Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:20

Ostona Nursulton deb ataladigan bo‘ldi


Nursultonga aylangan Ostona shahri
Nursultonga aylangan Ostona shahri

Qozog‘iston parlamenti mamlakat poytaxti nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Parlament palatalarining qo‘shma majlisida poytaxt nomini o‘zgartirishni yoqlab Majlisning (quyi palata) 103 va Senatning (yuqori palata) 43 deputati ovoz berdi. Bu haqda xabar qilgan Majlis raisi Nurlan Nig‘matullin qabul qilingan qarorni “tarixiy”, deb baholadi.

Ostona shahri nomini Nursultonga o‘zgartirishni Qozog‘istonning yangi prezidenti Qosimjo‘mart To‘qaev taklif qildi.

Qozog‘iston Senatining raisi Qosimjo‘mart To‘qaev 20 mart kuni vaqtincha prezident sifatida qasamyodga keltirildi. Konstitutsiyaga muvofiq¸ Senat raisi amaldagi prezident o‘z vazifasini bajarolmay qolganida yoki iste’fo berganida navbatdagi saylovga qadar prezident vakolatini bajarib turadi.

To‘qaevni qasamyodga keltirish marosimi qozoq parlamenti palatalarining qo‘shma yig‘ilishida, mahalliy vaqt bilan soat 12da o‘tkazildi.

Qozog‘istonni 30 yil mobaynida boshqargan 79 yashar Nazarboev 19 mart kuni xalqqa qilgan jonli telemurojaatida iste’foga chiqqanini bildirgan edi.

Nazarboev o‘z iste’fosi haqida bayonot berar ekan To‘qaevni: “Qozog‘istonni boshqarish uchun biz ishonch bildiradigan odam”, deb atagan edi.

Yangi prezident ishni Nazarboev nomini abadiylashtirishdan boshladi

Qosimjo‘mart To‘qaev prezident sifatida qasamyodga keltirilganidan so‘ng so‘zlagan nutqini Nursulton Nazarboevni alqashga bag‘ishladi.

Yangi prezident Nazarboevni Qozog‘istonning “abadiy elboshisi, millat otasi” qatorida sifatladi hamda uning nomini abadiylashtirish yo‘nalishida qilinadigan ishlarni sanab o‘tdi.

-Poytaxtimiz prezidentimiz nomi bilan Nursulton deb atalishi lozim. Mamlakatimiz poytaxtida Qozog‘istonning birinchi prezidenti sharafiga monument o‘rnatiladi. Barcha shahar va viloyat markazlarining asosiy ko‘chalariga Nursulton Abishevich Nazarboev nomi beriladi. Men elboshimiz mamlakatimizning eng oliy mukofoti -Xalq qahramoni unvoniga munosib deb hisoblayman. Uning suratlari davlat va boshqa barcha muassasalarda davlat ramzi sifatida saqlanib qolinadi. Parlament qabul qilgan qonunga asosan Nursulton Abishevich Nazarboev umrbod va yagona elboshi-millat otasi bo‘lib qoladi, -dedi Qosimjo‘mart To‘qaev va nutqi so‘nggida Nazarboevga Xalq qahramoni unvonini gulduros qarsaklar ostida topshirdi.

Nazarboev bundan tashqari «Nur Otan» partiyasi liderligini, Xavfsizlik kengashi raisi hamda faxriy Senator lavozimini o‘zida saqlab qoldi.

XS
SM
MD
LG