Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:47

O‘zbek millioneri Surxondagi gaz koni aksiyalarini rus millioneriga sotdi. Kontrakt shartlari sir


O‘zbekistondagi ikkinchi yirik gaz koni sanalgan konni o‘zlashtirishga oid kelishuv imzolagan rossiyalik Andrey Filatovning Xalqaro Shaxmat federatsiyasi vitse-prezidenti sifatida "O‘zbekneftgaz" kompaniyasi raisi¸ O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi sobiq raisi Alisher Sultonov bilan ko‘pdan tanishligi aytiladi.
O‘zbekistondagi ikkinchi yirik gaz koni sanalgan konni o‘zlashtirishga oid kelishuv imzolagan rossiyalik Andrey Filatovning Xalqaro Shaxmat federatsiyasi vitse-prezidenti sifatida "O‘zbekneftgaz" kompaniyasi raisi¸ O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi sobiq raisi Alisher Sultonov bilan ko‘pdan tanishligi aytiladi.

Yillik daromadi 1 milliard AQSh dollariga yaqin ERIELL guruhi raisi Baxtiyor Fozilovga qarashli shirkat O‘zbekistondagi yirik konlardan birini o‘zlashtirishga haq beruvchi aksiyalarining yarmini boyligi qariyb 1 milliard AQSh dollariga teng rossiyalik Andrey Filatovga sotdi. Kelishuv narxi va shartlari hozircha jamoatchilikka oshkor etilmadi.

Rossiyadagi Globaltrans va Global Ports shirkatlari mulkdori Andrey Filatov o‘zbekistonlik Baxtiyor Fozilovga qarashli Altmax Holding Ltd. shirkati aksiyalarining 50 foizini sotib oldi.

Rossiya matbuotiga ko‘ra¸ Fozilovning 2015 yil noyabrida Qibrisda ro‘yxatga olingan Altmax Holding Ltd shirkati Surhan Gas Chemical Operating Companyga qarashli aksiyalarning 75 foizi egasidir.

Surhan Gas Chemical Operating Company esa¸ 2015 yili ish boshlagan “Mustaqillikning 25 yilligi” konining bosh operatori. Bu konda 100 milliard kubmetrdan oshiq gaz zahirasi borligi taxmin qilinadi. Bu esa¸ O‘zbekistonda ikki yilda o‘zlashtiriladigan gaz miqdoriga teng zahiradir.

Baxtiyor Fozilov va Andrey Filatov shirkatlari o‘rtasidagi aksiyalar savdosi tafsilotlari ¸xususan¸ kon operatorlari tarkibining nima sababdan o‘zgargani¸ rossiyalik tadbirkorning qaysi narx va qaysi shartlar bilan O‘zbekiston gaz sektoriga kirganiga oid tafsilotlar jamoatchilikka ochiqlanmadi.

Surhan Gas Chemical Operating Company vakili 1 dekabr kuni Ozodlik muxbirining aksiyalar oldi-sotdisiga oid tafsilotlarga oid savollarini ochiq qoldirdi.

Shirkatning jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi vakili¸ 20 daqiqadan so‘ng bog‘lanishni so‘ragach¸ kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga boshqa javob bermadi.

O‘zgarish tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Ozodlik muxbiri 1 dekabr kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Xizmat vakili bu xabarga ko‘zi tushganini bildirdi. Ayni paytda¸ “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konini o‘zlashtirish topshirilgan kompaniya aksiyalarining rossiyalik Andrey Filatovga sotilgani tafsilotlaridan mutlaq bexabarligini e’tirof etdi.

“Ochig‘i¸ bu konni Altmax Holding Ltd. o‘zlashtirayotgani¸ endi aksiyalari yarmini Filatovning Brighttree Holding LTD shirkatiga sotganini sizdan eshitib turibman. Ikkalasi ham xususiy shirkat va o‘zaro aksiyalarni olish yoki sotishni ularning o‘zlari hal qiladi”¸ dedi Ozodlik gaplashgan “O‘zbekneftgaz” vakili.

Shirkatning boshqa mutasaddisi ham¸ bu oldi-sotdiga “O‘zbekneftgaz”ning aloqasi yo‘qligi¸ uning tafsilotlaridan ham bexabarligini bildirdi.

O‘zbek gazining egasi kim?

O‘zbekiston konstitutsiyasining 55-moddasiga ko‘ra mamlakatdagi “yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir”.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbarlaridan biri Anvar Husainovning Ozodlikka aytishicha¸ konstitutsiyaning ayni shu moddasi¸ hukumatni bunday oldi-sotdilarda davlat va millat manfaatlari himoyachisi sifatida qatnashishini kafolatlaydi.

“Bir xususiy kompaniya ikkinchisiga o‘z aksiyalarini sotishga haqli. Olgan odam konda razvedka va topilgan gazni qazib olish haqqiga ega bo‘ladi. Ammo gazning egasi davlat va xalq. Shuning uchun¸ gazning qanchasi kimga tegadi¸ qanchasi ichki bozorga¸ qanchasi eksportga ketadi¸ buni davlat “mahsulotni taqsimlash bo‘yicha bitim” doirasida belgilaydi. Ana shu jarayonda “O‘zbekneftgaz” va Geologiya vazirligi xalq-davlat manfaatini qattiq turib himoya qilishi kerak. Ammo bu jarayonga oid ma’lumot sir tutiladi – bular O‘zbekistonning barcha yer osti boyligini chek elliklarga sotib yuborsa ham¸ bilmay o‘tiraveramiz. Bunday kelishuvlar shartini xalq bilishga mutlaq haqli. Matbuot surishtirishi¸ deputatlar so‘rov yuborishi va bunday oldi-berdilar ochiq bo‘lishi o‘ta muhimdir”¸ deydi Anvar Husainov.

