Линклар

Шошилинч хабар
17 июн 2019, Тошкент вақти: 22:38

Buxorolik tadbirkor viloyat hokimligini unga tegishli fabrika binosini tortib olganlikda aybladi (VIDEO)


Buxorolik tadbirkor Rahim Xodjaev viloyat hokimligini u xususiylashtirib olgan "Buxoro trikotaj fabrikasi" binosini tortib olganlikda aybladi.

Tadbirkorning 11 iyun kuni Ozodlikka arz qilishicha, Buxoro viloyat hokimligi uning qonuniy yo‘llar bilan xususiylashtirib olgan fabrika binosini boshqa tadbirkorlarga xatlab bergan.

Rahim Xodjaevning iddao qilishicha, viloyat hokimligi Oliy Sudning Buxoro shahri, Jo‘ybor ko‘chasida joylashgan trikotaj fabrikasi binosiga egalik bo‘yicha uning foydasiga chiqargan ajrimini ham tan olmayotir.

Xususiylashirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi xodimiga ko‘ra, Rahim Xodjaev mulkka egalik qilishda me’yoriy talablar va majburiyatlarni bajarmagan.

Binoning yangi egalari esa, Ozodlik bilan suhbatda fabrika binosining butkul yaroqsiz holga kelganini bildirdi.

1990 yilda ishga tushirilgan "Buxoro trikotaj fabrikasi" oradan to‘rt yil o‘tib kasodga uchragan va fabrikaning 2000 ga yaqin ishchisi ishsiz qolgan edi.

Mulk egasining o‘zgarishi

58 yashar Rahim Xodjaevning aytishicha, u 1994 yilda bankrot holiga kelgan fabrikani 2014 yilga qadar 1 million AQSh dollariga yaqin mablag‘ sarflab, "korxona ishlab chiqarish faoliyatini qaytadan tiklash uchun investitsiya kirish sharti bilan" to‘laligicha xususiylashtirib olgan.

- Dastlab davlatning 32 ,2 foiz ulushi va so‘ngra qolganlarini to‘liq xususiylashtirib oldik. Va bizga davlat order berdi. Shu davlat ulushi bilan taxminan 1 million dollarga yaqin sarfladim, - deydi tadbirkor.

O‘z so‘zining isboti o‘laroq Rahim Xodjaev Ozodlikka xususiylashtirish hujjatlari, bitimlar va kadastr hujjatlarini yo‘lladi.

Xodjaevning fabrika binosiga egalik huquqini beruvchi shartnoma
Xodjaevning fabrika binosiga egalik huquqini beruvchi shartnoma

Biroq Rahim Xodjaev "Buxoro trikotaj fabrikasi" viloyat hokimi qarori bilan 2018 yilda "Shofirkon Ekotextil" shirkati egalari, tadbirkor aka-ukalar Nodir va A’zam Murodovlarga berib yuborilganini aytdi.

"Shofirkon Ekotextil" shirkati asosiy hissadori A’zam Murodov "Buxoro trikotaj fabrikasi" binosi qarovsiz qolganini bildirdi.

Unga ko‘ra, viloyat hokimligi "sarmoya kiritish sharti bilan" fabrikani ularga xatlab bergan.

- Bu joy 15 yildan beri tashlandiq holatda turibdi. O‘sha yerda ish boshladik. Shu yerni ming kishiga mo‘ljallangan fabrika qilamiz, 8 million dollar sarmoya kiritamiz, - dedi A’zam Murodov.

Kassatsiya shikoyati

Бухоролик тадбиркор хусусий мулки тортиб олинаётганидан шикоят қилади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:35 0:00
Бевосита линк

Rahim Xodjaevning da’vo qilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2018 yil, 19 iyundagi hal qiluvchi qarori hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2018 yil, 11 dekabrdagi ajrimi bilan unga tegishli fabrika binosi tortib olingan.

Tadbirkor ushbu ajrimlar ustidan O‘zbekiston Oliy Sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha Sudlov Hay’atiga shikoyat arizasi kiritadi.

2019 yilning 11 martida Sudlov Hay’ati nazorat tartibida dastlabki ikki sud instansiyasi ajrimini bekor qiladi.

Sudlov Hay’atiga ko‘ra, dastlabki ikki sud ajrimlari mulkdorning "huquq va manfaatiga putur yetkazgan".

Oliy Sud 11 martda chiqargan ajrim
Oliy Sud 11 martda chiqargan ajrim

"Mulkdordan mulk qiymatini to‘lamasdan turib, mulkini olib qo‘yish qonun talablariga zid ekanligiga e’tibor bermagan", deyiladi Oliy Sud ajrimida.

Biroq, tadbirkor Rahim Xodjaev viloyat hokimligini Oliy sud ajrimini e’tiborga olmayotganlikda aybladi.

Ayni masala yuzasidan Ozodlik Buxoro viloyati hokimligidan izoh ololmadi.

Biroq, Xususiylashirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, Rahim Xodjaev mulkka egalik qilishda me’yoriy talablar va majburiyatlarni bajarmagan.

"Buxoro viloyatida 3209 ta hozirgacha ob’ekt xatlovdan o‘tkazilgan. Bo‘sh turgan avval xususiylashtirilgan ob’ekt negizida investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifini bildirmagan 1226 ta mulkdorning ro‘yxati soliq organlariga taqdim etilib, ularga nisbatan soliqlarni oshirilgan stavkalar bo‘yicha hisoblash choralari ko‘rildi. Rahim Xodjaev berilgan imkoniyatdan unumli foydalanish o‘rniga bir necha yillardan buyon o‘ziga tegishli binodan foydalanmasdan kelgan," dedi mulozim.

Qonun nima deydi?

O‘zbekiston Senati 2012 yil 30 avgustda xususiy mulkka oid Qonunni ma’qullagan.

"Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunning 24-moddasiga ko‘ra, "davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir".

"Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi" deyilgan Qonunda.

XS
SM
MD
LG