Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:12

Maktab direktori o‘quvchilar ro‘zasini majburlab ochtirgani haqidagi iddaolarni rad qildi


Suratdagi o‘quvchilarning xabarda tilga olingan maktabga aloqasi yo‘q.
Suratdagi o‘quvchilarning xabarda tilga olingan maktabga aloqasi yo‘q.

Namangan viloyat, Chust tuman, Varzik shaharchasidagi 19-ixtisoslashtirilgan maktab direktori Nizomjon Jo‘raev o‘quvchilari tutgan ro‘zani majburlab ochtirgani haqidagi iddaolarni "tuhmat" deb atadi.

20 may kuni azon.uz portali tahririyati Namangandan olingan audioxabarga tayanib, Nizomjon Jo‘raevni 60 nafar atrofidagi bolani oshxonaga yig‘ib, majburan suv ichirish orqali ro‘zasi ochtirganini iddao qildi.

Nizomjon Jo‘raev audioxabarni yo‘llagan manbani "noto‘g‘ri xabar" tarqatishda aybladi.

Azon iddaosi

O‘zini "axborot-tahliliy portal", deb taqdim etuvchi Azon.uz 19-maktab o‘quvchilaridan birining tog‘asi deb tanishtirgan shaxs guvohligiga tayanib, 6, 7, 8 va 9-sinf o‘quvchilarinining nonushtaga chiqmaganidan xabar topgan direktor Nizomjon Jo‘raev hamma o‘quvchilarni yig‘ib, ro‘zalarini ochishga buyruq bergani haqida xabar tarqatdi.

Bu manba iddaosicha¸ "o‘quvchilar maktab direktoriga quloq solmagan" va "natijada sinf rahbarlari boshchiligida 60 nafar atrofidagi bolani oshxonaga yig‘ib, majburan suv ichirish orqali ro‘zasi ochtirilgan."

Portal bu holatni, o‘z ta’birida,​ "sovet tuzumidan qolgan eskilik sarqiti," deb baholaydi va o‘quvchilar ota-onalariga direktor ustidan shikoyat qilishlari mumkinligini eslatadi.

Huquqlari toptalgan farzandlarning ota-onalari hatti-harakatlarida qonun buzilishi alomatlari ko‘rinib turgan maktab direktori ustidan tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkin”¸ deyiladi bu haqdagi xabarda.

Aks holda, portal ta’kidicha, “ommadan yashirilgan va jazosiz qolgan bunday qonunbuzarliklar keyinchalik jamiyatning boshqa qatlamlarida ham urchib ketishi va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin".

"Birinchi o‘rinda bilim"

Ozodlik muxbiri bilan 22 may kungi telefon suhbatida Nizomjon Jo‘raev o‘quvchilarga majburlab suv ichirgani haqidagi xabarni "tuhmat" deb atadi:

- Yo‘q xato. Unaqa ish bo‘lmagan. Tuhmat bu narsa. Bolalarni majburan suv ichishi (haqidagi xabar - tahr.) bu asossiz, - dedi Varzikdagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori.

Uning ma’lum qilishicha, ixtisoslashtirilgan maktabda yotib ta’lim oluvchi o‘quvchilar ertalab nonushtaga chiqmagach, maktab direktorining ma’naviyat bo‘yicha o‘rinbosari talabalar bilan uchrashgan.

- Holat shunday bo‘lganki, bir guruh o‘quvchilar ertalab nonushtaga chiqmagan. Ular bilan madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarimiz suhbat qilgan. "Birinchi o‘rinda och qolmasdan, dars o‘qishlaringiz, bilim olishlaringiz zarur," dedik. "Ertaga och qolib, biron kasallikka chalinsangiz, o‘zingizga zarar. Shuning uchun birinchi o‘rinda ta’limga e’tibor qaratinglar," deb nasihat qildik, - deydi Nizomjon Jo‘raev.

"Yiqilay-yiqilay deydi"

Ingliz tili va matematika fanlariga ixtisoslashgan 19-maktab direktori Nizomjon Jo‘raev yotoqxonada bolalarning ro‘za tutishi uchun sharoitlar yo‘qligini aytadi:

- O‘quvchilar yotoqxonada soat kechki 10 da uyquga ketishadi va ertalab soat 6 da uyg‘onishadi. Tartib shunday. Ularning ro‘za tutishiga sharoit yo‘q. Rangini ko‘rsangiz oqarib, ba’zilari yiqilay-yiqilay deyapti. Chunki, yarim tunda qanaqa ovqatlangan, bilmaymiz-ku. Unga hech kim issiq ovqat tayyorlab bermagan-ku, - deydi Nizomjon Jo‘raev.

Direktor chekka qishloqlardan qatnab, internat yotoqxonasida yotib ta’lim olayotganlar bolalar sog‘ligi uchun mas’uliyat maktab ma’muriyati zimmasida ekani bois¸ ularning bunday ahvolda ro‘za tutib¸ o‘qishga qatnashlariga yo‘l qo‘ya olmasligini eslatdi:

- Ro‘zaga qarshiligimiz yo‘q. Faqat bitta narsa borki, salomatligingiz ko‘tarmaydi, ota onangiz bag‘rida bo‘lsangiz, hech kim qarshilik qilolmaydi, deb aytdik. Agar ota-onalar o‘z farzandlari sog‘ligi kafilligini o‘z zimmasiga olsa, hech qanday qarshiligim yo‘q, tutaverishsin, - dedi Nizomjon Jo‘raev.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligining yuqori mulozimlaridan biri ismi sir qolishi sharti bilan maktab o‘quvchilarining ro‘za tutishiga qarshilik yo‘qligini ma’lum qildi:

"Hech qanday yozma va og‘zaki qarshilik yo‘q. Bu barchaning huquqi, albatta sog‘liq jihatdan maslahat yoki tavsiya berilgan bo‘lsa, biz buni to‘g‘ri tushunamiz. Bolalar sog‘ligini o‘ylab qilgandur deb, ammo kishilar huquqini hech qachon cheklamaymiz," dedi vazirlik yuqori mulozimi.

XS
SM
MD
LG