Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:59

MXX xodimini pichoqlagan Islom universiteti talabasi ustidan jinoyat ishi ochildi


Toshkent Islom universitetining 4-bosqich talabasi bo‘lgan 26 yashar yigit (ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum) ustidan O‘zbekiston MXX Chegara qo‘shinlari xodimiga pichoq urgani bois jinoyat ishi ochildi.

Qibray tuman huquq-tartibot organlaridan biri mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ “qonunga xilof hatti-harakatlar sodir etgani uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari uni izlashayotganligidan xabar topib" mamlakatni noqonuniy tark qilmoqchi bo‘lgan:

- Talaba 2017 yilning 13 dekabr kuni taxminan soat 18:00 da Toshkent viloyat, Qibray tuman, Zafarobod qishlog‘idan o‘tuvchi O‘zbekiston chegarasini kesib Qozog‘istonga noqonuniy tarzda o‘tib ketishga harakat qilganida chegarachi tarafidan to‘xtatildi. Ammo talaba MXX xodimi bo‘lgan chegarachiga faol qarshilik qilib unga pichoq tiqdi. Voqea joyiga yetib kelgan maxsus guruh talabani qo‘lga oldi va yaralangan chegarachini kasalxonaga olib bordi¸ dedi mulozim.

Unga ko‘ra¸ qo‘lga olingan talaba O‘zbekiston Jinoyat kodeksining birdaniga uch moddasi bo‘yicha ayblanmoqda:

- Ayblovlar jiddiy. Talaba O‘zbekiston JK 25-moddasi ( Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 104- moddasi (Qasddan badanga shikast yetkazish) va 223-moddasi bo‘yicha (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) ayblanmoqda. Dastlabki surishtiruv ishlari davom etmoqda. Tergovni Qibray tuman IIB xodimlari olib bormoqda¸ dedi mulozim.

"A’lochi talaba"

Toshkent Islom universiteti xavfsizlik bo‘limida ishlovchi xodimning Ozodlikka aytishicha¸ universitetining 4- bosqichida o‘qigan bu yigit Namangandan kelib tahsil olgan va 4 yil mobaynida intizomiy jazoga tortilmagan:

- Talabalar xulqi bizda qattiq nazoratda. Bu yigitning ekstremistik g‘oyalarga berilgani haqida hech qanday qayd yo‘q. Islom asoslari¸ oyat va hadislar bo‘yicha mustahkam bilim olgan¸ O‘zbekiston qonunlari va rahbariyatiga sadoqatini doimo namoyon qilib kelgan a’lochi talaba. "Shu talaba qamoqqa olindi"¸ "MXX xodimini pichoqlabdi"¸ "qochib ketib jangarilarga qo‘shilmoqchi ekan" deya tergovchi telefon qilganida biz shok bo‘ldik¸ deydi Islom universiteti xodimi.

Uning ta’kidlashicha “Universitet talabalari bilan sovuq qurolni o‘quv dargohiga olib kirmaslik “ haqida tushuntirish o‘tkazilgan.

- Endi bu talaba kecha viloyatdan kelgan emaski, "olma artishga olib yuruvdim pichoqni" desa. Bu talaba bilan boshqa talabalar qatori o‘quv dargohiga pichoq olib kelmaslik haqida suhbat o‘tkazilgan. Uni o‘quv dargohidan tashqarida pichoq olib yurishini biz nazorat qila olmaymiz, deydi universitet xodimi.

"Chapdast pichoqvoz"

Qibray tumani huquq-tartibot organlaridagi mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ Islom universiteti talabasi yonida olib yurgan pichoqdan “mahorat bilan foydalanib¸ jinoyatchilar biladigan uslub bilan chegarachini yaralagan”

Dastlabki tergov materiallarida “sovuq qurol” deya qayd qilingan pichoq ¸ jinoyat haqida ilk xabar tarqatgan eltuz.com nashriga ko‘ra¸ uzunligi 45 sm keladigan qo‘lbola xanjar bo‘lgan.

Talaba "Jihodga yo‘l" olganmidi?

Qibray tuman huquq-tartibot organlaridagi xodimga ko‘ra¸ Islom universiteti talabasi “qonunga xilof hatti-harakatlar sodir etgani uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari uni izlashayotganligidan xabar topib, javobgarlikka tortilishdan bo‘yin tovlab, O‘zbekiston Respublikasi hududini tark etib, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasiga o‘tib, yashirinishni o‘z oldiga maqsad qilgan.”

Shunchaki huquqbuzar?

Talabaning kursdoshlaridan biri¸ Ozodlik bilan suhbatda bu versiyani rad qildi:

- Hech qanday ekstremistik harakat qilmagan. Shunchaki u aylanma yo‘l bilan Qog‘og‘istonda ishlayotgan otasini ko‘rib kelish uchun yo‘lga chiqqanida qo‘lga tushib qoldi. U doimo borib-kelib turar edi¸ deydi talaba.

Pichoq taqqan talabalar

O‘zbekiston kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydigan talabalarning pichoqvozlik qilgani haqida keyingi bir yil ichida o‘nlab хabarlar chiqdi.

Joriy yil 18 noyabr kuni Toshkent maishiy xizmat va tadbirkorlik kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchisi 47 yashar qo‘shnisini pichoqlagan edi.

Toshkentdagi Borovskiy nomli Tibbiyot kollejida shu yil may oyida 17 yoshli Jasur Ibragimov kursdoshi tarafidan kaltaklab o‘ldirilishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Mart oyida esa, Toshkent Davlat texnika universitetining 1-kurs talabasi Toshkentdagi kollejlardan birining o‘quvchisini rashk sababli, oshxona pichog‘i bilan jarohatlagan edi.

XS
SM
MD
LG