Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:11

Prezidentga 1500 ish o‘rni yaratiladi deb topshirilgan G‘ozg‘ondagi korxonada 26 odam ishlayapti


"Marmarobod" DUK prezident kelishiga hozirlik arafasida.
"Marmarobod" DUK prezident kelishiga hozirlik arafasida.

Prezidentga "bir yarim mingga yaqin ish o‘rni" yaratadigan loyiha sifatida taqdim etilgan davlat korxonasi ishchilari soni bugun 20 nafarga ham yetmaydi.

Navoiy viloyat, Nurota tuman, G‘ozg‘on shaharchasidagi "Marmarobod" davlat unitar korxonasi ayrim sobiq va joriy ishchilari Ozodlikka shunday xabar yubordi.

Joriy yil 12 mart kuni prezident Mirziyoev "Marmarobod" korxonasiga borib¸ tog‘ jinslaridan “jahondagi muqobillaridan qolishmaydigan pardozbop mahsulot ishlab chiqarish jarayoni” bilan tanishgan edi.

2019 yilning 12 mart kuni Shavkat Mirziyoev "Marmarobod" korxonasidagi ish jarayoni bilan tanishgan edi.
2019 yilning 12 mart kuni Shavkat Mirziyoev "Marmarobod" korxonasidagi ish jarayoni bilan tanishgan edi.

Korxonadagi vaziyatdan bevosita xabardor g‘ozg‘onliklarga ko‘ra¸ prezident kelishi arafasida olib kelingan texnika va jihozlar prezident ketishi bilan g‘oyib bo‘lgan va hozirda bu korxona texnika yo‘qligi bois ishchilari sonini qisqartirishga majbur bo‘lgan.

Korxona bosh muhandisi Ozodlik bilan suhbatda bu ma’lumotni rad etdi.

Prezident ko‘rsinga qurilgan korxona?

Nurota tumanining G‘ozg‘on shaharchasida joylashgan “Marmarobod” davlat unitar korxonasi Shavkat Mirziyoevning 2017 yilning 28 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi paytida bergan topshirig‘iga muvofiq paydo bo‘lgan.

Korxona ta’sischilari¸ rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ Navoiy viloyat hokimligi va “O‘zqurilishmateriallar” uyushmasidir.

2018 yil boshida beton poydevori quyilgan bu korxonani bitirish ishlari¸ g‘ozg‘onliklarning aytishicha¸ “prezident kelib ko‘rarkan”¸ degan xabar chiqishi ortidan¸ o‘sha yil oxiriga borib tezlashib ketgan va asosiy ish bir-ikki oy ichida tugatilgan.

“12 yanvar kuni Navoiy viloyati Nurota tumanidagi G‘ozg‘on qishlog‘ida “Marmarobod” davlat unitar korxonasi foydalanishga topshirildi. U granit bloklari, plitalari va granitdan turli buyumlar (yo‘l va trotuar bordyurlari, yirik hajmdagi plitalar (slyablar), bruschatkalar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan”¸ deb yozdi 2019 yil boshida o‘zbek rasmiy nashrlari.

"Marmarobod" korxonasiga aloqador g‘ozg‘onliklardan Ozodlikka yuborilgan xabarlardan biri.
"Marmarobod" korxonasiga aloqador g‘ozg‘onliklardan Ozodlikka yuborilgan xabarlardan biri.

Ozodlikka bog‘langan g‘ozg‘onliklar korxonaning ishga tushirilishi¸ aniqrog‘i¸ uning prezidentga taqdim etilishida “yo‘q narsalar bor qilib ko‘rsatilgani”ni iddao qildi.

Prezident kelishiga (2019 yil, 12 mart – tahr.) yangi texnikalar olib kelindi¸ ish boshlandi¸ prezident ketishi bilan korxona bankrotga uchradi. Ishchilarga oylik vaqtida berilmaganidan keyin ular o‘tgan oy bir kun ishga chiqmadi - ish tashlashdi. Amallab pul topib berishdi. Lekin ancha odam ishdan ketdi¸ oylik juda kam¸ shuniyam vaqtida bermayapti”¸ dedi ismi ochiqlanishini istamagan korxona ishchilaridan biri.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra¸ «Marmarobod» davlat unitar korxonasi uchun 6 gektar yer ajratilgan va uning ishga tushirilishi uchun 10 milliard so‘m (taqriban 1 million 200 ming AQSh dollari) mablag‘ sarflangan.

2019 yilning 12 mart kuni Shavkat Mirziyoev "Marmarobod" korxonasidagi ish jarayoni bilan tanishgan edi.
2019 yilning 12 mart kuni Shavkat Mirziyoev "Marmarobod" korxonasidagi ish jarayoni bilan tanishgan edi.

“Xorijdan 655,5 ming dollarlik texnologiya olib kelinib, yiliga 24 ming kvadrat metr granitni qayta ishlash imkoniyati yaratildi. Qirq kishi ish bilan ta’minlandi”¸ deb yozdi bu korxona haqida prezident matbuot xizmati.

Korxona ishchilarining iddao qilishicha¸ prezidentga xorijdan keltirilgan “ilg‘or texnologiya” sifatida ko‘rsatilgan texnika vositalari¸ asli uning 12 mart kungi tashrifidan oldin noma’lum joydan keltirilgan va prezident ketishi bilan ularning aksariyati yana g‘oyib bo‘lgan.

Qaerdan kelganini biz bilmaymiz. Bu jarayon tepasida Navoiy viloyat hokimining o‘zi¸ Toshkentdan kelganlar turdi. Aytishlaricha¸ viloyatda prezidentga ko‘rsatiladigan gastrolyor texnika vositalari¸ hatto gastrolyor ishchilar bor ekan. Shularni prezident kelishiga chiroyli qilib tayyorlab qo‘yib¸ keyin boshqa joylarga yuborishar ekan. “Marmarobod”da ham shunday bo‘ldi - prezidentga ko‘rsatilgan texnika ertasigayoq olib chiqib ketildi”¸ dedi DUKdagi vaziyatdan xabardor Ozodlik suhbatdoshi.

Zavodning Ozodlik gaplashgan sobiq va joriy ishchilari¸ ishni uchta smenada tashkil qilib¸ kamida 60-70 odamni ish bilan ta’minlashi mumkin bu korxonada ayni kunda bitta smenani ham mashg‘ul qiladigan texnika yo‘qligini bildirdi.

“Zavodda 4-5 ta sex bor. Lekin konda ishlaydigan texnika yo‘qligidan¸ bularning ishi ham o‘lda-jo‘lda. Texnikadan bitta Xitoyning mini traktori bor¸ xolos. Kondan keladigan katta toshlarni tushirib¸ sexga olib kiradigan texnika umuman yo‘q. Konda ham kompressor¸ kran yetishmayapti. Konda qolgan bo‘lsa¸ 2-3 odam bor¸ xolos. Hozir zavodda 17 tacha odam qolgan. Ularga ham tuzuk-quruq ish yo‘q”¸ dedi shaxsi ochiqlanishini istamagan g‘ozg‘onlik ishchilardan biri.

Soliq to‘lovchi puliga qurilgan «Marmarobod» korxonasi bosh muhandisi Ozodlik bilan suhbatda bunday iddaolarni rad qildi.

Zavodning o‘zida 26 ta odam¸ kar’erda 8 kishi ishlayapti. Hammasi ishlayapti. Vedomostlar turipti¸ po prikazu qancha odam ishga olinganini sizga ko‘rsatishim mumkin. Texnika ham joyida turipti”¸ dedi korxona mutasaddisi.

Ayni paytda bu mulozim¸ Ozodlikning bevosita korxona ish jarayonining bugungi vaziyatini jonli tarzda videosuhbatda ko‘rish taklifini e’tiborsiz qoldirdi va suhbatni uzib qo‘ydi.

Mirziyoevning "Marmarobod" korxonasiga tashrifi haqida yozgan prezident matbuot xizmati¸ yil boshidayoq 40 odamning ish bilan ta’minlangani¸ korxonada tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlashni klaster usulida yo‘lga qo‘yishdan iborat ikkinchi bosqichda esa¸"1500 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi mumkin"ligini yozgan edi.

Chala ob’ektlar taqdimotidan prezidentning xabari bor

Mirziyoevning viloyatlarga tashrifi chog‘ida unga chet ellik yoki mahalliy investor puliga qurilgani aytiladigan korxonalarni ko‘rsatish an’anaga aylangan.

Bu korxonalarning prezident kelib-ketishi bilan ishdan to‘xtashi¸ tashrifdan keyin ulardagi manzaraning telekameralarga olinganidan boshqacharoq bo‘lishi haqida Ozodlik oldin ham xabar bergan.

Xususan¸ Ozodlik o‘tgan yil 30 mart kuni Shavkat Mirziyoevning Jizzax safari davomida unga ishga tushirilgani haqida hisob berilgan "Zarbdor tekstil” shirkatining ishga tushmagan ob’ekt bo‘lganini yozgan edi.

Ozodlik manbalari “prezident uchun uyushtirilgan bu shou”da Zarbdordagi Qishloq xo‘jalik va Iqtisodiyot kolleji qizlari ish bilan ta’minlangan yoshlar rolini o‘ynab bergani, prezidentga bu qizlar yangi ishga kirgan tikuvchilar sifatida tanishtirilgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

O‘shanda prezident matbuot xizmati rahbari lavozimida bo‘lgan Komil Allamjonov bu xabarga munosabat bildirib¸ “Bundan bizning xabarimiz bor”¸ deya bunday shoularni oqlashga uringan edi.

“Ko‘proq e’tiborni prezident shu yo‘ldan o‘tganlaridan keyin borgan manzillari va u yerda barpo etilgan turli ob’ektlar, binolar, uylar va korxonalarni yo‘qdan bor bo‘lganiga qaratsak, menimcha, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi,”¸ deya tavsiya bergan edi jurnalistlarga o‘shandagi prezident so‘zchisi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG