Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:00

Rashitjon Qodirov ishi doirasida bir kunning o‘zida yana 25 kishi ushlandi


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligidagi bir-biridan mustaqil ikki mulozimning shaxsini oshkor etmaslik sharti bilan Ozodlikka ma’lum qilishicha, poytaxt Toshkentda bir kunning o‘zida sobiq MXX, prokuratura va soliq idoralarining joriy va sobiq xodimlari​dan iborat jami 25 kishi hibsga olingan.

Kun bo‘yi davom etgan maxsus reyd

Mazkur amaliyotga yaqin mulozimning bildirishicha, Ichki ishlar vazirligi operativ xodimlari tomonidan 20 mart kuni ertalabdan kechqurungacha o‘tkazilgan maxsus reyd davomida ushlangan 25 shaxsning barchasi mamlakat sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirov va Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida so‘roq qilingan.

"20 mart kuni ushlanganlarning 10 tachasi har xil rayon va viloyat prokurorlari. Orasida Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti sobiq xodimlari¸ prokuraturada hozirgacha ishlab yurganlari ham bor. Bittasi Muxaning jiyani (Mirag‘lam Mirzaevning xotini Muhabbat Mirzaeva nazarda tutilmoqda - tahr.) Inog‘omov Ziyodulla. Chilonzor departamenti (SVJJDLQKD) ning sobiq boshlig‘i. Olinganlarning 8 nafari SNB (sobiq MXX) xodimlari¸" dedi 20 mart kungi maxsus reydning ayrim tafsilotlarini Ozodlikka bildirgan mulozim.

Shunday reyd bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan Toshkentdagi boshqa bir mulozim¸ ushlanganlardan 18 nafarining Ichki ishlar vazirligi yerto‘lasida saqlanayotganini, qolgan yetti nafarining esa, tergovga kelish sharti bilan, o‘sha kuni kechqurun qo‘yib yuborilganini bildirdi.

Ayni shu mulozimlar Ozodlikka sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirovning hibsga olingani¸ MXX raisi Rustam Inoyatovning vazifasidan ozod etilgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan va ko‘p o‘tmay bu ma’lumotlar rasmiy tasdig‘ini topgan edi.

Ozodlikda hozircha 20 mart kungi maxsus amaliyot davomida ushlanib¸ so‘roqqa olib kelinganlarning aniq ro‘yxati¸ ulardan qay birining hozirga qadar qo‘yib yuborilgani va qay birlarining ehtiyot chorasi sifatida hamon hibsga qolayotganiga oid aniq ma’lumot yo‘q.

(Tafsilotlardan xabardor bo‘lsangiz¸ ularni Telegram @ozodnews orqali Ozodlikka yuborishingiz mumkin - tahr.)

Prokuraturaning yana xabari yo‘q!

22 mart kuni Ozodlik bog‘langan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xodimi¸ prokuratura sobiq va amaldagi xodimlarining maxsus reyd davomida ushlanib¸ so‘roq qilinganiga oid "hech qanday ma’lumotga ega emasligini" bildirdi.

Ayni paytda¸ Ozodlik bilan mikrofonsiz gaplashgan huquq tizimi mulozimlari 20 mart kuni har biri alohida-alohida ushlanganlar orasida¸ Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevning xotini¸ «Yunusobod advokatlar kollegiyasi» rahbari Muhabbat Hasanova borligini bildirdi.

"Muxa bilan gap yeydigan ayollardan birini ham olib ketishdi. Uni kechroq podpiska bilan qo‘yib yuborishdi"¸ dedi ikkinchi ayol shaxsini ochiqlamagan IIVga yaqin mulozim.

Ozodlik hibsga olinganlar shaxsini aniqlashga harakat qilmoqda.

Muhabbat (Hasanova) Mirzaeva ustidan jinoiy ish ochilgan

Ozodlik 22 mart kuni qayta bog‘langan IIV va prokuratura tizimidagi shaxsi sir qolishini so‘ragan mulozimlar Bosh prokuraturaning 22 mart kungi bildirishnomasining aynan 20 mart kungi reyd ortidan paydo bo‘lganini ta’kidlashdi.

22 mart kuni o‘z avvalgi raddiyasiga zid tarzda Bosh prokuratura "R.Qodirovga nisbatan o‘tkazilayotgan jinoyat ishi tergovi doirasida Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari M.A.Mirzaev, uning turmush o‘rtog‘i M.X.Mirzaeva, o‘g‘li A.M.Mirzaev ishtirokida juda ko‘p miqdorda pora olish, boshqa mansabdorlik jinoyatlarini sodir etganlik holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda¸" deya bayonot berdi.

Ozodlik gaplashgan mulozimlar¸ 23 fevral kuni ushlanib¸ so‘roqqa olib ketilgan Muhabbat Mirzaevaning mamlakatni tark etmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgani va 20 mart kuni hibsga olinganini iddao qildi.

