Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:42

Qachongacha kutish kerak? Rossiyaning hali o‘tmagan prezident saylovi saboqlari


Rossiyaliklar 18 mart kungi prezident saylovida ovoz berishga otlanar ekan, bunaqa vaqtda odatiy savollarga o‘rin yo‘q ekanini yaxshi biladi. Hech kim qaysi nomzodning kampaniyasi yaxshi o‘tdi, qaysi birining saylovoldi platformasi ishonarli chiqdi, kim ikkinchi bosqichga o‘tadi, qabilidagi savollarni berib o‘tirmaydi. Birov kim yutib chiqishi haqida savol berishni ham istamaydi.

Amaldagi prezident Vladimir Putin to‘rtinchi muddatga ham saylanadi, lekin bu ayni paytda Rossiyada ro‘y berayotgan voqealar saboq olarli emasligini anglatmaydi.

Siyosatdan baland Putin

Texnik jihatdan olib qaraganda, prezident saylovida 8 nomzod ishtirok etyapti: yetti da’vogar va amaldagi prezident Putin. Ammo u kampaniyada qatnashmadi hisob. Hech qanday partiyaga mansub emas. Kampaniya uchun mablag‘ qidirmadi, ammo saylov uchun – nomiga bo‘lsa ham – yarim rasmiy jamg‘armalar va “Yedinaya Rossiya” partiyasidan pul oldi. TV munozaralarida ishtirok etmadi. Saylovoldi platformasini e’lon ham qilmadi.

Faqat 1 mart kuni mamlakat parlamentiga murojaat qildi. 3 mart kuni esa stadionda tarafdorlari oldida chiqish qilib, “farzandlarimiz va nabiralarimiz baxtli bo‘lishi uchun hamma ishni qilamiz”, qabilida mujmal va’dalar berishdan nari o‘tmadi.

Qizig‘i shundaki, Kreml uni siyosatdan baland, hatto aytish mumkinki, tashqari qo‘ydi. 17 yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan 65 yashar prezident matryoshka yoki ikki boshli burgut singari Rossiya ramziga aylanib qoldi.

Tayyorgarlik oldinroq boshlangan edi

Yillar davomida Rossiyada “boshqariluvchi demokratiya” amal qilmoqda, deb qulog‘imizga quyib kelishdi, biroq ushbu “boshqaruv” har bir saylov tsiklida g‘alati ko‘rinishlar bermoqda.

Saylov ustidan nazorat qat’iy va unda mustaqil ishtirokchilar ko‘zga tashlanmaydi. Saylov sayin rossiyaliklarning aksariyati “Putinga muqobil” nomzod ko‘rmayapti – mamlakatdagi joriy siyosiy tizimning eng ko‘zga ko‘rinarli xususiyati shu.

Jahon shaxmat dahosi, Putin siyosatining ochiqdan-ochiq tanqidchisi Garri Kasparov uning mashhurligi haqida shunday dedi: “Men bunga javoban bir gapni doim takrorlab yuraman: shaharda bittayu bitta restoran bo‘lsa-yu, boshqalari kuyib, kuli ko‘kka sovurilgan bo‘lsa, albatta u mashhur bo‘ladi”.

Lekin so‘nggi bir yarim yil mobaynida Kremlning siyosiy reja tuzuvchilari ushbu saylovga tayyorgarlik ishlari jilovini qo‘lida tutib turdi. 2016 yil martida Markaziy saylov komissiyasining soqolbardor raisi Vladimir Churov ishdan olinib, o‘rniga prezidentning inson huquqlari bo‘yicha vakilasi Ella Pamfilova qo‘yildi. Muammolari yig‘ilib qolgan mintaqalar gubernatorlari almashtirildi. Saylov kuni Rossiya Ukrainadan Qrimni tortib olgan sanaga ko‘chirildi.

Saylovlarni kuzatish bilan shug‘ullanadigan va so‘rov o‘tkazuvchi nodavlat tashkilotlari “chet el agenti” deb e’lon qilindi, chetga surildi va asosiy axborotni davlat OAVdan oladigan aksariyat rossiyaliklar ko‘z o‘ngida obro‘sizlantirildi.

Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy har xil ayblovlar bilan chetga surib qo‘yildi.

Jamoatchilik saylovdan ko‘p narsa kutayotgani yo‘q

Rossiyaliklarning ko‘pchiligi, hatto yoshlar ham barqarorlikni har narsadan muhim deb biladi. Ular saylov adolatli ekaniga ishonmaydi, lekin bunga parvo ham qilmaydi, chunki uni hech narsani o‘zgartirmaydigan rasmiyatchilik deb biladi.

Yashirin kuch ishlatish tahdidi

Garchi Rossiya siyosiy maydonni qattiq tartiblar ostida boshqarib, nazorat qilib turgan bo‘lsa ham, har joyda kuch ishlatish tahdidi ko‘zga tashlanib qoladi. Aholi politsiya ham, sudlar ham hukumat qo‘lida qurol ekanini yaxshi biladi. Hokimiyat tarmoqlari shaxsiy huquqlarni himoya qilish uchun bir-biriga qarshi borishi mumkinligini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.

Putin 2016 yili Milliy gvardiya tuzdi, uning 400 mingdan oshiq isyonlarning oldini olishga har doim shay xizmatchisi bor. Milliy gvardiya ruxsat berilmagan norozilik namoyishlarini bostirishda, hukumat “ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanish”da ayblayotgan o‘zgacha fikrlovchilar ortidan kuzatuvni yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynadi.

Muxolifat tutqinda

Putinchilarning qariyb 20 yillik boshqariladigan demokratiyasi davrida ular boshqaruviga muqobil biror siyosiy yo‘l yuzaga chiqishiga izn tegmadi. Kirov viloyati gubernatori bo‘lgan va ayni damda poraxo‘rlikda ayblanib, qamoqda o‘tirgan Nikita Belix va otib o‘ldirilgan Boris Nemsov singari liberallardan tortib Ella Pamfilovagacha bo‘lgan siyosatchilar tajribasi “narsalarni ichidan isloh qilish”ga urinishlar behuda ekanini ko‘rsatdi.

Prezidentlikka nomzodlardan biri Grigoriy Yavlinskiy 2011 yilda “Ozodlik” radiosiga bergan intervyusida Rossiyadagi siyosiy muhitga shunday baho bergan edi:

− Jamiyatda dinamika ham, rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchi ham yo‘q. Jamiyatda charchoq, norozilik, begonalashuv o‘sib bormoqda. Bunga nafaqat korruptsiya, inson va mulk huquqlari yo‘qligi, qolaversa, anchadan beri hech narsa o‘zgarmayotgani sabab bo‘lmoqda. Begonalashuvning sababi ham – shu. Muqobil fikr bo‘lgan joydagina o‘zgarish bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG