Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:27

O‘qituvchilarning huquqlarini maxsus komissiya himoya qiladi


O‘zbekistonda o‘qituvchilarni himoya qilish bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi. Bu haqda 17 iyul kuni Shavkat Mirziyoev raisligida umumiy o‘rta ta’limni isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab Toshkentda o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlaridan ma’lum bo‘ldi.

"Yig‘ilishda turli nazorat organlari tomonidan o‘qituvchilar faoliyatini tekshirishlarni cheklash, pedagoglarni obodonlashtirish, majlislarda qatnashish, obuna va shu kabi kasb faoliyatiga tegishli bo‘lmagan ishlarga jalb qilmaslik kerakligi ta’kidlandi. O‘qituvchilarning haq-huquqlarini himoyalash uchun maxsus huquqiy xizmat tashkil etish vazifasi qo‘yildi", - deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda ushbu ko‘rsatmalar asosida ishlab chiqilgan xalq ta’limi tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti o‘tkazildi. Prezident pedagoglarning oylik maoshini, jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni ijtimoiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, ta’lim tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, maktablarning byudjetdan tashqari topayotgan daromadlarini ularning ixtiyorida qoldirish, maktablarda ichki jamoaviy nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish, namunaviy maktablarni ko‘paytirish maqsadida maktablar reytingini ishlab chiqish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashganlarning 7 foizi, o‘qituvchilar orasida esa 3 foizigina farzandi o‘qituvchi bo‘lishini xohlaganini keskin tanqid qildi.

Mirziyoevning aytishicha, Xitoyda o‘tkazilgan so‘rovda 55 foiz aholi farzandi o‘qituvchi bo‘lishini istaganini bildirgan.

Shundan kelib chiqqan holda prezident o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amaliyotga tadbiq etish to‘g‘risida topshiriq berdi.

Bundan tashqari ommaviy axborot vositalari orqali o‘qutuvchining obro‘sini oshirishga qaratilgan ijtimoiy roliklar ham namoyish etiladi.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning ish haqi oshiriladi. Gazeta va jurnallarga majburiy obunalar bekor qilinadi. Ortiqcha yozuv-chizuvlarga barham beriladi. Xalq ta’limi vazirligi bilan muvofiqlashtirilmagan tekshiruvlar o‘tkazilmaydi. Xalq ta’limi tizimi xodimlarining turli tozalash ishlariga jalb qilinishi taqiqlanadi.

Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 17 iyulьkuni Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida o‘tgan yig‘ilish yakunlari yuzasidan gapirayotib bildirgani to‘g‘risida kun.uz xabar qildi.

Aziz Abduhakimovga ko‘ra, shuningdek,o‘qituvchilarga imtiyozli kreditlar asosida ijtimoiy uylar va avtomashinalar berilishi kutilmoqda. Shuningdek o‘qituvchilarning oila a’zolariga yordamchi xo‘jalik yuritish uchun qoramol va parrandalar sotib olish, issiqxonalar, limonariylar kabilarni yaratish uchun imtiyozli kreditlar beriladi.

XS
SM
MD
LG