Ozodlikda Muhabbat Mirzaevaning 22 mart kuni hisbda qolayotgani yoki yana qo‘yib yuborilganini tasdiqlovchi rasmiy hujjat yo‘q.

(Ozodlik Mirzaevlar ishiga aloqador ayrim IIV xodimlariga tayanib¸ Mirag‘lam Mirzaev¸ uning xotini¸ o‘g‘li va jiyanining 23 fevral kuni so‘roqqa olib ketilgani haqida 1 mart kuni xabar qilgan edi.)

"Korrupsiyaga qarshi kurashni prokuratura va IIVning toza mutaxassislari olib bormoqda!"

Huquq tizimidagi mulozimlarning bildirishicha¸ O‘zbekistondagi sobiq yirik amaldorlar ustidan qo‘zg‘atilgan ishlar Bosh prokuror Otabek Murodov nazoratida.

Ayni paytda¸ norasmiy xabarlarga ko‘ra¸ bu jarayonga prezident Mirziyoevning shaxsiy so‘rovi bilan sobiq Ichki ishlar vaziri¸ yaqinda Ichki ishlar vazirining maslahatchisi etib tayinlangan Zokirjon Almatov maslahatchilik qilmoqda.

1991-2005 yillar davomida Ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlagan 68 yashar Zokirjon Almatov Ichki ishlar vazirligida yangi ta’sis etilgan vazir maslahatchisi lavozimiga tayinlangach, ichki ishlar vazirligi obro‘sini qaytadan ko‘tarishga va’da bergan edi.

Vazirlik rasmiysining 22 mart kuni Ozodlikka aytishicha¸ "O‘zbekiston huquq tizimlarining "juda katta miqdordagi korruptsiya"da ayblanayotgan sobiq amaldorlari ustidan borayotgan jinoiy ishlarni "professional¸ bilimdon¸ eng muhimi¸ toza mutaxassislar" olib bormoqda.

"Korrupsiyaga qarshi O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan ishlar bo‘layapti. Bu jarayonga qo‘shilmaslik¸ prezidentning bu jasoratli harakatlarini qo‘llamaslik¸ nomardlik bo‘ladi"¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan IIV mutasaddilaridan biri.

Prezident tanqidiga monand reyd

Prezident Shavkat Mirziyoev 17 mart kuni Samarqandda qilgan ma’ruzasida sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov o‘z qo‘l ostidagilardan har oyda katta miqdorda pora olib kelgani uchun qamalganini ta’kidlagandi.

“Bosh prokurorni nega qamadim? Hammasi o‘g‘ri edi. Har bir tuman prokurori qanchadan pul berganini bulbuldek sayrab yotibdi turmada. Samarqandda ham 7 tuman prokurori har oyda berib turgan. Har oyda 2 ming dollardan bergan, prokuror bo‘lish uchun 35-40 ming dollardan bergan. Tayloq tumani prokurori 40 ming bergan bo‘lsa, bu pulni qaytarishi uchun Tayloqni sotishi kerak-ku? Mana qanday vaziyatda yashaganmiz”, dedi jumladan Shavkat Mirziyoev.

Mirziyoev o‘z so‘zida davom etar ekan: “Qo‘limiz kalta edi, bir-ikkita tashkilotlar bor edi. G‘o‘ddayib, atrofimizda poylab yurardi. O‘zlari eng katta o‘g‘ri edi. Bu ham haqiqat”, deya sobiq MXX davri tugaganiga yana bir bor ishorat qilgan edi.

Ozodlik gaplashgan huquq tizimi mulozimlari¸ 20 mart kungi maxsus reydga prezidentning aynan 17 mart kungi chiqishi asos bo‘lgani va hibsga olinganlar orasida¸ Rashitjon Qodirov ko‘rsatmasida nomlari keltirilgan prokurorlar borligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoev 19 yanvar kuni Surxondaryoning Qiziriq tumanidagi uchrashuvda birincha marta MXX¸ xususan¸ uning ayrim tergovchilarini tilga olgani ortidan¸ ular ham sanoqli kunlar ichida hibsga olingan edi.

Ozodlik sobiq Bosh prokuror¸ qolaversa¸ sobiq MXX¸ Bojxona va Soliq qo‘mitasida borayotgan tozalashlar jarayonini kuzatishda davom etadi.

Bu jarayonlarga oid ma’lumotlarni Ozodlikka Telegram raqami (+420724971539) yoki elektron pochta (ozodlikmail@gmail.com) orqali yuborishingiz mumkin. Ozodlik¸ istagingizga ko‘ra¸ shaxsingiz sir qolishini kafolatlaydi.

XS
SM
MD
LG