Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:01

Gruziyaga ayol kishi rahbar bo‘ldi, ammo u yerda jinsiy tengsizlik barham topmadi


 “Na meni to‘xtata, na ovozimni o‘chira va na o‘zimni yo‘qota olasizlar!!!” dedi Eka Beseliya (arxiv surati)
 “Na meni to‘xtata, na ovozimni o‘chira va na o‘zimni yo‘qota olasizlar!!!” dedi Eka Beseliya (arxiv surati)

Gruziyada behayo videorolik bilan bog‘liq yana bir mojarodan so‘ng ayol deputat qarab turmay javob qaytarishga va’da berdi. Ushbu Kavkaz respublikasida ilk marta ayol kishi prezident etib saylanganidan buyon erkaklar shovinizmiga barham beriladigandek edi.

Hokimiyatdagi “Gruziya orzusi” partiyasi a’zosi Eka Beseliya, o‘z ta’biri bilan aytganda, “ma’naviy terror” kampaniyasi qurboniga aylandi.

Bunga dam olish kunlari o‘zi bexabar holda shaxsiy hayotiga oid tasvirga olingan videoning tarqab ketishi sabab bo‘ldi.

Beseliya Gruziyada Oliy sud sudyalarini umrbod saylashga qarshi pozitsiyasi bilan tanilgan.

Aytishicha, tarqalgan videolar Mixail Saakashvili boshliq “Birlashgan milliy harakat” partiyasi hokimiyatda bo‘lgan kezlar tasvirga olingan.

U dekbr oyiga qadar Gruziya parlamentining Huquqiy masalalar qo‘mitasiga rahbarlik qilgan.

Meni hech qachon to‘xtata olmaysizlar, na ovozimni o‘chira va na yo‘qota olasizlar!!! – deb yozdi u 28 yanvarda Feysbukdagi sahifasida. – Ichimdagi yangi Ekani uyg‘otib yubordingiz. U mening e’tiqodim, sadoqatim va mas’uliyatimga ko‘proq ishonadi. Ayol kishini o‘zidan boshqa kim ham yaxshiroq himoya qilishi mumkin?

Ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan videolar Gruziyada odamlarning qahr-g‘azabini uyg‘otdi.

Bu yerda norasmiy videolarni sizdirishni bartaraf qilish yuzasidan berilgan va’dalarga qaramay, taniqli siyosatchilar va jurnalistlar aks etgan videolar tez-tez paydo bo‘lib turadi.

Jinsiy aloqa bilan bog‘liq josuslik amaliyoti sovet davridan qolgan va o‘sha paytlar maxfiy kadrlardan bir qator jamoat arboblariga qarshi foydalanilgan.

So‘nggi yillarda bunday taktika Rossiya bilan Ozarbayjonda qo‘llangan edi.

Gruziyani 2004-2012 yillarda boshqargan Mixail Saakashvili hukumati bunday obro‘sizlantiruvchi videolarni muxolifat a’zolariga qarshi qo‘llagan edi.

Garchi 181 soatlik bunday yozuvlar jamoatchilik ko‘z o‘ngida yo‘q qilingan bo‘lsa-da, ko‘pchilik hali yuzlab soatlik yozuvlar mavjudligidan xavotirda.

“Barcha ayollarga eslatma”

Beseliyaning shaxsiy hayotiga tegishli videoning Salome Zurabishvili prezident etib saylangandan bir necha hafta o‘tib sizdirilishi bejiz bo‘lmasa kerak.

Ayol qishining prezident etib saylanishi jins bilan bog‘liq to‘siqni bartaraf qilganday edi.

Ushbu noxush voqeadan so‘ng parlament raisi Irakliy Kobaxidze o‘zi “g‘ayriaxloqiy” deb atagan jinoyatni zudlik bilan tergov qilishga da’vat etdi.

Gruziyada hali ham jinsiy aloqa bilan bog‘liq mojarolar erkaklardan ko‘ra ayollarga ko‘proq zarar keltiradi, chunki erkaklar jinsiy munosabatlari uchun deyarli qoralanmaydi.

Gruziyada ayollar haqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadigan “Sapari ittifoqi” tashkiloti rahbari, yurist Baya Pataraya boshqa huquq himoyachilari singari videoning sizdirilishi va tahdidlarni ushbu mamlakatdagi erkaklar hukmronligiga berilgan zarbaga javob deb hisoblaydi.

Patarayaga ko‘ra, videolarning sizdirilishi ayollarga siyosatga qadam qo‘yishdan oldin “o‘ylab ko‘rish” to‘g‘risidagi eslatmadir.

XS
SM
MD
LG