Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:02

Mirziyoev xalqqa befarq rahbarni jinoiy javobgarlikka tortmoqchi


O‘zbekiston prezidentining farmoniga binoan, murojaatlar to‘g‘risidagi qonun talablarini buzgan rahbarlar va mansabdor shaxslar bundan buyon jazolanadi, hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Shu yo‘l bilan mahalliy rahbarlarning xalq bilan muloqotini yaxshilashga qaror qilgan Shavkat Mirziyoev endi joylarda xalq qabulxonalari ochmoqda va ularga bevosita o‘ziga hisob beruvchi xodimlarni qo‘ymoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning 28 dekabrda imzolagan "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, xalq qabulxonalari prezident devonida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek har bir tuman va shaharda tashkil etiladi. Bundan tashqari Prezidentning virtual qabulxonasi ham ishlaydi.

Farmondan asosiy maqsad, "aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish va murojaatlar bilan ishlashning sifat jihatidan yangi va samarali tizimi faoliyatini ta’minlash" ekanligi aytildi.

Bosh vazir virtual qabulxonasiga shu paytgacha qariyb 330 mingta shikoyat tushganidan so‘ng Shavkat Mirziyoev 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb atadi. Farmonda ham asosan shu maqsadda xalq qabulxonalari ochilayotgani va mahalliy rahbarlarning xalq dardiga quloq solishga, uning muammolarini hal qilishga majbur etilayotgani ta’kidlangan.

Farmonda "davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbarlari va mansabdorlari murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablari va normalarini buzganliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan javobgarlik xususida qat’iy ogohlantirilcin" , deyilgan.

Buxoro viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi so‘zlariga ko‘ra, kecha prezident farmoni e’lon qilinganidan so‘ng, shikoyatlar tushishi yanada ko‘paygan:

“Asosan gaz va svetdan tushyapti shikoyatlar. Mana bugun tushgacha gaz yo‘qligidan 25 ta, svet yo‘qligidan 15 tacha shikoyat tushdi. Keyin tadbirkorlar arz qilishyapti. Biz bu shikoyatlarni darhol ro‘yxatga olib uni hal etish uchun hokimlikning tegishli bo‘limlariga jo‘natyapmiz. To‘g‘ri, gaz va svetni hal qilish qiyin bo‘lyapti. Lekin boshqa shikoyatlar darhol ko‘rib chiqilyapti”, dedi mulozim.

Mulozimning "barcha shikoyatlar tegishli bo‘limlarga hal qilish uchun yuborildi", degan gapini Bosh vazirning virtual qabulxonasiga yuzdan ortiq shikoyat jo‘natgan andijonlik 55 yashar tadbirkor Mahmudjon Barotxo‘jaev savol ostiga qo‘ydi. Tadbirkor fikricha, virtual qabulxonadan tekshirish uchun mahalliy hokimiyatlarga qaytarib yuborilgan arzlar shikoyat "qahramonlari" qo‘lida hal bo‘lmay qolib ketyapti:

- Bu prezidentning yaxshi tashabbusi, buni qo‘llab-quvvatlayman. Lekin gap uning ijrosida. Chunki shu paytgacha virtual qabulxonaga murojaat qilgan yuzlab kishining shikoyatlari natijasiz qolayotganini ko‘rib turibman. 25 yil davomida mansablarda o‘tirgan rahbarlar xalqni eshitmadi yoki eshitsada javob berishni istamadi, ular korrupsion tizimning bir zanjiriga aylanib qolgan edi. Bu zanjir bugun eng kichik mansabdordan hukumatning eng yuqori mansabdorlarigacha tortilgan, deydi Mahmudjon Barotxo‘jaev.

Tadbirkorning umid qilishicha, yangi prezident korrupsiyaning bu zanjirini yanchib tashlaydi:

"Yangi prezident bularning hammasini sindirib, supurib tashlab, halol odamlarni qo‘yadi, deb umid qilaman. Bo‘lmasa, qabulxonalarga murojaatlarning eng kichiklari hal qilinishi mumkin, xolos. Lekin, toki jamiyatda adolat, haqgo‘ylik, korruptsiyaga qarshi haqiqiy kurash bo‘lmas ekan, xalq qabulxonlaridan katta o‘zgarishlar kutish qiyin. Lekin biz przidentdan haqiqiy o‘zgarish qilishini kutib qolamiz”, dedi Mahmudjon Barotxo‘jaev.

Farmonga ko‘ra, endi Prezident devoni tarkibiy tuzilmasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tuziladi va u davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam axborot berib boradi.

"Virtual qabulxonadan odamlar ruhlandi"

O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga aylantirilgan Bosh vazir virtual qabulxonasi PM.gov.uz portaliga shu kungacha 323 mingdan ko‘p shikoyat kelib tushgani va uning qariyb 256 mingtasi ko‘rib chiqilgani yozilgan.

Feysbukdagi "Tashabbuskor yoshlar" guruhi O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga kelib tushgan va ijobiy hal etilgan shikoyatlarni muntazam o‘qib, eshittirib bormoqda.

Farg‘onalik tadbirkor Hasanjon Olimovning aytishicha, odamlarga shikoyat qilish erkinligi berilganidan so‘ng, ularda yaxshilikka umid paydo bo‘la boshladi:

"Hokimlarimiz ham sekin-sekin xalqqa qayishganday bo‘lyapti. Yig‘ilishlarda qanday muammolaringiz bo‘lsa aytinglar, hal qilib beramiz deyapti. Bir tadbirkor "men 300 odamga ish beraman, gaz bilan svet bering", dedi. Hokim o‘zi bosh bo‘lib gaz ham svet ham tushirib berdi. Mana endi urra qilib ishlayapti. Tadbirkorlani yaxshi eshitishyapti. Umuman olganda, odamlar qalbida qandaydir umid uchqunlari paydo bo‘ldi. Balki, xalq qabulxonalari ochilsa, prezident vakili o‘zi odamlarni eshitsa bundan ham yaxshi bo‘lar", deydi Hasanjon Olimov.

XS
SM
MD
LG