Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:02

"Shifokorlarni himoya qiladigan yangi qonun nega qabul qilinmayotganini tushunmayapmiz"


Pichoq suyakka taqaldi. Shifokorlarni himoya qiladigan yangi qonun nimaga qabul qilinmay to‘xtab qoldi?

Nimaga Vazirlar Mahkamasi reglamentiga asosan ushbu qonun loyihasi 7 kun ichida ko‘rib chiqilmayapti?

Qonunchilikda muammo yo‘q bo‘lsa nimaga tibbiyot xodimlari huquqlarining poymol bo‘lishi holatlari ko‘payib bormoqda?

Ismi e’lon qilinmasligini so‘ragan andijonlik vrachdan Ozodlikka kelgan maktub shu savollar bilan boshlanadi. Xatning davomini o‘qing:

Nimaga deputatlar jim?

Nimaga kasaba uyushmasi jim?

Nimaga xotin-qizlar ko‘mitasi jim?

Nimaga faqat Sog‘liqni saqlash vaziri shug‘ullanishi kerak bu ish bilan?

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri bosh prokurorga murojaat qildi. Bugun bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan xalqqa tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘z vazifasini o‘tayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi, ularga tan jarohatlari yetkazilishi eng og‘riqli masalalardan biriga aylanib bormoqda, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

«Kun.uz» saytida e’lon qilingan «Qo‘shrabotda «Tez yordam» shifokori va haydovchisini mast «bemor» va uning yaqini kaltakladi» maqolasi bu illatning jamiyatimizda qanchalik ildiz otib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.

Bunday noxush holatlarni bartaraf etish uchun barcha kuch-imkoniyatlarimizdan foydalanishimiz va tibbiyot xodimiga nisbatan bu kabi munosabatni butunlay o‘zgartirishimiz zarur.

Shu sababdan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov nomiga xat yuborilib, unda joriy yilning 7 mart kuni sodir etilgan ushbu noxush holat bo‘yicha tegishli idoralar tomonidan ayni paytga qadar qonuniy to‘xtamga kelinmaganligi ko‘rsatilib, vaziyat nazoratga olinishida amaliy yordam so‘raldi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

Sog‘liqni saqlash vazirligidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2017—2018 yillar davomida 300 ga yaqin holatda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga noqonuniy tajovuz qilinishi bilan bog‘liq qonunbuzarliklar sodir etilgan.

Birgina misol, o‘tgan yili Oltiariq tumanida fuqaro M.M. tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun o‘z vaqtida (10 daqiqada) yetib kelgan shifokor Sh.S.ga o‘rtacha og‘ir darajadagi tan jarohati yetkazgan. Vaholanki, ayni holatda shifokor yetib borgan paytda bemor allaqachon vafot etgan bo‘lgan. Lekin mazkur holatda shifokorning sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmas zarar yetkazgan qonunbuzar amalda hech qanday jazo o‘tamasdan qolib ketdi, ya’ni sud tomonidan u shartli hukm qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamiyatda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi holatlarning ko‘payib ketayotganini hisobga olib, ushbu illatni oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat’iy javobgarlikni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi.

Shu sababdan joriy yilning 29 yanvarida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishi kabi qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi tayyorlanib, jamoatchilik muhokamasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Shuningdek, joriy yil 5 fevraldagi 19-01/19-sonli xat bilan tegishli vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborildi.

«Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibiga muvofiq, manfaatdor organlar Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan 7 kunlik muddatda mazkur qonun loyihasini ko‘rib chiqishi va uzil-kesil kelishishi (imzolashi) shart edi.

Lekin ayrim huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ushbu masalada qonunchilikda muammo yo‘qligini aytib, bugungi kunga qadar loyihaga viza qo‘yib berish tartibini asossiz ravishda buzib kelmoqda. Shuning uchun 2019 yil 14 mart kuni ushbu idoralarga 19-01/39-sonli qayta xat yuborilib, unda Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga amal qilgan holda loyihani uzil-kesil kelishishi (imzolash) masalasini hal etish so‘raldi», — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadiev.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, ularni har qanday noqonuniy xatti-harakatlardan asrash bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida bundan buyon ham tegishli choralarni qat’iy ko‘rib boradi.

Jumladan, yuqorida qayd etilgan, Qo‘shrabotda «tez yordam» shifokori va haydovchisini mast «bemor» va uning yaqini kaltakladi» maqolasidagi holat ham vazirlik diqqat markazida bo‘lib, huquq-tartibot organlaridan ushbu vaziyat yuzasidan tegishli choralar ko‘rishini so‘rab qolamiz», — deyiladi xabarda.

Yoki qonun qabul qilinsin yoki yo‘q degan javob berilsin!

XS
SM
MD
LG