Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:09

OzodDayjest: “O‘zbekistonda OAV hukumat ko‘rsatmasi asosida ishlashni bas qilsin”


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Toshkent viloyatida “Obod qishloq” dasturi mablag‘lari talon-taroj qilingani aniqlandi. O‘zbekistondagi nashrlar ko‘rsatma asosida ishlashni bas qilishi lozimligi urg‘ulandi. Surunkali yomg‘irlar xususida ikki o‘zbek mansabdori ikki xil fikr aytdi.

_____________________________________________________________

Prokuratura “Obod qishloq” dasturi mablag‘lari talon-taroj qilinganini aniqladi

Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha ajratilgan mablag‘lar mas’ullar tomonidan talon-taroj etilgani aniqlandi (“Huquq”, 2 may). Xususan, Kushek qishlog‘ini obodonlashtirishda ko‘zbo‘yamachilik va soxtakorlikka yo‘l qo‘yilgan. Quyichirchiq tumani obodonlashtirish boshqarmasi qishloqni obod qilish bo‘yicha “Agrotexsanoatxolding qurilish” MChJ bilan shartnoma imzolagan. Ko‘zda tutilgan ishlar to‘liq qilinmagan bo‘lsa-da, tuman obodonlashtirish boshqarmasi rahbari soxta dalolatnoma asosida bajarilmagan ishlarni “bajarildi” deb tasdiqlagan. Shu tariqa birgina qishloq miqyosida 123 million so‘m o‘zlashtirilgan. Ikki mansabdorga tegishli jazo berilgani xabar qilingan.

Matbuot hukumat ko‘rsatmasi asosida ishlashni bas qilishi lozimligi ta’kidlandi

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ko‘rsatma asosida ishlashni bas qilishi lozim (“XXI asr”, 2 may). Liberal-demokratik partiya nashriga ko‘ra, OAV hukumatning og‘ziga qarashni to‘xtatib, tishlagan mumini tuflab tashlashi lozim. Qayd etilishicha, chorak asr davomida matbuot “Biz hech kimdan kam emasmiz!” deya maqtov maqolalar berdi, ammo so‘nggi ikki yilda mamlakat hammadan kam ekani ma’lum bo‘ldi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, umuman, jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi muammolarga esa erkin fikrning quvib chiqarilgani asosiy sabab bo‘ldi. “Erkin matbuot, erkin fikr yashaydigan joyda davlat amaldorlari u yoq-bu yog‘iga qarab ishlaydi. Hukumatning ko‘ziga matbuot ko‘zgu tutib turishi kerak. U ko‘zguga qarasin, o‘zini tuzatsin! Bir hafta ko‘zguga qaramagan odamning basharasini ko‘rganmisiz? Yigirma besh yil qaramagan odamnikini-chi? Biz ko‘zguga qaramadik, uni sindirib tashladik”, deb yozadi gazeta.

Ikki mansabdor O‘zbekistondagi surunkali yomg‘irlar haqida ikki xil fikr aytdi

O‘zbekistondagi ikki mansabdor surunkali yomg‘irlar haqida ikki xil munosabat bildirdi. Bu haqda Xalqaro press klub yig‘iniga tayanib bir qator matbuot nashrlari xabar berdi. Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Teshaevga ko‘ra, joriy yil mart va aprel oylaridagi yog‘ingarchilik tufayli mamlakatda tuproq namligi miqdori keskin oshib ketgan. Oqibatda yer maydonlarida qatqaloq yuzaga kelgan. Buxoro, Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlarida esa chigit qadash kechikkan.

Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ravshan Mamutovga ko‘ra esa, yog‘ingarchilik davrida mamlakatdagi suv omborlarida 2 milliard kub suv g‘amlab olingan. Bu esa o‘tgan yilga qaraganda ikki baravar yuqori ko‘rsatkich. Birgina Chorvoq suv omborida suv miqdori 1 milliard kubdan oshgan.

Darvoqe, Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham mamlakat bo‘ylab xonadon, tomorqa va ekin maydonlarini suv bosgani, daraxt va ko‘priklar qulagani, avtomobil va temiryo‘l cho‘kkani haqida xabar bergan.

XS
SM
MD
LG