Линклар

Шошилинч хабар
19 август 2019, Тошкент вақти: 19:35

Sankt-Peterburgda xalqaro iqtisodiy forum boshlandi


Vladimir Putin 2018 yilda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda chiqish qilgandi

Sankt-Peterburgda Rossiyaning global sarmoyachilar ishtirokida o‘tkaziladigan eng yirik va eng mashhur yig‘ini bo‘lmish Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi boshlandi.

Ammo bu yilgi forum Rossiyaga qarshi G‘arb davlatlari sanksiyalari hamon kuchda qolayotgan, Kreml Xitoy bilan munosabatlarini yaxshilash urinayotgan hamda Rossiyaning xorij sarmoyachilarini himoya qila olishi yuzasidan xavotirlar kuchayib borayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

AQSh rasmiylari va taniqli tadbirkorlari bu yilgi forumda ishtirok etishdan bosh tortdi.

Ammo Xitoy rasmiylari prezident Si Szinpin yetakchiligida Sankt-Peterburgga yetib bordi.

Xitoy Rossiya shirkatlari bilan yirik shartnomalarni imzolashni rejalashtirmoqda.

Si Szinpin forum davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkaziladigan yig‘inda ishtirok etadi.

Rossiya biznes olami Kreml 2014 yildan Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib olganidan beri qator qiyinchiliklarga duchor bo‘lib keladi.

Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari hamda AQSh prezident saylovlariga aralashuvi haqidagi iddaolar ortidan AQSh, Yaponiya hamda Yevropa davlatlari mamlakatga qarshi qator sanksiyalarni joriy qilgan.

Natijada, Rossiya Vashington bilan o‘z kelishmovchiliklariga ega Xitoy bilan yaqin aloqalar o‘rnatishga urinmoqda.

AQShning Qozog‘istondagi sobiq elchisi Uilyam Kortni ikki avtoritar yetakchi bir sahnada chiqayotgani Vashington g‘ashiga tegayotgan bo‘lsa-da, ikki davlat o‘rtasidagi sarmoya va savdo ko‘lami aslida “kamtar” ekanligini ta’kidladi.

Rossiyaga sarmoya yotqizish bilan bog‘liq xavotirlarga sabab bo‘layotgan yana bir holat - sarmoya jamg‘armalari menejeri, amerikalik Maykl Kalvining joriy yil fevralida qo‘lga olingani.

Baring Vostok sarmoya shirkati asoschisi Kalvi Rossiyadagi eng taniqli xorijlik sarmoyachilarning biri bo‘lib, fevral oyida u bilan birga bir nechta sherigi qo‘lga olindi.

Rossiya rasmiylari ularni moliyaviy jinoyatlarda ayblamoqda.

Hozir Kalvi uy qamog‘ida ushlab turilibdi.

AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xanstman hamda boshqa AQSh rasmiylari forumni qisman Kalvi qo‘lga olingani uchun boykot qilmoqda.

Taniqli AQSh shirkatlarining yuqori lavozimli xodimlari ham forumda qatnashmayapti.

Kalvi ishi amerikalik tadbirkorlarni xavotirga solib qo‘ydi.

Qolaversa, uning qo‘lga olingani Rossiyada rasmiylar bilan yaqindan aloqada bo‘lgan shaxslar tijoriy kelishmovchiliklarni hal qilish uchun huquq-tartibot organlaridan foydalanishi yoki istasa boshqalar mulkini tortib olishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni urchitdi.

Forum arafasida sarmoyachilarni tinchlantirish maqsadida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov forumda Kalvi qatnasha olmasligi achinarli holat ekanligini, Kreml aslida amerikalik tadbirkor forumda ishtirok etishini istashini ta’kidladi.

1997 yilda asos solingan forumni 2006 yildan beri Rossiya prezidenti ma’muriyati uyushtirib keladi.

Bugunga kelib forum Rossiyaning eng muhim sarmoya jalb qilish tadbiriga aylangan. O‘tgan yili forumda 17 ming odam qatnashdi.

Rossiya iqtisodi o‘sishi surati sekin bo‘lishi kutilayotgani uchun Xitoy bilan yaxshi aloqalar arzon sarmoyaga yo‘l ochishi ehtimoldan holidiir.

Mutaxassislar Rossiya qo‘lida muzokaralarda bo‘sh kelmayotgan Xitoyga solishtirganda ozroq qartasi borligini aytmoqda.

4 iyun kuni Jahon banki 2019 yilda Rossiya iqtisodi atigi 1,2 foizga o‘sishini taxmin qildi.

Bu esa Rossiyada so‘nggi uch yil ichida kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Rossiya iqtisodi keyingi besh yil davomida oqsoqlab kelayotgani hamda nafaqa yoshi ko‘tarilgani uchun aholi orasida hukumatdan norozilik ruhi oshib bormoqda.

Yil boshida shifokorlar oz maoshlarga qarshi norozilik namoyishlariga chiqdi.

XS
SM
MD
LG