Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:19

Namanganda meva-sabzavot eksporti rejasini bajarmagan hokimlar jazolandi


O‘zbekiston mahalliy nashrlarining xabar berishicha, Namangan viloyatida meva-sabzavotni eksport qilish rejasini bajarmagan bir necha tuman hokimi, ularning o‘rinbosari va fermerlarni prokuratura ma’muriy javobgarlikka tortgan. Ozodlik suhbatlashgan prokuratura vakili bu yil meva-sabzavot hosili mo‘l bo‘lgani, ammo uning eksportida hokimlar va fermerlar emas, balki orada turgan o‘rtakashlar aybdor ekanligini aytmoqda.

O‘zbekistonda paxta va bug‘doy rejasini bajarmagan fermerlarning mol-mulkini musodara qilishga qaratilgan "Oybolta" tadbiri biroz tinchigan bo‘lsada, endi meva-sabzavot rejasini bajarmagan tumanlar hokimlarini va fermerlarni ma’muriy javobgarlikka tortish amaliyoti boshlandi.

Meva-sabzavotni eksport qilish bo‘yicha belgilangan reja bajarilmagani sababli Namangan viloyati Kosonsoy, Uchqo‘rg‘on va Chortoq tumanlari hokimlari, Kosonsoy, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on, Chortoq, Chust va Yangiqo‘rg‘on tumanlari hokimlarining o‘rinbosarlari hamda 16 nafar fermer xo‘jaligi rahbari ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

“Huquq” gazetasida bu haqda chop qilingan Bosh prokuratura boshqarma prokurori Murodiljon Mo‘minovning maqolasida hokimlarga solingan jarimalarning qancha so‘m ekanligi aytilmagan.

Prokuratura mulozimining yozishicha, rejaning bajarilmasligida ekinlarni parvarishlash, takroriy ekinlar ekish, eksport masalasida qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani sabab bo‘lgan.

Ammo, Namangan viloyati tumanlaridan birida ishlaydigan prokuratura mulozimi, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda meva-sabzavot rejasi bajarilmay qolganida hokimlar va fermerlar emas, balki meva eksporti bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar aybdor ekanligini aytdi:

“Bu yil Namangan viloyatida meva-sabzavotning eksporti keragidan ortiq bo‘ldi. Chunki bu yil meva-sabzavot yili bo‘ldi. Tayyorlov ham yaxshi bo‘ldi. Lekin nima sababdan ekanligini bilmayman, meva-sabzavot ortilgan o‘nlab yuk mashinalari Qozog‘istonga o‘tish chegarasida qolib ketdi. Ayni saraton issig‘ida meva-chevalar irib ketdi. Bu haqda Bosh vazirga ham maktub chiqarilgan”, dedi mulozim.

Prokuratura vakiliga ko‘ra, meva va sabzavotni qanday transportda olib chiqish haqida aniq tavsiyalar berilmagani sababli, shunday sansolarlik holatlari sodir bo‘lgan:

“Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning sentyabrida meva-sabzavotni yuk mashinalarida olib chiqishni Mirziyoev taqiqlab, farmon chiqargan edi. Yukni faqat poezd va samolyotlarda olib chiqishga ruxsat berilgandi. Keyin yuk mashinalarida olib chiqishga ruxsat 2016 yilning 1 iyuligacha uzaytirildi. Mevalar pishgandan so‘ng bu haqda boshqa qaror chiqmadi va bu chegarada mashinlarning to‘xtab qolishiga sabab bo‘ldi”, deydi prokuratura vakili.

Mulozim meva-sabzavot rejasi bajarilmagani uchun hokim va fermerlarni javobgarlikka tortish mantiqsiz narsa deydi:

“Meva-sabzavotni eksport qilishda eng birinchi manfaatli mulozim bu hokim bo‘ladi. Uning hududidan qancha ko‘p meva chiqsa unga shuncha yaxshi. Keyin hokimlarning yozilmagan o‘z “qoida”lari bor. Ular chiqib ketgan har bir mashina yoki vagon uchun “otkat” oladi. Shuning uchun u hech qachon bu ishni tashlab ham qo‘ymaydi. Bosh prokuratura mulozimining buncha hokimga ma’muriy chora ko‘rildi, deb yozgani bu faqat hisobot uchun. Aslida ular ham asosiy aybdor kim ekanligini yaxshi bilishadi”, deydi prokuratura mulozimi.

O‘zbekistonda meva-sabzavot eksporti necha yillardan buyon o‘zini oqlamay kelayotgani haqida mutaxassislar ko‘p gapiradilar. Ismi sir qolishini so‘ragan namanganlik bog‘bonlardan birining aytishicha, eksport bilan shug‘ullanuvchi firmalar dehqon etishtirgan hosilga naqd pul bermasdan nasiyaga olishi sabab, bog‘dorchilik xo‘jaliklari rahbarlarining ulardan ko‘ngli sovigan:

“Bizni necha yillardan buyon aldab kelishadi. Masalan men o‘n tonna olma olaman. Qoidasi bo‘yicha eksport bilan shug‘ullanuvchi agrofirma men bilan bahorda shartnoma tuzishi, narxni taxminan belgilashi va menga avans berishi kerak. Bular shunday qiladi, deysizmi, hayotda qilmaydi. Bu ham yetmagandek molingizni arzon-garovga nasiyaga oladi. Keyin bir yildan so‘ng harom-halish qilib pulingizni yarmini beradi yoki yo‘q. Xullas, bu hammasi o‘yin bo‘lib ketgan. Toki, dehqonning o‘ziga bor molingni o‘zing olib chiqib sot, mana buncha solig‘ini to‘la demaguncha hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. O‘rtakash firmalarning hammasi dehqondan yulishni istaydi”, dedi namanganlik bog‘bonlardan biri.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va fermerlar faoliyatini nazorat qilish ham prokuratura zimmasiga yuklangan. Prokurorlar dehqonlar yerni necha santimetr shudgor qilayotganidan tortib, dalaga qancha o‘g‘it chiqarilganigacha nazorat qiladilar. Tuman prokuraturalari qoshida qishloq xo‘jalik bo‘limlari tashkil qilinib, ularga uch-to‘rt nafar prokuratura xodimlari birkitilgan.

O‘zbekistonlik dehqonlar etishtirgan mevalariga shartnoma bo‘lishiga qaramay, eksport bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan sotib olinmayotgani haqida doim shikoyat qiladilar.

Chunonchi, joriy yilning may oyida Prezident qarori bilan yangi ish boshlagan “O‘zagroeksport” shirkati andijonlik bog‘bonlarning pishgan mevalarini qabul qilmaëtgani, bir hafta ichida terib olish kerak bo‘lgan g‘arq pishgan giloslarni har yilgi xaridorlarga sotishga ham ruxsat bermayotgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Ozodlik O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida meva-sabzavot rejasini bajarmagan tumanlar rahbarlari qanday jazoga tortilgani haqidagi tafsilotlarni o‘rganishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG