Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:52

Jahongir Poziljonovning prezident madh qilingan qo‘shig‘i “O‘zbekkonsert” tasdig‘idan o‘tmagan


Klipdan kadr
Klipdan kadr

“Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonovning ZO’R-TV telekanali orqali 19 dekabrdan beri namoyish qilinayotgan prezident Mirziyoev madh qilingan qo‘shig‘i “O‘zbekkonsert” badiiy kengashi tarafidan rasmiy ruxsat olmagan.

Iznsiz madhiya?

20 dekabr kuni Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Mavluda Asqarxo‘jaeva Jahongir Poziljonovning “Mening Prezidentim bilan selfi” degan qo‘shig‘ining ZO’R-TVda tegishli idoralar ruxsatisiz namoyish qilinayotganini bildirdi.

Joriy qoidaga ko‘ra¸ O‘zbekiston hududida ijro qilinadigan har bir qo‘shiq yoki musiqiy kompozitsiya “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi badiiy kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi shart.

O‘zbekiston Bastakorlar ushmasi raisi Rustam Abdullaevga ko‘ra¸ badiiy kengashdan izn olmagan qo‘shiq¸ klip yoki musiqiy kompozitsiyalarni omma oldida yoki efirda ijro qilish mumkin emas.

Ozodlik bilan 20 dekabr kuni gaplashgan ZO’R-TV telekanali vakili “badiiy kengashdan o‘tmagan qo‘shiqning mavjud qoidalarga istisno tarzida efirga qo‘yilganini” tan oldi.

Odatda efirga ketadigan qo‘shiqlar va qo‘shiqchilarning “O‘zbekkontsert” tarafidan litsenziyasi bo‘lishiga jiddiy qaraladi. Bu safar shunga qaralmabdi¸” dedi ZO’R-TV telekanali vakili.

Qo‘shiqni ijro qilgan Jahongir Poziljonovning o‘zini Javlon deb tanishtirgan ma’muri “klipning badiiy kengashga taqdim qilinmasdan to‘g‘ri telekanalga berilganini” e’tirof qilish bilan cheklandi.

"Davlat ramzlaridan ruxsatsiz foydalanilgan"

O‘zbekiston Adliya vazirligi xodimi¸ blogger Shahnoza To‘raxo‘jaevaning Facebookda yozishicha, qo‘shiqda “prezident siymosi va davlat razmzlaridan ruxsatsiz” foydalanilgan.

O‘zbekiston prezidenti ma’muriyatiga yaqin mulozimning aytishicha, “Poziljonovga mamlakat prezidenti siymosidan o‘z klipida foydalanishga rasman ruxsat berilmagan”.

“Bojalar” guruhi xonandasi Jahongir Poziljonov tomonidan kuylangan “Mening Prezidentim bilan selfi” deb nomlangan klip ikki o‘g‘il va ikki qizini yoniga olgan qo‘shiqchi chorlovi bilan boshlanadi.

Bugun men farzandlarim bilan, mening prezidentim bilan selfi qilmoqchiman. Agar mening fikrimga qo‘shilsanglar, sizlar ham selfi tushib, xeshteg Mening prezidentim deb Instagram olamida “otmetka” qilishingiz mumkin. Internetda ko‘rishguncha, aziz do‘stlar!”¸ deb boshlanadi qo‘shiqning kirish qismi.

Klipning boshidan to oxirigacha¸ shou biznes vakillarining prezident portreti oldida tinimsiz selfiga tushayotgani tasvirlangan.

Qo‘shiq matnini kim yozgani noma’lum. Qofiya¸ vazn kabi she’r qoidalaridan mosuvo bo‘lgan matnda “Har kuni erinmay, xalq ichida yurgan prezidentim bilan selfi” degan so‘zlar takrorlanadi.

“Sharmandali marsh”

Blogger Shahnoza To‘raxo‘jaeva bu “qo‘shiq”ni “sharmandali marsh” deb atadi.

To‘raxo‘jaeva Facebookda sahifasida¸ ”Jahongir Poziljonov va jamoasi o‘zbeklarni sharmanda” qilayapti¸ deb yozdi.

Bolalarini qo‘shibdi, prezidentni qo‘shibdi va sharmandalik marshini kuylabdi. Prezident imiji ― har bir fuqaroning, (mening ham) bir qismi, yuzi, nomusi, sharafi. Unga mas’uliyat bilan qarash kerak, shaxsiy ambitsiyalari yo‘lida undan foydalanish ― kaltabinlik!” deb yozdi blogger.

Unga ko‘ra¸ Poziljonov “bunaqa yaltoqlanish bilan nafaqat o‘zi, balki O‘zbekiston prezidentining ham imijini bulg‘aydi.”

Ijtimoiy tarmoqdagi aksariyat blogger va yuzerlar madhiya qo‘shiqni salbiy qarshiladi.

Tarmoqning o‘zbek segmetida prezident Mirziyoev siyosatiga moyil qatlam ham Poziljonovning yangi klipini ijirg‘anish bilan qabul qilgani kuzatildi.

«Sizni maqtagan odam sizning dushmaningiz ekaniga ishonamiz. Sizni ashaddiy dushmanlaringiz bilan tanishtiramiz.», deya yozdi prezidentga jurnalist Karimberdi To‘ramurod «Selfi» klipini dalil o‘rnida keltirib.

«Nemislar «Mening fyurerim!» deya¸ yoki ruslar «Dohiy Stalin!» deya kuylashganida, millionlar qonini to‘kkan shaxsga sig‘inishgan. Poziljonov qo‘shig‘ida bor-yo‘g‘i kursiga sig‘inayapti. O‘zbekistondagi prezident kursisi ham mustabidlar o‘tiradigan shunday fetishga aylangan»¸ deb ëzdi Facebook foydalanuvchilaridan yana biri.

2017 yilning 3 iyun kuni boshqa bir xonanda - Dilfuza Ismoilovaning “Sultonimiz omon bo‘lsin!” deya Mirziyoevga bag‘ishlagan qo‘shig‘i prezident devoni (bugungi kunda administratsiyasi -tahr.) tomonidan taqiqlangan edi.

«Sen o‘zing siyosatni tushunmasang, mamlakatda bo‘layotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini bilmasang, nima qilasan siyosat xaqida ashula aytib? She’r deb bo‘lmaydi yozgan she’rini. Adabiyotning ostonasiga endi kirib kelgan odam ham bunaqa she’r yozmaydi!” degan edi o‘shanda «O‘zbekkonsert» birlashmasida maxsus majlis o‘tkazgan O‘zbekiston prezidenti devoni vakili Minhojiddin Mirzo.

Ismoilovaning bu klipi televidenie orqali namoyish etilmagan, internet tarmog‘idan ham o‘chirib yuborilgan edi.

«Mening prezidentim» degan qo‘shig‘i efirga berilayotgan «Bojalar» guruhi solisti Poziljonov prezident Karimov o‘lgani haqidagi xabar tarqalgan 29 avgust kuni «Dodamiz o‘lmagan!» deya selfi tarqatgan edi.

XS
SM
MD
LG