Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:19

Britaniya hukumati Abramovichdan boyligi qonuniyligini isbotlashni talab qildi


Asosan Londonda yashab kelgan Roman Abramovich¸ ayrim manbalar tomonidan "Vladimir Putinning cho‘ntagi" sanaladi.
Asosan Londonda yashab kelgan Roman Abramovich¸ ayrim manbalar tomonidan "Vladimir Putinning cho‘ntagi" sanaladi.

Rossiyalik oligarx Roman Abramovich Buyuk Britaniyada investorlarga beriladigan vizani olish uchun ushbu mamlakat hukumatiga boyligi qonuniy yo‘l bilan orttirilganini isbotlab berishi kerak.

Viza olish uchun joriy etilgan yangi va qattiq tartib shuni taqozo qiladi. Britaniya matbuoti xabariga ko‘ra, bu talab Abramovich boyligi ustidan surishtiruv o‘tkazilishini anglatmaydi.

Oldinroq London hukumati Abramovichning sarmoyadorlarga beriladigan Britaniya vizasi muddatini uzaytirish so‘rovini rad qildi. Bunaqa vizani faqat unga o‘xshash milliarderlar emas, balki Britaniya iqtisodiyotiga 2 million funt sterlingdan oshiq sarmoya yotqizgan chog‘roq boylar ham bemalol olishi mumkin.

Abramovichning viza muddati¸ Britaniya hukumati¸ sarmoyador vizasi berish uchun qo‘yilgan talablarni kuchaytirishi bilan bir paytga to‘g‘ri keldi. Aprelda tugagan vizasi uzaytirilmagani ortidan Abramovich o‘zi egalik qiladigan “Chelsi” futbol klubining o‘tgan shanbada Angliya kubogi finalida kimsan “Manchester Yunayted”day raqibini yengganini ham komandaga qo‘shilib, bayram qila olmadi.

So‘nggi paytlarda Britaniyada Rossiyadan kelayotgan bebiliska “iflos pullar” haqida ko‘p gapirila boshladi. Bu haqda Britaniya parlamenti tayyorlagan ma’ruza ham e’lon qilindi. Shu paytgacha sarmoya hisoblangan rus boylarining puliga endi milliy xavfsizlikka tahdid sifatida qaralmoqda.

Forbes jurnali hisobicha¸ jami boyligi 9 milliard funt sterling deb chamalanib¸ Britaniya boylari orasida 13-o‘ringa qo‘yilgan Roman Abramovich Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin oligarxlardan biri sifatida ko‘riladi.

Putinning G‘arb bilan munosabatlari keskinligicha qolayotgani ortidan Britaniya hukumati rossiyalik boylarga berib kelingan yuzlab vizani tekshirib ko‘rishini ma’lum qildi. Bunday "xos tekshiruvlar" Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi sobiq xodimi, Sergey Skripal va qizining Britaniya hududida zaharlangani va bu "qotillik"ning Rossiya tomonidan uyushtirilganiga oid ayblovlar munosabati bilan kun tartibiga tushdi.

Ota-bola Skripallarning nerv gazi vositasida zaharlanishi Britaniya bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirib yubordi.

Britaniya Skripallar mojarosi sabab Rossiya diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuborgandan so‘ng rasmiy Moskva javob chorasi sifatida Britaniyaning 23 nafar diplomatini persona nongrata (istalmagan shaxs) deb e’lon qildi, Britaniyaning Sankt-Peterburgdagi konsulligini yopdi.

So‘zamollikni yoqtirmaydigan Abramovich Britaniyaga kiritilmayotgani yuzasidan hozircha bayonot bermayotganiga qaraganda, viza masalasi tez orada hal etilishidan umidvor.

Britaniya hukumati vakillarining ayni masala yuzasidan keskin bayonotlar bilan chiqayotgani esa¸ vaziyatning¸ xususan Abramovich kabi Putinga yaqin¸ aksar boyligi esa G‘arbda bo‘lgan oligarxlar vaziyatining tez orada o‘nglanishiga ishonish mushkulligini ko‘rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG