayotgan bu shikoyatlarga munosabat bildirmadi.

Xususan¸ “Obod qishloq”qa ajratilgan yuzlab million dollarning qaerga¸ qanday sarflanayotgani¸ nega bu dastur ijrosi tekin ishchiga aylantirilayotgan ta’lim va tibbiyot¸ bank va moliya sohasi mutaxassislari zimmasiga yuklanayotgani haqida biror izoh berilmayotir.

12 iyun kuni Ozodlikning bu kabi shikoyatlarga Bandlik vazirligi mulozimlaridan izoh olish urinishi samarasiz qoldi – vazirlik Matbuot xizmati¸ majburiy mehnat muammosi bilan shug‘ullanuvchi Mehnat inspeksiyasi boshqarmasi telefonlariga kun davomida hech kim javob bermadi.

XS
SM
MD
LG