Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:23

OzodDayjest: Qashqadaryoda sel butun boshli oila hayotiga zomin bo‘ldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Qashqadaryoda sel payti halok bo‘lgan vatandoshlarga oid yangi ma’lumotlar e’lon qilindi. Oltinko‘lda bolalar o‘limi va yuqumli kasalliklar ko‘paygan. Namanganda 100 ni qoralagan urush faxriysi hukumat g‘amxo‘rligidan bebahra qolgan.

_____________________________________________________________

Qashqadaryoda sel payti butun boshli oila nobud bo‘ldi

Qashqadaryoda 14 mayga o‘tar kechasi ro‘y bergan sel oqibatida 5 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan edi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining matbuot nashrlariga ma’lum qilishicha, Chiroqchi tumanining Yuqori sariqamish qishlog‘ida yashagan G.Muxtorova yog‘ingarchilik kuchaygan paytda qo‘rqqanidan 3 farzandini olib, qaynotasinikiga yo‘l olgan. Ammo adirdan o‘tayotganda sel kelib, ona va bolalarni oqizib ketgan. Shuningdek, Lolabuloq qishlog‘ida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan M.Norqoraevani ham suv oqizib ketgan. Kitob tumani Yuqorichil qishlog‘ida yashovchi 60 yashar Nishon Shamsiev Sag‘noq daryosi bu qadar toshganiga ilk bor guvoh bo‘lganini aytgan. 20-30 kub suv sig‘imiga ega daryo sathi toshqin natijasida 100 kubdan oshgan. Qayd etilishicha, 13-17 may kunlari kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik va sel oqibatida ko‘plab vatandoshlarning chorva mollari nobud bo‘ldi, tomorqa va uylari hamda hududlar infrastrukturasi jiddiy zarar ko‘rdi.

Oltinko‘lda bolalar o‘limi ko‘paygan, yuqumli kasalliklar ortgan

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida o‘tgan yili bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi ortdi (“Huquq”, 24 may). 2017 yili hududda 2 nafar ona va 55 nafar bola o‘limi qayd etilgan. Tuman prokurori o‘rinbosari Avaz Rustamovga ko‘ra, chaqaloqlarning 18 nafari pnevmoniya, 10 nafari tug‘ma nuqson, 22 nafari boshqa sabablar bilan vafot etgan. Masalan, N.Habibullaev homila ichki infeksiyasi, pnevmoniya va miya ishemik shikastlanishidan olti kunligida nobud bo‘lgan. Aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarga qarshi kurash bo‘yicha choralar ham samara bermagan. Birgina virusli gepatitning “A” turi 43,8 foizga ortgan. Bolalar o‘limi va yuqumli kasalliklar ortishi sabablari ochiqlanmagan. Qayd etilishicha, tibbiyot tizimida aniqlangan qonun buzilishlari yuzasidan prokuror nazorati choralari qo‘llangan.

Namanganda 100 yoshli urush qatnashchisi hukumat g‘amxo‘rligidan bebahra qolmoqda

Namangan shahri “Qadamjo” mahallasida yashovchi Abdullajon ota Yo‘ldoshev Ikkinchi jahon urushida qatnashib, ordenlar olganiga qaramay, urush faxriylariga ko‘rsatiladigan moddiy va ma’naviy rag‘batlardan bebahra qolmoqda (“Darakchi”, 24 may). 1919 yilda tug‘ilgan otaxon 1939 yili Kovareyskiy polkida harbiy xizmatni o‘tagan, xizmat tugamasidan birinchilardan bo‘lib urushga yuborilgan va 2-o‘qchi polkida jang qilgan. 1941 yilning iyunida oyog‘idan yaralanib, davolanishga qaytarilgan. A.Yo‘ldoshev 1948 yilda harbiy komissariat ro‘yxatiga olingan, o‘tgan yillar davomida orden va ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Ammo keyingi yillarda hukumat tomonidan urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan Abdullajon ota bebahra qolayapti. Otaxonning farzandlari turli idora va tashkilotlarga murojaat qilgan, ammo mutasaddilar ushbu holatga mas’uliyatsizlik bilan qaramoqda.

XS
SM
MD
LG