Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:16

OzodDayjest: Samarqandlik ayol qizchalarini “u dunyoda birga bo‘lish uchun” o‘ldirganini iddao qildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Toshkent maktablariga qabul qilishda pora olish hali ham davom etayapti. Ikki farzandini chavaqlab tashlagan ona mudhish qilmishi sababini ma’lum qildi. 8 yil avval o‘g‘irlangan nodir koshinning daragi Yevropadan chiqdi.

_____________________________________________________________

Samarqandlik qotil ayol: “U dunyoda birga bo‘lish uchun farzandlarimni o‘ldirdim”

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi ikki farzandini o‘ldirgan Rushana Rahmonqulovaga hukm o‘qidi. Mazkur jinoiy ish haqida bir necha matbuot nashrlari xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyat Pastdarg‘om tumanida yashovchi Rushana Rahmonqulova 2016 yil iyunda xolasining o‘g‘li Abdurahmon Abduvohidov bilan oila qurgan. A. Abduvohidov 2017 yil fevralida ishlash uchun Rossiyaga ketgan. Ayol esa bir qizi bilan Pastdarg‘omda qolgan. Ko‘p o‘tmay Rushana Rahmonqulova eri Rossiyada uylanib olganidan xabar topgan. Bu orada ayol qaynakasining o‘g‘li, o‘zidan yetti yosh kichik Ma’murjon Ilashev bilan ishqiy munosabat o‘rnatgan. O‘zaro nikohsiz munosabatdan yana bir qiz farzand tug‘ilgan. Kunlarning birida qaynota kelinining xiyonatidan xabar topgan. Xufyona ishqiy munosabatlari boshqalarga ham doston bo‘lishidan qo‘rqib ketgan Rushana Rahmonqulova xushtori M. Ilashov bilan birgalikda voyaga yetmagan ikki qizini vahshiylarcha chavaqlab o‘ldirgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, katta qizga 12 marta, kichkinasiga 5 marta pichoq sanchilgan. Ayol joniga qasd qilmoqchi bo‘lib, o‘ziga ham 9 marta pichoq urgan. “Bolalarimni judayam yaxshi ko‘rganman. Ular bilan u dunyoda birga bo‘laman, deb o‘ylagandim. Bolalarim o‘lib, o‘zim tirik qolaman, deb o‘ylamagandim”, degan 30 yoshli R. Rahmonqulova sudda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudьyasi Shuhrat Sharipovning ma’lum qilishicha, R. Rahmonqulova 13 yil muddatga, M. Ilashov esa 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Toshkent maktablariga qabul qilishda pora olish hamon davom etmoqda

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 247-maktab direktori pora bilan qo‘lga olindi (“Huquq”, 31 yanvar). Shu hududda yashovchi ayol qizini boshlang‘ich rus sinfida o‘qitish istagida maktab direktoriga murojaat qilgan. Direktor ayol esa onadan 100 dollar pora talab qilgan. Shundan keyin ota-ona prokuraturaga murojaat qilgan va maktab direktori pora ustida ushlangan. Maktab direktorining ismi oshkor etilmagan, ammo ma’lum qilinishicha, u 30 yildan ziyod vaqt davomida pedagogika sohasida ishlagan.

Prokuratura nashri ta’lim tizimiga daxldor yana bir jinoyat haqida xabar bergan. Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimining yordamchisi maktabgacha ta’lim muassasasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga vatandoshdan 600 dollar pora olayotganda ushlangan. Hokim yordamchisi pushaymonlik arizasi bilan murojaat qilib, 600 dollarning yarmini tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi vakiliga bermoqchi bo‘lganini aytgan. Ariza asosida davom ettirilgan tadbirda maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimi ham pora bilan ushlangan.

8 yil avval o‘g‘irlangan nodir koshin Yevropadan olib kelindi

Buxorodagi qadimiy yodgorliklardan biri Chashmai Ayyub maqbarasining o‘g‘irlangan nodir koshini topildi (“Adolat”, 25 yanvar). Bir guruh kimsalar 2011 yilda maqbarani ta’mirlash bahonasida nodir koshinni –obida peshtoqiga bitilgan yozuv parchasini o‘g‘irlaganlar. Toshkentga keltirilgan noyob o‘lja “O‘zbekiston havo yo‘llari” kompaniyasi bort kuzatuvchisi bilan jinoiy til biriktirilgan holda, mamlakat hududidan olib chiqib ketilgan. 2017 yilda o‘g‘irlangan koshin bo‘lagi Germaniya orqali Britaniyaning “Mayfair” galereyasida sotuvga qo‘yiladi. Tarixiy ashyo “safar”iga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston hukumati aralashuvi bilan koshin bo‘lagi mamlakatga qaytarilgan. Koshinni o‘g‘irlagan jinoyatchilar odil jazoga tortilgani xabar qilingan. Qayd etilishicha, “jahongashta” koshin hozirda O‘zbekiston davlat san’at muzeyida saqlanmoqda va u yaqin kunlar ichida o‘z joyiga o‘rnatiladi.

XS
SM
MD
LG