Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:18

OzodDayjest: Mutaxassis Farg‘onada dinozavr qoldig‘i topilgani haqidagi xabarni haqiqatdan yiroq deb atadi


Tibbiyot xodimlariga qo‘l ko‘targan mushtumzo‘rlarga qattiqroq jazo berish taklif etilmoqda. Prokuratura Toshkent shahrida yangi mahalla markazlarini bunyod etish jarayonida aholi roziligini olmasdan binolarni buzish va qurilish qilish holatlarini aniqladi. Dinozavr suyagi topilgani haqidagi navbatdagi shov-shuvli xabar asossiz bo‘lib chiqdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlarni kaltaklash holati avj olayotganidan xavotir bildirdi

O‘zbekistonda shifokorlarni asossiz ayblash va ularni kaltaklash holatlari ko‘payib bormoqda (“Inson va qonun”, 19 fevral). Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadievga ko‘ra, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga nisbatan tajovuz uchun yengil jazo belgilangan. Oqibatda, shifokorlarga og‘ir jarohat yetkazganlar ham jazo o‘tamasdan osongina qutulib qolmoqda. Shu bois, g‘ayriqonuniy tajovuzga uchragan shifokorlarning beshtadan bittasigina huquq idoralariga murojaat qilmoqda. Qayd etilishicha, 2018 yilda birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining 30 ga yaqin xodimi kaltaklangan. Ayni vaqtda SSV xizmat vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimiga nisbatan tajovuzlarni Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan malakalash va ushbu holatni og‘irlashtiruvchi holat deb baholashni taklif etmoqda. Ammo Adliya vazirligi bu borada qonunchilikda belgilangan jazoni etarli deb hisoblaydi. Vazirlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Furqat Tojievga ko‘ra, SSV taklif etayotgan loyiha qabul qilinsa, nazariy jihatdan shifokorga bir shapaloq urgan shaxs 5 yilga qamalishi mumkin. Adliya vazirligi vakili ushbu masalani atroflicha tahlil qilishga undagan.

Mutaxassis Farg‘onada dinozavr qoldig‘i topilgani haqidagi xabarni haqiqatdan yiroq deb atadi

Farg‘ona viloyati Rishton tumanidan dinozavr qoldiqlari topilgani haqidagi xabar haqiqatdan yiroq (“Darakchi”, 21 fevral). Avvalroq “Xalq so‘zi” gazetasi saytida (xs.uz) Yangiyo‘l qishlog‘idagi xonadonlardan birining poli ostidan dinozavr suyaklari qoldig‘i topilgani haqida xabar chop etilgan edi. O‘zbekiston davlat geologiya muzeyi direktoriga Ahmadjon Ahmedshaevga ko‘ra, suyak qoldiqlarining dinozavrga umuman aloqasi yo‘q. Qayd etilishicha, bu o‘rinda gap 130-180 million yil avval yashagan hayvonlar haqida ketmoqda va ushbu davr ichida jonivorlarning suyak qoldig‘i Rishtondagi kabi sof holda saqlanishi mumkin emas. Suyak qoldiqlari esa to‘qay mushugiga tegishli ekani taxmin qilinmoqda. Mutaxassisga ko‘ra, 2015 yilda ham Sirdaryoning Xovosidan dinozavr suyaklari qoldig‘i topilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, pirovardida ular asossiz ekani ma’lum bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG