Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:11

Mirziyoev: 2019 yil juda og‘ir, lekin hal qiluvchi yil bo‘ladi!(VIDEO)


2018 yil 28 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston parlamentiga navbatdagi Murojaatnomasini taqdim etdi.

Tugayotgan yil yakunlariga baho berilib¸ kelayotgan yildagi asosiy maqsad-vazifalar belgilangan ikkinchi Murojaatnomasini Mirziyoev¸ 2019 yilga nom berishdan boshladi.

“Joriy yildagi ishlarni mantiqiy davom ettirish va yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida” prezident 2019 yilni O‘zbekistonda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qildi.

Bu bayonot¸ zaldagilarning uzoq va gulduros qarsaklari bilan qabul qilindi.

Investitsiya olib kirish oson emas...

“Investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, iqtisodiyotning yuragi”¸ degan O‘zbekiston prezidenti ayni paytda¸ bu vazifani amalga oshirish oson emasligini ta’kidladi.

- Hech qaysi davlat investitsiya muhitini yaratmasdan¸ hech qanday natijaga erishmagan. Bu eng qiyin¸ eng murakkab yo‘l! Biz investitsiya bo‘yicha jozibadorligimizni yetkazish uchun har bir hududda juda katta ishlar qilishimiz kerak¸ ongli ravishda dunyoqarashimizni o‘zgartirishimiz kerak. Shunga tayyormizmi¸ degan savol turipti. Agar biz butun mamlakatimiz bo‘yicha mana shu muhitni yaratmas ekanmiz¸ oldimizga qo‘ygan yuksak vazifalarimizni bajarolmaymiz. Shuni hamma deputatlarimiz¸ jonajon¸ fidoyi xalqimiz sezishi kerak. Biza juda katta marra olayapmiz.Agar investitsiya kelsa¸ raqobatbardosh eksport kelsa¸ albatta biz ijtimoiy masalalarni hal qilamiz. Agar u bo‘lmasa¸ ikkinchisi bo‘lmaydi¸ dedi Mirziyoev jumladan.

Bundan keyin¸ kadrlarni tanlashda ularning investitsiyani oshirish salohiyatidan kelib chiqib qaror berilishini ta’kidlagan Mirziyoev¸ rayon va viloyat hokimlarini dunyoqarashini o‘zgartirishga chaqirdi¸ ularni bu yo‘nalishda o‘zini qiynab yetarli ish qilmayotganlik uchun tanqid qilib o‘tdi.

2019 yilgi byudjet defitsiti – 4.5 trillion so‘m

2019 yilda O‘zbekiston hukumati amalga oshirishi lozim ishlarni sanab o‘tgan Shavkat Mirziyoev¸ xususan:

- ochiq iqtisodiyot¸ sog‘lom raqobat¸ ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash uchun zarur sharoitlar yaratish¸ iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish¸ xususiy sektorni jadal rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish¸ iqtisodni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish¸ mehnat unumdorligini oshirish orqali yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash¸ yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish¸ uning hajmini keskin qisqartirish¸ valyutani erkinlashtirish siyosatini izchil davom ettirish¸ barqaror monetar siyosatni amalga oshirish va bu islohotlarni amalga oshirishga qodir malakali kadrlar tayyorlashni tilga oldi.

Murojaatnomasining ayni qismida prezident inflyatsiyani jilovlash va soxta¸ qo‘shib yozilgan statistikani to‘xtatib¸ YaIMni hisoblashda to‘g‘ri statistika yuritish lozimligini ta’kidlab¸ Jahon banki bilan hamkorlik qilishni Vazirlar Mahkamasiga 2019 yil apreliga qadar mamlakatni 2030 yilga qadar iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan kompleks rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va xalqaro ekspertlar bilan muhokama qilishni topshirdi.

Byudjet mablag‘larini sarflash mezonlarini keskinlashtirish lozimligini qayd etgan Mirziyoev¸ 2019 yilgi byudjetning 4¸5 trillion so‘m defitsit bilan bo‘lishi va bu defitsit YaIM hajmining 1.1 foizini tashkil etishini bildirdi¸ ayni paytda byudjet defitsitini kamaytirish uchun tushumlarni ko‘paytirish¸ raqamli iqtisodiyot milliy konsepsiyasini hayotga tatbiq qilishni topshirdi.

Raqamli iqtisodiyotga o‘tmasak, orqada qolib ketdik¸ bundan keyin ham orqada qolib ketaveramiz¸ degan prezident¸ raqamli iqtisodni yo‘lga qo‘yish YaIMni 30 foizga oshirish va korrupsiyani keskin kamaytirishga imkon beradi¸ deb o‘tdi.

2018 yili O‘zbekistonga qancha xorij sarmoyasi kirdi?

Xorij investitsiyasini O‘zbekistonga jalb qilish topshirig‘i 2018 yil davomida ham dolzarb bo‘lib qolganiga qaramay¸ hozircha jamoatchilikka yil bo‘yi tashqaridan qancha sarmoya kirganiga oid aniq ma’lumot berilmadi.

Prezident 28 dekabr kungi chiqishida bu raqamni bilvosita tilga oldi.

2019 yil iqtisodga barcha manbalar hisobidan 138 trillion so‘mlik faol investitsiya o‘zlashtirishni topshirgan prezident bu raqamning 2018 yilga nisbatan 16 foizga ko‘proq ekanini¸ to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyalari miqdorining esa 2019 yilda 1¸ 5 baravarga oshirilib¸ 4.2 milliard dollarga yetkazilishi va 142 ta korxona ishga tushirilishini bildirdi.

Bundan esa¸ 2018 yil davomida O‘zbekistonga kirgan xorij investitsiyalari miqdori¸ Toshkent rasmiylari Mirziëevning xorij safarlari davomida tilga olgan o‘nlab milliard dollar emas¸ balki 2 milliard 800 million dollardan iboratligini bildiradi.

Xorijiy va xususiy kapitalning O‘zbekiston bank tizimiga kirib kelishi uchun ulardagi davlat ulushini kamaytirish lozimligini ta’kidlagan Mirziyoev¸ mamlakatdagi banklar kapitalining 83 foizigacha davlatga tegishli ekanini tanqid qildi va buni raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirdi.

Odamlar soliq to‘lashdan manfaatdor bo‘lishi kerak

2018 yil davomida keng muhokama qilingan Soliq konsepsiyasiga to‘xtalgan Mirziyoev¸ 2019 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradigan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining asosiy mohiyati¸ soliqlarni to‘lovchi “insofli tadbikorlar”ni rag‘batlantirib¸ yashirin iqtisodni rivojlantirayotgan soliqdan qochuvchilarni tegishli jazolash ekanini bildirdi.

“Hamma bir xil bo‘ladigan zamonlar o‘tdi”¸ degan prezident soliq to‘lamay¸ qora bozorda ishlayotganlarni keskin jazolash boshlanishidan ogohlantirdi.

Byudjet barqarorligini ta’minlashning soliq tushumlarini ko‘paytirishdan boshqa yo‘li yo‘q. Og‘ir¸ ammo yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘l shu¸ dedi shu o‘rinda prezident.

Soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich kamaytirishni aytgan prezident¸ mamlakatdagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgan alohida tadbirkor va shirkatlarga berilgan soliq preferensiyalardan voz kechish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ikki oy ichida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni topshirdi.

Iqtisoddagi davlat ulushi masalasida 27 yilga kechikkan o‘zgarishlar

Prezident Mirziyoev ta’kidicha¸ mamlakat boshqaruvi oldidagi eng og‘ir muammolardan biri davlat korxonalarini isloh qilishdir.

O‘zbekistonda 603 ta aksiyadorlik jamiyati bo‘lsa¸ shundan 486 tasida davlat ulushi bor va bu ulush 52 trillion so‘mni tashkil etadi¸ degan Mirziyoev¸ bu vaziyatni ham o‘zgartirish fursati kelganini ta’kidladi.

27 yil davomida davlat korxonalarining rivojlanish o‘rniga¸ ishlab chiqarishni yo‘q qilganini aytgan prezident¸ davlat mulkini boshqarish¸ ular aksiyalarini xalqaro bozorga olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi maxsus agentlik tuzish g‘oyasi ustida ish borayotganini tilga oldi.

"O‘zbekenergo"¸ "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi boshqaruvini tubdan o‘zgarish 2018 yilda boshlanganini tilga olgan Mirziyoev¸ 2019 yilda "O‘zbekneftgaz"¸ "O‘zbekkimyo" va Navoiy kon metallurgiya kombinatlari boshqaruvining o‘zgarishi¸ xususan¸ xususiy boshqaruvga o‘tkazilishini ta’kidladi.

2019 yilga topshiriq - 18 milliard dollarlik eksport

Iqtisod¸ xususan¸ undagi davlat ulushini tubdan isloh qilishdan ko‘zlanayotgan asosiy maqsadlardan biri¸ O‘zbekistonda ishlab chiqilgan tovarlarni xalqaro bozorga olib chiqishdir.

- Eksport bilan shug‘ullanmagan tashkilotning kelajagi yo‘q. Mahsulotimizga bozor topishimiz kerak. Bozor topish uchun esa¸ raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish¸ buning uchun esa¸ tannarxni kamaytirish lozim¸ degan prezident ishlab chiqaruvchilarga shu maqsadda yangi texnologiyalar va bilimli mutaxassislarni jalb qilishni topshirdi.

"Kelgusi yili eksport hajmi 18 milliardga dollarga etishi kerak va bu 2018 yilga nisbatan 30 foizga ko‘pdir"¸ dedi prezident.

Bojxona nazoratini soddalashtirish¸ eksport yo‘lidagi har xil byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga ham ikki oylik muhlat berildi.

27 yildan beri rayonlarda hech balo yo‘q!

Sanoatni kompleks rivojlantirish zaruratini alohida tilga olgan Mirziyoev:

-27 yildan beri paxta¸ g‘alla¸ boshqa hech balo yo‘q. Bitta xlopzavod turipti. Rayon hokimlari yil davomida nima bilan shug‘ullanadi¸ nega bitta investorni olib kelib¸ yeri bor¸ suvi bor¸ elektri¸ gazi bor korxona qilmaymiz? Mumkin emasmi?¸ dedi jumladan.

Prezident rayon va shahar hokimlariga ishsizlikni kamaytirishning yagona yo‘li - o‘z hududini sanoatlashtiruv ekanini eslatdi.

Urbanizatsiyani 2030 yilgacha ikki baravarga oshirish topshirildi

2019 yilda ​"Obod qishloq" dasturiga 4 trillion so‘m ajratilishini bildirgan Mirziyoev¸ hozirda O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasi 35¸5 fozini tashkil etishi¸ ammo bu ko‘rsatkichning yaqin kelajakda pasayishi mumkinligini bildirdi.

Qishloq hududlarida ham zamonaviy shaharsozlik talablariga mos uy-joy komplekslari qurishni ko‘zda tutuvchi 2030 yilgacha urbanizatsiya darajasini 60 foizga yetkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqishga shaxsan Bosh vazir Abdulla Aripov mas’ul etib tayinlandi.

Qurilishlarga investorlarni jalb qilish uchun prezident hokimliklarga binolar va inshootlar joylashgan yer hududlarini xususiylashtirishni topshirdi va :

- Yerniyam¸ inshootniyam sotamiz. Nimaga tadbirkorning ertangi kunga ishonchi bo‘lishi kerak¸ dedi jumladan.

Qishloq xo‘jaligi klasterlashadi...

Kelasi yilda nafaqat paxta¸ balki g‘alla va meva-sabzavot klasterlarini yaratish uchun kredit berishning soddalashtirish tartibini yo‘lga qo‘yish lozim¸ degan prezident¸ 2019 yili O‘zbekiston paxtasining 52 foizi klasterlardan chiqishini bildirdi.

- Paxtaniyam egasiga berish kerak. Klasterlar - qishloq xo‘jaligining ertangi kuni. Boshqasiga meni ishontirolmaysizlar. Odamlar faqat manfaat bo‘lsa dalaga chiqadi¸ dedi Mirziyoev.

"Oziq-ovqat xavfsizligini hech kimga ishonmayman"¸ dedi chorvachilik va boshqa sohalarni tilga olgan prezident.

Agrar sohadagi asosiy muammo sifatida Mirziyoev¸ zamonaviy texnologiya va ishlab chiqarish usulidan xabari yo‘qligini tilga oldi va 2019 yili fermerlarga innovatsion texnologiyalar bo‘yicha trening berishni taklif qildi.

