Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:27

The Herald: Shotlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan sirli shirkat butun o‘zbek iqtisodini nazoratga oldi


2018 yilning 29 avgust kuni Shavkat Mirziyoev Alisher Usmonovni «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risida farmon chiqardi.
2018 yilning 29 avgust kuni Shavkat Mirziyoev Alisher Usmonovni «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risida farmon chiqardi.

O‘z bosh ofisi sifatida Shotlandiyadagi qarovsiz do‘konni ko‘rsatgan asl egasi maxfiy Quality Trade Supplies shirkati va u ta’sis qilgan qator boshqa kompaniyalar O‘zbekiston ramzlaridan biriga aylangan Paxtakor klubi¸ qolaversa¸ mamlakatdagi eng yirik metallurgiya¸ farmatsevtika va sug‘urta biznesini o‘z nazoratiga olgan.

Shotlandiyadagi nufuzli The Herald gazetasi e’lon qilgan navbatdagi jurnalistik surishtiruv natijasida shunday xulosaga kelingan.

Surishtiruvda tilga olingan hujjatlar “Paxtakor”ni sotib olgan “xorij” kompaniyasi – Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan SFI Management Group o‘zining yagona aksiyadori sifatida Shotlandiyada registratsiya qilingan boshqa bir shirkat - Quality Trade Supplies ekanini ko‘rsatgan.

Mahalliy matbuotga ko‘ra¸ Quality Trade Supplies esa¸ qiymati 300 million AQSh dollaridan oshishi aytilgan Toshkent metallurgiya zavodi qurilishini olgan Mirziyoev davrining eng yirik “xorijiy investori”dir.

2018 yilning 22 avgust kuni davlatga qarashli “O‘zbekiston 24” kanali namoyish qilgan “Daxldorlik tuyg‘usi” deb nomlangan maxsus ko‘rsatuvda Shotlandiya surishtiruv jurnalistlari egasini qidirayotgan shirkatlar nomlari tilga olingan va ularning hammasi bir odam – asli namanganlik Rossiya milliarderi Alisher Usmonovga aloqadorligi aytilgan.

Ayni paytda¸ bu ko‘rsatuvda o‘z sohasida “ulkan tajribaga ega bo‘lgan”i iddao qilingan “xorij kompaniya”larining bevosita Alisher Usmonovniki ekani ochiq aytilmadi¸ deyiladi shotlandiyalik jurnalistlar o‘tkazgan surishtiruvda.

Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan “xorij investori” “Paxtakor”ni oldi...

O‘zbekistonliklar uchun milliy futbol ramziga aylangan “Paxtakor” futbol klubi o‘tgan yili “xorijiy investor” –O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan SFI Management Groupga sotilgan edi. Bu kompaniya esa¸ hozirga qadar na aksiyadorlari ro‘yxati va na o‘zining nima uchun “xorijiy” deb atalishi haqida jamoatchilikka biror izoh bermagan¸ deyiladi The Herald gazetasi 13 noyabr kuni e’lon qilgan navbatdagi jurnalistik surishtiruvida.

(Ayni nashr 28 oktabr kuni Shotlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan egasi maxfiy shirkatlarning O‘zbekistonga “xorij investori” degan maqom va katta imtiyozlar bilan kirib¸ iqtisodning serdaromad sohalarini o‘z qo‘liga olgani haqidagi jurnalistik surishtiruvini e’lon qilgan edi.)

Maqolaga ilova qilingan rasmiy hujjat nusxasidan SFI Maganement groupning 2017 yil 26 yanvar kuni Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasidagi 42/1-uyda joylashgan MChJ sifatida ro‘yxatga olingani ko‘riladi.

Rasmiy hujjatda bu shirkatning yagona ta’sischisi sifatida Shotlandiyaning Douglas shaharchasidagi sobiq gazlama do‘konini o‘z bosh ofisi sifatida ko‘rsatgan Quality Trade Supplies nomi keltirilgan.

Quality Trade Supplies (qisqartmasi QTS) esa¸ Shotlandiyada yomon nom chiqargan va Transparency International tomonidan “pul yuvish mexanizmi” sifatida baholangan cheklangan sherikchilik kompaniyalaridan biridir¸ deyiladi maqolada.

(Egasi sir saqlanayotgan Quality Trade Suppliesga Sergeli tumanida 300 million dollarlik Toshkent metallurgiya zavodini qurish loyihasi berilgan – tahr.)

"Toshkentda ro‘yxatga olinganiga qaramay¸ “xorij investori” maqomi berilgan SFI Management Group nafaqat “Paxtakor” klubi¸ balki mamlakatdagi eng yirik metallurgiya kombinati, davlatning dori-darmon monopolisti¸ boshqa metallar¸ shuningdek sug‘urta biznesini “o‘z ishonchli boshqaruvi”ga olgan"¸ deyiladi shotlandiyalik muxbirlar o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvda.

Sirli xorij investori kimligiga “O‘zbekiston 24” maxsus dasturi ishorat qildi

Shotlandiya surishtiruv jurnalistlari O‘zbekiston iqtisodining eng serdaromad sohalarini nazoratiga olgan “xorij investori” kimligi haqidagi savollariga davlatga qarashli “O‘zbekiston 24” kanali 2018 yilning 22 avgust kuni namoyish qilgan “Daxldorlik tuyg‘usi” deb nomlangan maxsus ko‘rsatuvdan javob topishgan.

Bu ko‘rsatuvda¸ Douglas va Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar asl egasi Alisher Usmonov ekani aytilmasa-da¸ nomlari yuqorida keltirilgan shirkatlarga berilgan yirik iqtisodiy loyihalarning “Alisher Usmonov ko‘magida” amalga oshirilayotgani qayta-qayta ta’kidlanadi.

The Herald gazetasi muxbirining SFI Maganement group va Quality Trade Supplies shirkatlariga asl egasi kimligiga oydinlik kiritish haqidagi so‘rovi javobsiz qolgan.

Usmonov yolg‘iz emas...

Shotlandiya gazetasida 13 noyabr kuni bosilgan maqolada gap asosan Alisher Usmonov haqida borsa-da¸ jurnalistik surishtiruv xulosasida¸ namanganlik milliarderning "O‘zbekistonni qayta qurishdagi vatanparvarlik" jarayonida yolg‘iz emasligi aytiladi.

The Herald nashriga ko‘ra¸ asli o‘zbekistonlik yana bir milliarder - Belgiyada joylashgan Fattoh Shodievning ham SFIga aloqadorligi aytiladi. Ammo Shodievning gazeta bog‘langan Londondagi namoyandalari bunday aloqadorlikni qat’iyan rad qilgan.

Usmonov va Mirziyoev aloqalari...

Rossiyaning eng badavlat odamlaridan biri¸ Putinga yaqin oligarx sifatida ko‘riladigan Alisher Usmonov¸ Islom Karimov davrida O‘zbekistonda deyarli biznes qilmagan.

Mirziyoev hokimiyatga kelishi bilan uni "islohotchi" sifatida ta’riflagan Usmonov¸ o‘z tarixiy vataniga "chaqirsalar" borish va sarmoya yotqizish istagida ekanini bildirgan edi.

Bu bayonotdan ko‘p o‘tmay¸ Alisher Usmonov Toshkentdagi oliy siyosiy va iqtisodiy davralarda tez-tez ko‘rina boshladi¸ xususan¸ Mirziyoevning Moskvaga¸ Putinning esa Toshkentga qilgan davlat tashrifi davomida prezidentlar bilan uchrashgan ishbilarmonlar safida ko‘zga tashlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2018 yilning 29 avgustida Alisher Usmonovni «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Farmonda aytilishicha, mazkur orden Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlash, investitsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlariga qo‘shgan katta hissasi, diniy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarni barpo etish borasidagi faol ishtiroki uchun berilgan.

Alisher Usmonov joriy prezident¸ Islom Karimov davrining 13 yillik Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev bilan qudachilik aloqalariga ega.

Mirziyoev qayinopasining qizi Diyora Alisher Usmonov ukasining o‘g‘li¸ uning yagona merosxo‘ri deb ko‘rilgan Bobur Usmonovga turmushga chiqqan edi.

2013 yil 8 may kuni Bobur Usmonov Toshkent markazida avtohalokat oqibatida nobud bo‘lgan edi.

Bobur va Diyora to‘yi haqida xabar tarqatgan ayrim norasmiy nashrlar¸ bu nikohning Usmonov va Mirziyoev¸ pul va hokimiyat nikohi sifatida baholashgan edi.

XS
SM
MD
LG