Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:40

OzodDayjest: “Qimmat sarpo bermasangiz, qizingizni olmayman”


O‘zbekistonda to‘y qilayotgan qudalarning bir-birlariga talablari yildan-yilga ortib bormoqda.
O‘zbekistonda to‘y qilayotgan qudalarning bir-birlariga talablari yildan-yilga ortib bormoqda.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qo‘yliq atrofidagi mardikor ayollar taqdiridan xavotir bildirdi. Navoiyda kuyov sarposi Turkiya mahsuloti emasligi to‘yning buzilishiga sabab bo‘ldi. Poytaxt yaqinidagi qishloqlar aholisi suvsizlikdan qiynalmoqda.

_____________________________________________________________

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari: Mardikor ayollar orasida hatto pasporti yo‘q nochorlar bor

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova Toshkentning Qo‘yliq bozori atrofida ish izlab yurgan ayollar taqdiriga e’tibor qaratdi (“Jamiyat”, 13 iyul). “Bu yerda ish izlab yurgan sarson ayollar ayollar soni 150 dan ortiqligi masalaning qanchalik jiddiyligini ko‘rsatdi. Asosan Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridan kelgan bu xokisorlar turmush tashvishlarida ezilgan, o‘z haq-huquqini unutgan, oilaviy janjal va tazyiqlardan to‘ygan, ba’zilari turmushidan ajrashgan, hatto fuqarolik pasporti ham yo‘q nochor ekanini ko‘rib, tomog‘imizga nimadir tiqilganday bo‘ldi”, deydi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari. Qayd etilishicha, ayollarni doimiy yashash joyiga qaytarish va ish bilan ta’minlash chorasi ko‘rilmoqda.

Navoiyda kuyov sarposi Turkiya mahsuloti emasligi to‘yning buzilishiga sabab bo‘ldi

O‘zbekistonda nikohi qonuniy qayd etilgan, ammo to‘yi bo‘lib ulgurmasdan ajrashib ketayotgan juftliklar uchramoqda (“Inson va qonun”, 17 iyul). Masalan, Navoiy shahri FHDYo bo‘limi mudirasi Dilobar Pardaevaga ko‘ra, bunday holat ushbu hududda o‘tgan yili 7 marta qayd etilgan. “O‘zbek mentalitetiga xos bo‘lmagan” deb baholangan ushbu holatga esa chiroyli kiyimlar uchun turmushga chiqayotgan qizlarning erkaliklari, quda-andalarning bema’ni tortishuvlari sabab bo‘lmoqda. Masalan, rasman nikohdan o‘tgan ikki yosh to‘ygacha ajrashib ketgan. Ma’lum bo‘lishicha, kuyovning onasi kelin tomon o‘g‘liga qo‘ygan sarpo Turkiya mahsuloti emasligi sabab fotiha va to‘yni buzgan. Bunday holat boshqa mahallalarda ham qayd etilgan.

Toshkentning shundoq biqinida minglab aholi ichimlik suvi taqchilligidan aziyat chekmoqda

Toshkent tumani Gultepa, Istiqbol va Chuvalachi mahallalari o‘ttiz yildan buyon ichimlik suvi muammosidan aziyat chekmoqda, ammo mahalliy rahbarlarning e’tiborsizligi oqibatida muammo hanuz o‘z yechimini topmay kelmoqda (“Oila davrasida”, 18 iyul). “Toza ichimlik suv muammosi tufayli hatto oilalar parokanda bo‘lib ketyapti, o‘rtada farzandlar yetim qolyapti. Noqulay yashash sharoiti bois qanchadan-qancha insonlar xasta-bemorga aylanyapti”, deb yozadi gazeta. Odamlar pastroq ko‘chalar yuzida chuqur kavlab, suv olinadigan joy qilgan. Garchi suv ichishga to‘la yaroqli bo‘lmasa-da, odamlar ilojsizlikdan soatlab navbatda turib suv oladi. Gohida esa odamlar ariq suvini tindirib ichishga majbur bo‘lmoqda. Qishda esa yomg‘ir va qor suvlarini idishlarga to‘plab foydalanishadi. Qayd etilishicha, hudud aholisi orasida endokrin, bepushtlik, buyrak, jigar kasalliklari, bolalar orasida ham salomatlik bilan bog‘liq muammolar ko‘p uchrayapti. “Bu yerlarda suv, gaz, chiroq muammolari necha yillardan beri hal bo‘lmayotgani uchun mahallamizdagilarning ko‘pchiligi uy-joyini sotib, boshqa yoqlarga ko‘chib ketishyapti. Lekin biz yoshi kattalar bunday qilolmaymiz”, degan 70 yoshli Ma’rifat O‘ljaboeva.

XS
SM
MD
LG