Davlat 3 yoshdan 22 yoshgacha bola tarbiyasiga investitsiya qilishi kerak!

Parlamentga Murojaatnomasining ikkinchi soatini prezident¸ ijtimoiy muammolarga bag‘ishladi.

Ishsizlikni kamaytirish¸ pensiya tizimini isloh qilish¸ uni hisob-kitob qilish tizimini o‘zgartirish¸ nogiron bolasiga qaraydigan onalarga alohida nafaqa turini joriy qilishni bu sohadagi muhim ishlar sirasida tilga oldi.

Ta’lim sohasidagi ustuvor vazifa sifatida Mirziyoev 3 yoshdan 22 yoshgacha bola tarbiyasiga investitsiya qilish lozimligini ta’kidladi va bunday investitsiya jamiyatga 15-17 baravar foyda keltirishini aytib o‘tdi.

Qancha student olishni universitetlarning o‘zi mustaqil belgilasin!

O‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olishning so‘nggi 2 yilda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli 15 foizga yetganini aytgan Mirziyoev¸ bu ko‘rsatkichning taraqqiy qilgan davlatlarda o‘rtacha 60-70 foizni tashkil etishini bildirdi.

- 2019 yilda mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 20 foizga yetkazish va kelgusi yillarda oshirib borish muhim vazifalarimizdan biridir.

Yoshlarimizga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berishimiz, o‘ylaymanki, ularning ta’lim olish huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladi¸ dedi Mirziyoev jumladan.

Mazkur yo‘nalishda qilinadigan ishlar qatorida prezident oliy ta’lim muassasalariga o‘z imkonidan kelib chiqib, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etish¸ yoshlarning xorijda o‘qish imkonini kengaytirishni aytib o‘tdi.

"Xalqimiz genofondini saqlash uchun..."

Sog‘liqni saqlash tizimi haqida gapirgan prezident¸ mamlakatda pullik va bepul tibbiy xizmatlar o‘rtasidagi aniq chegaralarni belgilab olish zaruratini tilga oldi.

Yiliga O‘zbekistonda 22 mingdan ortiq odamga onkologik kasallik tashxisi qo‘yilayotganini aytgan prezident¸ bu sohada ham maxsus dastur ishlab chiqish¸ bu sohadagi profilaktika va davolash yo‘nalishida xalqaro tibbiyot tizimlari¸ xorij mutaxassislari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni topshirdi.

Onalar va bolalar salomatligini yaxshilash¸ turmush sharoiti og‘ir ayollarni ish va uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ham uch oy ichida aniq rejalar ishlab chiqarish topshirildi.

Prezidentga ko‘ra¸ kelasi yil 1600 nafar kam ta’minlangan ayolga imtiyozli uy qurib beriladi.

Yoshlarni radikal oqimlar ta’siridan saqlash maqasdida ularga har xil imkonlar¸ xususan¸ dam olish va sport bilan shug‘ullanish imkonlari yaratish zaruratini ta’kidlagan Mirziyoev¸

- Bugungi kunda yoshlarimizning bilim va ma’lumot olishining asosiy manbai internet ekani hech kimga sir emas. Shu sababli¸ tadbirkorlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda¸ jamoat joylarida bepul WI-Fi tarmoqlarini tashkil etish choralarini ko‘rishimiz kerak¸ degan prezident Vazirlar Mahkamasiga bir oy ichida bu masalada ham alohida dastur ishlab chiqarishni topshirdi.

28 dekabr kungi 2¸5 sotdan uzoqroqqa cho‘zilgan ikkinchi yillik Murojaatida prezident Shavkat Mirziyoev mamlakat hayotining aksar sohalarida turgan muammolar¸ qilinadigan ishlarga to‘xtab o‘tdi.

Murojaatnomaga kiritilgan konkret vazifalar ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga kelasi bir-ikki oy ichida alohida dasturlar ishlab chiqarishni topshirgan Mirziyoev¸ bu topshiriq ijrosi nazoratda bo‘lajagini ta’kidladi.

- Kirib kelayotgan yilning bosh hujjati bo‘lgan Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida Bosh vazir hukumat a’zolari bilan birga Senat va Qonunchilik palatasi oldida har oyda hisobot berib boradi, dedi Mirziyoev jumladan.

XS
SM
MD
LG