Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:57

Turizmni rivojlantirish oshkoralikdan boshlandi


O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risidagi davra suhbati
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risidagi davra suhbati

“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi o‘rnida tashkil qilingan Davlat Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi o‘z faoliyatini muammolar haqida oshkora muloqotdan boshladi.

28 dekabrda “O‘zbekiston” mehmonxonasida soha rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish yo‘lida to‘g‘anoq bo‘laëtgan muammolar haqida ochiq gapirildi¸ deydi majlis ishtirokchisi¸ turistik shirkat vakili Islom Karimbekov Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Unga ko‘ra¸ majlisda turizm rivojiga halaqit berayotgan va ilgari aytilmagan holatlar¸ konvertatsiya yo‘qligi¸ registratsiya bilan bog‘liq byurokratiya tanqid qilingan.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev¸ Davlat turizmni rivojlantirish qo‘mitasining yangi tayinlangan rahbari Anvar Sharapov ishtirokidagi bu majlisda Rossiya va qozog‘istonlik turistlarni O‘zbekistonga jalb qilish masalasi qo‘yilgan.

Davra suhbati
Davra suhbati

Turistik shirkat vakili Islom Karimbekovning Ozodlikka bildirishicha, MDHdan keladigan turistlar uchun imtiyozli narxlar belgilanishi lozim.

Ayni majlisda ichki turizmni rivojlantirish masalasi ham ko‘tarilgan.

Oshkora majlislar o‘tkazaëtgan Davlat Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati vakili Ozodlik bilan suhbatlashishni istamadi.

Majlisda ko‘rilgan masalalarning bir qismi¸ ya’ni ichki turizmni rivojlantirish¸ MDH turistlariga imtiyoz kabi masalalar mahalliy matbuot tarafidan yoritildi. Konvertatsiya muammosi¸ turistlarning valyutada xaq to‘lashi bilan bog‘liq muammoli holatlar haqida majlisda aytilgan bo‘lsa ham bu mavzular matbuotga chiqmadi.

Tekin Wi-Fi¸ arzon mehmonxona vizasiz tashrif

Londonda chop qilinadigan Financial Times gazetasining 27 dekabr sonidagi maqolada Buyuk ipak yo‘lidagi qadimiy shahar Samarqand dunë turistlari uchun joziba markazi ekani aytiladi. Maqolada ta’kidlanishicha, 2017 yilda odamlar saëhat qilishni istaydigan Finlandiya¸ Madagaskar kabi mamlakatlar qatoriga O‘zbekiston ham kirgan. Maqolada O‘zbekistonni tashqi dunë uchun ochgan yangi prezident Mirziyoev ekani urg‘ulanadi.

Bu maqola e’lon qilinganidan bir kun o‘tib Toshkentda bo‘lgan davra suhbatida mulozimlar turistlarni jalb qilish uchun davlat dasturi ish boshlaganiga e’tibor qaratishdi.

Turizm sohasi bilan shug‘ullanadigan samarqandlik tadbirkor Ravshan Hazratqulovning aytishicha, narx belgilash masalasida davlatning aralashuvi foyda keltirmaydi:

- Shundoq ham arzon qilib qo‘yganmiz. Undan ham kamaytirsak, bankrot bo‘lamiz. O‘zbekistonga turist kelishini ko‘paytirish uchun davlat qiladigan ishlar bor. Masalan, registratsiya muammosi. Turist o‘zi yashagan shaharga uch kunga registratsiya qilinadi. Mehmonlar Urgut tumanidagi ziyoratgoh ëki Nurobod tumanida Hazrati Dovud g‘origa borsa, bu uch kun etmaydi. Qayta registratsiya qilish kerak. Bundan tashqari gaz va elektr o‘chmasligini ta’minlash lozim¸ deydi suhbatdosh.

Ayni paytda Hazratqulov boshqa viloyatlar bilan solishtirilganida Samarqand turistlar uchun ancha jozibali ekanligini ham ta’kidladi:

- Eng tez internet Samarqandda. Bugungi kunda aeroport va vokzal, shuningdek, Samarqanddagi Registon majmuasi hududida tekin Wi-Fi mavjud. 15 davlat vatandoshlari butunlay vizasiz kirishi haqidagi farmonni ham maqullayman¸ deydi suhbatdosh.

O‘ydim chuqur yo‘llar sayyoxlarni hurkitmoqda

Ozodlik suhbatlashgan Buxoro va Xivadagi turoperatorlar sayyohlarni hurkitayotgan omillarni sanashdi.

Buxoroning “Sitorai Moxi Hossa” majmuasiga turistlarni olib boradigan Asad Salomovning aytishicha¸ sayyoxlarning asosiy e’tirozlari¸ yo‘l va infratizilmalarning past standartda ekanligi¸ mahalliy gidlarning ingliz tilini yaxshi bilmasligi va kredit kartadan pul yechib olish kabi muammolarni o‘z ichiga oladi:

- Bu muammolarni biz echa olmaymiz¸ davlat yechishi kerak. Biz turistik shirkat o‘laroq sharoitlarni yaxshiladik. Avtobuslarni yangiladik¸ mehmonxonalar ta’mirdan chiqdi. Shofyor va gidlarning choychaqa so‘rab tilanishiga barham berdik. Lekin bankomatni pul bilan to‘ldirish qo‘limizdan kelmaydi¸ deydi tadbirkor.

Turistlarni O‘zbekistonga jalb qiladigan uchta shahardan biri Xivadagi mehmonxonalardan birining egasi ham ismi aytilmaslik sharti bilan muammolarni sanadi:

- Birinchi muammo bu yo‘llarning ahvoli. Yaqinda yaponlarni Turkmaniston chegarasidan olib keldik. Ular nuqul o‘ydim-chuqur yo‘llarni suratga olishdi. Ikkinchi muammo Xiva shahrida¸ Ichon-qal’ada restoran¸ kafe va tungi klublarning yetarlicha faoliyat yuritmasligi. Kechqurin soat 6dan keyin zimiston. Hech narsa ishlamaydi. Uchinchi muammo esa sayyohlarni to‘g‘ridan –to‘g‘ri Xorazmga olib kelish. Ularni ko‘pincha Buxorodan avtobusda charchatib olib kelishadi¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bu aytilgan muammolar yechimi borasida ish olib borilmoqda. Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev aeroportni o‘zida viza rasmiylashtirish doxil bir qancha qulayliklar joriy qilinishini davra suhbati chog‘ida va’da qilgan.

Shuningdek, sayyohlik muhim o‘rin tutadigan viloyat hokim o‘rinbosari zammasiga turizmni rivojlantirish vazifasi ham yuklanishi aytilmoqda.

2 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajarayotgan Shavkat Mirziyoev "O‘zbekiston Respublikasi sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonga qo‘l qo‘ygan edi.

Farmonda 15 davlat fuqarolariga butunlay, 12 davlatning esa 55 va undan yuqori yoshdagi fuqarolari uchun viza tartibini bekor qilish, bundan tashqari, 4 va 5 yulduzli mehmonxona, motel qurgan tadbirkorlarni 5 yilga soliqlardan ozod qilish, sohadagi sub’ektlarga valyuta tushumlarini davlat majburiy sotishni bekor qilish kabi yengilliklar ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG