Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:06

Mulozimlar masjiddan ko‘ra ko‘prik muhimligini tushuntira boshladi


Masjidlarda korrupsiya tanqid qilingan karikatura
Masjidlarda korrupsiya tanqid qilingan karikatura

Poytaxt hokimi “Toshkent shahrini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish”ga bag‘ishlab mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar bilan 14 iyul kuni o‘tkazgan uchrashuvda “masjid qurilishiga emas, kambag‘allarga uy qurishga investitsiya kiritishni” tavsiya qildi.

Bu yig‘ilishdan ikki kun oldin O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi xodimi Nuriymon Abulhasan ham Xalqaro press-klubda so‘zga chiqib “masjid o‘rniga ko‘prik¸ bog‘chalar qurish¸ ehtiyojmand oilalarga yordam berish yaxshiligini ta’kidlagan edi.

Bu bayonotlar arafasida - keyingi ikki oy ichida mamlakat bo‘ylab to‘rtta masjidning hunarmandlik ustaxonalari va ishlab chiqarish korxonalariga aylantirilgani haqida Ozodlikka ma’lumotlar kelgan.

O‘zbekistonlik ikki mulozimning "masjid qurmaslik" mavzusida gapirgani ijtimoiy tarmoqning dindor o‘zbeklar segmentida tashvish bilan kutib olindi. Tashvish bildirganlardan biri, taniqli yozuvchi Nurilla Otaxonov facebookdagi sahifasida bu holatni "diniy siyosat salbiy tomonga o‘zgarishga yuz tutgani" sifatida baholadi.

O‘zbekistondagi masjidlardan birida imom noibi lavozimida ishlayotgan va ismi aytilmasligini so‘ragan 31 yashar yigit “tadbirkorlarga masjid qurishga avvaliga izn berilib, keyin to‘xtatilganini aytdi”:

- Atigi olti oy oldin sement va tayyor beton sotadigan biznesmen "men ham marhum otamning nomiga kichikroq tuman masjidi qursam", degan taklif bilan chiqdi. Lolaxon Karimova otasining nomiga masjid qurganlaridan ta’sirlanib havas qilibdi-da, endi. Oldiniga hamma qo‘llab-quvvatladi. Keyin otkaz keldi Toshkentdan. O‘sha pulni yetimxonaga bersin¸ Obod qishloq loyihasiga sarflasin, degan maslahat ham berildi. O‘sha joyda ishlab turgan ikkita masjid to‘lmaganini bahona qilib taklif rad qilindi¸ - dedi imom noibi.

Aftidan, masjid xodimi aytgan tadbirkor yirik inshoot qurish istagini bildirgan yagona kishi emas.

Din ishlari qo‘mitasi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ “Otamning nomiga 10 ming kishi sig‘adigan masjid quraman”, deb murojaat qilgan boshqa bir tadbirkorga o‘sha hududda ikkita masjid borligini aytib, rad javobi berilgan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi xodimi Nuriymon Abulhasan ham Xalqaro press-klub tadbirida so‘zga chiqib "10 ming kishi sig‘adigan masjid qurish taklif qilingan hududdagi ikki masjid deyarli bo‘sh turgani bois uchinchi masjidga extiyoj yo‘qligini" ta’kidlagan edi.

Qo‘mita mulozimi Ozodlik muxbiri bilan 15 yanvar kungi suhbatida "musulmonlarning ibodat qilishini ta’minlash maqsadida¸ respublika hududlarini bir-biri bilan boshlaydigan avtotrassalar bo‘ylab kichik nomozxonalar tashkil qilinishi" haqida gapirgan edi.

17 iyulga kelib ma’lum bo‘lishicha yo‘l bo‘ylarida "mini-masjidlar" qurilishi taklifdan amalga ko‘chmagan. Bu taklifni "faol ilgari" surgan masjid imomi Shermurod Tog‘ay joriy yil aprelida ishdan bo‘shatilgan.

O‘zbekiston MTRK sida rahbar lavozimda ishlaydigan va jurnalistning 17 iyul kuni Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ u yoki bu masjid ochilishi yoki masjid qurilayotgani haqidagi lavhalarni efirga berishga cheklov qo‘yilgan. Shuningdek, "soqol qo‘yganlar va masjid imomlarining TV ko‘rsatuvlarida qatnashishiga ham ta’qiq qo‘yilgan".