“Kommersant” gazetasining yozishicha¸ Surxondaryodagi gaz konini o‘zlashtirish 2017 yilning aprel oyida Shavkat Mirziyoyevning Moskva safari davomida imzolanilgan “mahsulotni taqsimlash haqidagi bitim” doirasida amalga oshiriladi.

Andrey Filatov vakilining matbuotga bildirishicha¸ umumiy qiymati 5 milliard dollar bo‘lishi taxmin etilayotgan loyihaning tijoriy shartlari bo‘yicha hozircha kelishuv yo‘q.

Rossiyadagi ayrim moliyaviy tahlilchilar¸ Fozilov va Filatov shirkatlari o‘rtasidagi savdo qiymatining 100-300 million dollar atrofida bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Olgan kimu¸ sotgan kim?

“Mustaqillikning 25 yilligi” konining bosh operatori Surhan Gas Chemical Operating Company aksiyalarining mulkdori Altmax Holding Ltd egasi Baxtiyor Fozilov O‘zbekiston gaz va neft sohasidagi yirik loyihalar ijrochisiga aylangan ERIELL guruhi boshqaruvi raisidir.

Toshkent Iqtisodiyot universitetining Xalqaro iqtisodiy aloqalar yo‘nalishini tugatgan 42 yashar Fozilov¸ 2003 yili AQShda Markaziy Osiyodagi neft va gaz shirkatlariga ehtiyot qismlari yetkazib berish bilan shug‘ullangan Denmount Commercial LLC shirkatiga asos solgan. 2004 yildan beri Fozilov ERIELL guruhi boshqaruvi raisidir.

Yaqinlargacha bosh qarorgohi Chexiya poytaxti Pragada joylashgan

ERIELL shirkati 1999 yilda ta’sis etilgan va 2014 yilgi moliyaviy hisobotiga ko‘ra¸ shirkatning yillik daromadi 784.8 million evro (930 million AQSh dollari)ni¸ yillik o‘sishi esa¸ 180 foizni tashkil qilgan.

Shirkat rasmiy saytiga ko‘ra¸ u Rossiya federatsiyasi¸ Markaziy va janubiy Osiyo va Yaqin Sharqdagi yetakchi neft-gaz kompaniyalariga burg‘ulash texnologiyalari qurilishi va kapital remonti sohasida xizmat ko‘rsatuvchi xalqaro guruhdir.

2008 yili Rossiyada faoliyatini boshlagan ERIELL guruhi aksiyalarining foizini Gazprombank sotib olgan¸ 2015 yil dekabrida ERIELL bu aksiyalarining bir qismini qayta sotib olgan. Guruh aksiyalarining 39.6 foizi¸ ochiq ma’lumotlarga ko‘ra¸ hamon Gazprombankka tegishli.

Shirkatning keyingi yillarda O‘zbekiston neft va gaz sohasidagi yirik loyihalarni qo‘lga olayotgani aytiladi.

ERIELL guruhining Moskva¸ Praga va Toshkentdagi idorasi vakillari 1 dekabr kuni Ozodlik muxbirining shirkatning O‘zbekiston neft va gaz sektoridagi faoliyati¸ xususan¸ Baxtiyor Fozilovga qarshli shirkatning Filatov bilan tuzgan kelishuviga oid tafsilotlar haqidagi savollariga javob berishni istamadi.

Surxondaryodagi konni o‘zlashtirish haqqi berilgan operator aksiyalarining yarmini sotib olgan Andrey Filatov esa¸ 2017 yilgi Forbes boylari ro‘yxatiga ko‘ra¸ $950 million dollar egasi.

2014 yildan beri Rossiya shaxmat federatsiyasi raisi Andrey Filatov 2013 yil dekabridan 2017 yil fevraliga qadar O‘zbekiston shaxmat federatsiyasini boshqargan Alisher Sultonov bilan shaxmatchilar doirasida yaxshi tanish. Filatov 2014 yil avgustidan buyon Xalqaro shaxmat federatsiyasi vitse-prezidenti ham.

Ayrim Rossiya nashrlari¸ hozirgacha asosan transportirovka sohasida ishlab kelgan Filatovning o‘zbek gaz konlarini o‘zlashtirish jarayoniga qo‘shilganini “shaxmat taxtasi atrofidagi kelishuv” sifatida baholamoqda.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi sobiq rahbari Alisher Sultonov hozirda “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyati raisidir.

Ozodlik O‘zbekiston neft va gaz sektoridagi muhim shirkatlar¸ xususan¸ ERIELL guruhi faoliyatiga oid jurnalistik surishtiruv olib bormoqda. Bu guruhlar faoliyatiga oid ma’lumotlarni Ozodlikka yo‘llashingiz mumkin.

Telegram, WhatsApp tarmog‘idagi raqamlarimiz: +420 724 971 539; +420 724 740 755. Elektron pochtamiz: ozodlikmail@gmail.com

Ozodlik radiosi, agar istasangiz, shaxsingiz sir qolishini kafolatlaydi.

XS
SM
MD
LG