Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:20

Yarim million dollarlik uyi sud qarorisiz buzilgan investorning prorablari qamab qo‘yildi


Qurdirgan uyi qonunsiz buzilgan investor Muhammadbobur Xo‘jaev
Qurdirgan uyi qonunsiz buzilgan investor Muhammadbobur Xo‘jaev

Toshkentlik 28 yashar tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jaevning yaqinda buzib yuborilgan imorati qurilishida prorab bo‘lib ishlaydigan 29 yashar Abror Sayfuddinov va 40 yashar Shuhrat Ahmedov Mirzo Ulug‘bek tuman IIB vaqtinchalik tergov izolyatoriga 13 noyabr kuni qamab qo‘yildi.

Prorablar ishlagan “Unique arh project” shirkati muxandisining Ozodlikka aytishicha, bu ikki prorab "uy qurilish chog‘ida texnika xavfsizligiga amal qilmaganlikda" gumon qilinib, Mirzo Ulug‘bek tuman IIB tergovchisi tarafidan 48 soat muddatga tergov izolyatoriga qamab qo‘yilgan.

Shu bilan birga shirkatning viloyatlardan kelib ishlayotgan quruvchilari pasportlari IIB tergovchisi tarafidan olib qo‘yilgan.

Muhammadbobur Xo‘jaev Mirzo Ulug‘bek tumanida qurgan 3 qavatli turar-joy bino 4 noyabr kuni Bosh vazirning og‘zaki buyrug‘i bilan buzib tashlangan edi.

Muhammadbobur Xo‘jaevning 14 noyabr kuni Ozodlikka aytishicha¸ sud qarorisiz chiqarilgan bunday noqonuniy harakatga e’tirozi ommaviy axborot vositalarida chiqqanidan keyin u shahar hokimiyati va huquq- tartibot organlarining kuchli bosimi ostida qolgan:

- Men bir kunning o‘zida 620 ming AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rdim. Barcha ruxsatnomalarini rasmiylashtirilib qurgan uyimni bir kechada sud qarorisiz buzilgani haqida Ozodlikda gapirganim hokimiyatdagilarga malol kelibdi. Avvaliga "bekor gapirding, xuje budet", deb tahdid qilishdi, - dedi tadbirkor.

Xo‘jaevning aytishicha¸ u 13 noyabr kuni prokuraturaga chaqirtirilgan:

- Toshkent shahar prokuraturasidan chaqirishdi. Povestka yubormasanglar bormayman, dedim. Povestka olib kelib berishdi. 13 noyabr kuni¸ shahar prokuraturasi tergovchisi Farrux Nematjonov men bilan guvoh sifatida gaplashdi. "Nega Ozodlikka chiqib gapirdingiz", deb savol-so‘roqqa tutdi¸ - dedi tadbirkor.

Ozodlik Toshkent shahar prokuraturasi tergovchisi Farrux Nematjonov bilan 14 noyabr kuni bog‘lanib, undan "Nega tadbirkorga matbuotga gapirgani uchun bosim qildingiz", deb so‘radi. Tergovchi muxbir savoliga javob bermadi.

Tadbirkorga kelgan chaqiruv qog‘ozi
Tadbirkorga kelgan chaqiruv qog‘ozi

Bundan oldin¸ 8 noyabr kuni Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati “yomon uylar qurib aholi g‘azabiga uchragan tadbirkor” haqida videolavha suratga olib hokimlik rasmiy saytida e’lon qilgan edi.

Toshkent shahar hokimligining Ozodlik gaplashgan mulozimi¸ bu lavha 6 noyabr kuni Ozodlik e’lon qilgan lavhaga qarshi tayyorlanganligini bildirdi.

- Jahongir Obidovich (shahar hokimi) o‘z tabletida Ozodlik videosini ko‘rib qolib, otvet qilinglar deb topshiriq berdi. Faqat Ozodlikda degan joyini xorijiy ommaviy vositalarida deb yozdik¸- dedi Toshkent shahar hokimligining Ozodlik gaplashgan mulozimi.

Uyi buzilgan tadbirkor Xo‘jaev esa, bu videolavhani “o‘ch olish” deb atadi:

- San video qilsang, menam video qilaman deganga o‘xshadi. Shuncha odamni menga qarshi gapirtirishdi. Ammo lavhada asosiy savolga javob yo‘q. Men ruxsat olib qurgan uyimni nega sud qarorisiz buzib tashlashdi¸ qonun qaerda qoldi degan savol javobsiz qoldi.

Tadbirkor buzilgan uy bois o‘ziga yetkazilgan zararni qoplash uchun qonuniy o‘zanda kurashni davom ettirishini bildirdi.

Tadbirkor qurgan uy nega buzilgan edi?

Toshkent shahar hokimligining Ozodlik 6 noyabr kuni gaplashgan mulozimi Toshkentda yangi qurilgan uylarda is gazidan zaharlanib o‘lish xollari ko‘payganidan darg‘azab bo‘lgan Bosh vazir shunday buyruq berganini bildirgan edi.

"Shu bois Abdulla Nig‘matovich (Bosh vazir) Jahongir Obidovichga (shahar hokimi) topshiriq berdi. Bu investor qurgan boshqa uylarni ham tekshiringlar¸ deb. Shu topshiriq asosida Ulug‘bek tumani Rishton tor ko‘chasidagi 106-uy shanba kechqurun buzildi. Bularning hammasi og‘zaki buyruq asosida bo‘ldi"¸ - dedi ismi aytilmasligini istagan hokimlik mulozimi.

Bu mulozim¸ tadbirkor tomonidan qurilgan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi uyni buzish uchun sud qarori bo‘lmaganini e’tirof qildi.

Ozodlik Bosh vazir idorasidan bu voqea yuzasidan izoh olishga hozircha muvaffaq bo‘la olmadi.

XS
SM
MD
LG