Bu vaziyat O‘zbekiston musulmonlar idorasiga DXX zobiti Dilshod Hoshimov o‘rinbosar qilib tayinlanganidan keyin yuz bergani musulmonlarning ayrim qatlamlarida havotir uyg‘otgan. O‘zbekiston musulmonlar idorasiga oid nashrlarda uzoq vaqt ishlagan¸ idorani ichidan bilgan yozuvchi Nurilla Otaxonovning facebookda yozishicha "bu vaziyat diniy idoraning erkin ishlay olmagani" bilan bog‘liq:

“Peshvo”larimiz hol tillari ila chin yurakdan duo qilib yuborgan ekan, farishtalar omin deb, mana, oradan hech qancha o‘tmay “ezgu orzulari” ushaldi: bir DXX zobiti Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga rais bo‘lib keldi, ikkinchisi O‘MI raisiga o‘rinbosar etib tayinlandi! Bular o‘z ishini o‘zi yuritolmadi, tez yordam so‘raldi shekilli, ular yana tashabbusni qo‘lga oldi. Mana, endi o‘zlari bilganicha boshqara boshladi. Isboti hayotda tezdagina ko‘rindi – diniy siyosat salbiy tomonga o‘zgarishga yuz tutdi, ishlar har tomonlama orqaga qarab ketdi. Uch-to‘rt kundan beri muhokamasi davom etayotgan “janjal”li ish bunga yorqin misol!"- deb yozdi Nurilla Otaxonov​

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston musulmonlar idorasi masjidlar bo‘limi mulozimi “masjidlar qurilishi borasidagi holat ijobiy va qonunga mos” tarzda ketayotganligini aytish bilan kifoyalandi.

Bo‘sh yotgan masjid sexga aylanib 20 kishini ishli qildi

Navoiy viloyatining Hatirchi tumanidagi 26 yashar tadbirkorning fikricha, “Yilda ikki marta¸ faqat hayit kunlari to‘lib boshqa paytda bo‘sh yotganidan ko‘ra bu binolar biror naf keltirgani afzal”:

- Mahalla masjidi deb atalayotgan joy aslida ombor edi. Keyinchalik odamlar omborni namoz o‘qiydigan joyga aylantirishdi. Men bu joyni hokim qaroriga binoan olib¸ paypoq va kiyim-kechak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Makaron ham ishlab chiqarib turibmiz. 20 kishini ishlik qildim, - dedi suhbatdosh.

Tadbirkorning “masjidni sex qilgani”dan norozi bo‘lgan bir necha kishi Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

Hatirchi tuman hokimligi mulozimi esa, bu binoning davlatga qarashli paxta ombori bo‘lgani va diniy idoraga aloqasi yo‘qligini aytdi:

- Bu joy hech qachon masjid bo‘lmagan. Qolaversa, davlatning yeri bu¸ bino ham davlatniki. Mana Toshkent hokimi masjid o‘rniga uy qursangiz yaxshi deb aytdi. To‘g‘ri aytdi. Samostroy qilib nomini masjid qo‘yib qo‘yganingiz bilan masjid bo‘lavermaydi¸ - dedi mulozim.

Hatirchilik mulozim aytgan tadbirda bir sarmoyador Toshkent shahar hokimiga poytaxt hududida juda katta masjid qurmoqchiligini aytib, yer so‘radi. Bunga javoban hokim:

“Menda bir savol bor. Hozir ko‘chada, axlatxonalarda, qutilarning ichida uysiz yashayotgan insonlar bor. Sizga beriladigan yerga o‘sha bechoralarga uylar qurganimiz yaxshimi yoki jimjimador masjid qurganimizmi?”, - deb savol berdi. Shunda tadbirkor ham uysizlarga uy qurish lozim, deya ta’kidladi.

O‘zbekistonlik imom noibiga ko‘ra¸ “mamlakatda diniy erkinlik mavsumi tugash “ arafasida.

- Hokimning gapi tasodifiy emas. Diniy qo‘mitaga yangi kelgan va ilgari Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasida ishlagan, podpolkovnik Nuriymon Abulhasanning gapi ham shunaqa. Buning yoniga keyingi paytda telekanallardan diniy ko‘rsatuvlar olib tashlanganini qo‘shsangiz vaziyat haqida o‘zingiz xulosa chiqara olasiz,- dedi suhbatdosh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlaridan biri Abdulaziz Mansurga ko‘ra, hozirda respublikada 2039 ta masjid samarali faoliyat olib bormoqda.

XS
SM
MD
LG