Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:12

Mirziyoev keksalarga palto olib berib, shaxmat o‘ynatmoqchi


2017 yilning 1 sentabrigacha O‘zbekistonda keksalar uchun trenajerlar bilan jihozlangan davolash-jismoniy tarbiya zallari quriladi.

Bunday zallar quriladigan “Nuroniylar maskani” markazlarida, shuningdek, kitobxonlar zallari, shaxmat, shashka o‘ynash uchun dam olish xonalari ham bo‘ladi.

Yolg‘iz va kam ta’minlangan keksa fuqarolarni umumiy miqdori 6,4 milliard so‘m hajmidagi qishki kiyim komplekti va poyafzal, shuningdek qishga g‘amlash uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan har yili ta’minlash rejalashtirilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 dekabrda imzolagan ikki hujjat - farmon va qarorda aytilgan.

"O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon juda katta hujjatdir.

Farmon, uning muqaddimasida yozilishicha, “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasining faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, keksa yoshdagi fuqarolarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligini yanada oshirish <...>maqsadida qabul qilingan.

Karimovcha "Nuroniy" o‘rniga Mirziyoevcha "Nuroniy"

Shavkat Mirziyoev o‘zining farmoni bilan Islom Karimovning 1996 yil, 4 dekabrdagi "O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi to‘g‘risida"gi farmonini bekor qildi.

Lekin bu - "Nuroniy" jamg‘armasi tugatilmoqda, degani emas, balki u aksincha, tashkiliy jihatdan yanada kuchaytirilmoqda.

Prezidentning farmoni bilan birgalikda 28 dekabr kuni uning “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham chiqdi.

"Nuroniy"chilar bexabar qoldi

Shunisi qiziqki, Ozodlikning aniqlashicha, prezidentning "Nuroniy" jamg‘armasiga oid farmoni ham, qarori ham “nuroniychilar”ning o‘zlari uchun yangilik bo‘ldi.

Har holda Jamg‘armaning Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridagi bo‘limlari mulozimlari bu ikki hujjat to‘g‘risida 28 dekabr kuni O‘zbekiston televideniesidan eshitganlarini e’tirof etdilar.

Har ikkala mulozim ham farmon va qarorda tilga olingan chora-tadbirlar qanday amalga oshirilishi to‘g‘risida hozircha hech qanday tasavvurlari yo‘q ekanligini tan oldilar.

Andijonlik “5 minuti kam pensioner”, 2 oydan keyin 60 ga to‘ladigan Qodirjon Ahmedov ham Ozodlik bilan suhbatda prezident 28 dekabrda imzolagan 2 hujjat to‘g‘risidagi xabarni televizordan eshitganini aytdi.

Qodirjon aka farmondagi keksalarning bo‘sh vaqtini band qilishga oid choralar to‘g‘risida fikr yuritar ekan, bunday dedi:

- Oqsoqollar uchun vaqt o‘tkazadigan joylar yo‘q. Prezidentning farmonini bugun eshitdim. Qariyalarga joylar ajratib berish to‘g‘risida aytibdi. Menimcha, agar amalga oshsa shu gaplar, yaxshi bo‘ladi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, keyingi yillarda choyxonalar eshiklari keksalar uchun yopilib qolgan: hammasi xususiy, ularning xizmati keksalarning cho‘ntagi ko‘tarolmaydigan darajada qimmat.

Prezident imzolagan farmon va qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar bir talay. Unda pensionerlarni sog‘lomlashtirish bilan bog‘liq tadbirlar belgilab qo‘yilgan.

Muhtojlarga tekin palto

Masalan, farmonga ilova qilingan sharhda yozilishicha, Andijon, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ochiq yurakda jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazish uchun umumiy summasi 9,7 milliard so‘m bo‘lgan hududlararo kardioxirurgik markazlar yaratish, yolg‘iz va kam ta’minlangan keksa fuqarolarni umumiy miqdori 6,4 milliard so‘m hajmidagi qishki kiyim komplekti va poyafzal, shuningdek qishga g‘amlash uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan har yili ta’minlash rejalashtirilgan.

"Mehnat faxriysi" "Keksalik gashti" haqida "Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi"da aytib beradi

Bundan tashqari "Mehnat faxriysi" nishonini ta’sis etish, haftalik "Nuroniy" gazetasi va oylik "Keksalik gashti" jurnalini nashr qilishgacha, hatto "Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi" teleko‘rsatuvining har oyda bittadan yangi seriyasini tayyorlash va namoyish etishgacha uqtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va qarorida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga 688,2 milliard so‘m, shuningdek, xalqaro moliyaviy tuzilmalarning 108,7 million AQSh dollari hajmidagi kredit va grant mablag‘lari jalb etilajagi aytilgan sharhda.

Hammasi yaxshi gaplar, lekin...

"Lekin" nimadan iborat ekanligi - O‘zbekistonda naqd pul taqchilligi bois pensiyalar berish kechikayotgani to‘g‘risida Ozodlik o‘nlab qaydlar, xabarlar, maqolalar yoritgan.​ Bu bir muammo. O‘zbekistonlik pensionerlarning boshqa, ajabtovur muammolari ham borki, masalan, Ozodlik bir oydan ko‘p xorijga chiqqan pensionerga pensiyasi berilmaydigan bo‘lgani to‘g‘risida ham o‘z vaqtida xabar qilgan edi.

Андижонлик Қодиржон Аҳмедов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:44 0:00
Бевосита линк

Ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda O‘zbekistonda yoshi 60 dan oshgan 2,8 mln., 80 dan oshgan 225 ming atrofida, 90 dan oshgan 40 mingdan ziyod, 100 dan oshgan 8,7 ming nafar kishi yashaydi.

XS
SM
MD
LG