Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:08

2016 yil Karimov bilan uning davri shoirlarini ham olib ketdi


Yakuniga yetayotgan 2016 yil O‘zbekiston siyosiy hayotiga mamlakatning 27 yillik rahbari Islom Karimov o‘lgan yil sifatida kirgan bo‘lsa¸ o‘zbek madaniy hayoti uchun 2016 yilxalqning eng taniqli adabiyot va san’at arboblarini olib ketgan yil bo‘ldi. O‘zbek she’riyatiga xalq ruhidagi ma’naviy uyg‘onish nafasini olib kirgana Erkin Vohidov va Abdulla Oripov aynan shu yili ketma-ket hayotdan ko‘z yumdi.

“O‘zbegim” deb tanilgan xalq shoiri

O‘zbeklarning norasmiy gimniga aylangan “O‘zbegim” qasidasi muallifi¸ O‘zbekiston Xalq shoiri va “O‘zbekiston Qahramoni” Erkin Vohidov og‘ir xastalikdan so‘ng 30 may kuni Toshkentda 79 yoshida vafot etdi.

31 may kuni Toshkentning atoqli o‘zbek ziyolilari xilxonasi bo‘lmish “Chig‘atoy” qabristoniga dafn etilgan Vohidov vafoti munosabati bilan mamlakatning o‘shandagi prezidenti Islom Karimov qisqagina ta’ziya bildirdi.

Mustaqillikning ilk yillaridan to 2010 yilga qadar siyosiy hokimiyat ardog‘ida bo‘lib kelgan Erkin Vohidov¸ hayotining so‘nggi yillari davomida keng jamoatchilik nazari¸ xususan¸ tele va radiodasturlardan yo‘qolib qolgan edi.

Xalq shoiriga nisbatan uning hayoti so‘nggida ko‘zga tashlangan e’tiborsizlik¸ uning o‘limidan bir necha oy o‘tib¸ aniqrog‘i Islom Karimov vafotidan so‘ng¸ Shavkat Mirziyoev hokimiyat tepasiga kelishi bilan o‘zgardi.

2003 yili O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Samarqand viloyati hokimi Shavkat Mirziyoev nomzodini Bosh vazirlikka tavsiya qilganida¸ Mirziyoevni qo‘llab so‘zga chiqqanlar orasida deputat Erkin Vohidov ham bor edi.

“Men Shavkat Miromonovichni 14 yildan beri¸ shu 1989 yilda saylangan parlamentda birgalikda a’zo bo‘lib¸ Oliy kengashda birgalikda a’zo bo‘lib¸ o‘sha vaqtdagi faoliyatidan bilaman. Ana shu kunlarda bir deputat sifatida Shavkat Miromonovichning tutgan pozitsiyasi¸ uning qat’iy bir xarakteri¸ mustahkam tutgan o‘rni meni hamisha bu insonga nisbatan hurmat bilan qarashga da’vat qilardi. Shavkat Miromonovich ikkita oblastning rahbarlik lavozimida ishlab¸ o‘zining qobiliyatini ko‘rsatdi. Bunday qat’iy xarakterlik insonning yurtga kerak ekanligini his qilaman”¸ degan edi Oliy Majlisning Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi sifatida gapirgan shoir Erkin Vohidov.

Prezident nazaridan qolgan Erkin Vohidov dafn marosimida o‘shandagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning o‘zi bosh-qosh bo‘lgan¸ O‘zbekiston 2-prezidenti etib saylanishi bilanoq imzo chekkan ilk qarorlaridan birida Mirziyoev Erkin Vohidovning 80 yilligini mamlakat bo‘ylab keng nishonlash va shoirga haykal qurish haqida farmon berdi.

Xalq dono, shu bilan birga odil. Biz bir-birimizni har qancha maqtamaylik, bir-birimizga unvonu nishonlar taqmaylik, xalq suymasa – qabul qilmaydi”¸ degan edi Erkin Vohidov.

Munaqqidlar fikricha¸ o‘zbek she’riyatiga “sodda buyuklik” yoxud “buyuk soddalik”ni olib kirgan Erkin Vohidov she’rlari¸ uning o‘limi¸ qolaversa¸ 2016 yil kabi tugayotgan va kelajak yillar chegarasidan o‘tib¸ yangi nasllarga ham yetib borish potensialiga ega ma’naviy merosdir.

So‘ng nafasda “O‘zbekiston – vatanim manim”ga sig‘magan shoir

“Shoirlar qishloqda tug‘ilib¸ Parijda o‘ladi”¸ deydi fransuz maqollaridan biri. 2-jahon urushi boshlangan yilning ayni Navro‘z kunida nafaqat dunyoning¸ balki O‘zbekistonning ham chekka qishlog‘i – Qashqadaryoning Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilgan Abdulla Oripov¸ 2016 yilning 5 noyabrida o‘zi ta’rif bergan “sehrli diyor” – Amerikaning Hyuston shahrida vafot etdi.

75 ga kirgan shoir Texas shtatida yashayotgan qizining oldiga muolajaga borganida¸ 3 noyabr kuni buyrak etishmovchiligi oqibatida komga tushib¸ 5 noyabr kuni kasalaxonada jon berdi.

“O‘zbekiston Xalq shoiri”¸ “O‘zbekiston Qahramoni”¸ mustaqil O‘zbekiston davlatining ilk gimni muallifi Abdulla Oripov¸ Erkin Vohidov kabi sotsialistik realizm qoliplaridan toshib¸ 60-yillarda ko‘z ocha boshlagan o‘zbeklarning ma’naviy uyg‘onishi jarayonini she’riyatga ko‘chirgan shoir sifatida adabiëtgan kirdi. Garchi Oripov she’riyati ham¸ uning shaxsi ham turli ziddiyatli qarashlarga nishon bo‘lgan bo‘lsa-da¸ munaqqidlar ta’biricha¸ Oripov o‘zbek she’riyati¸ o‘zbeklar ma’naviyatida aynan 60-70-yillardagi she’rlari bilan qoladi.

Avvaliga Islom Karimov ardog‘ida bo‘lgan¸ O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rais bo‘lgan Abdulla Oripov ham¸ umrining so‘ng yillarida bu ardoq va e’tibordan mosuvo bo‘lgan¸ hatto uning o‘z muxlislari bilan uchrashuvlariga ham izn berilmay qo‘ygan edi.

Erkin Vohidovdan farqli¸ Islom Karimov o‘limiga guvoh bo‘lgan Abdulla Oripov¸ muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusiga asosan e’tibor bilan so‘nggi yo‘lga kuzatildi. 9 noyabr kuni “Chig‘atoy”ga qo‘yilgan Oripov janozasida Shavkat Mirziyoevning o‘zi qo‘l bog‘lab turgani¸ uning sha’niga hassos so‘zar aytgani ko‘rildi.

Tirik (avgustga borib o‘ladigan) Karimov tabrigini o‘qib eshittirigan o‘lik suxandon

2016 yilning so‘nggi kunlaridan uning ilk kunlariga nazar tashlansa¸ yilning o‘ziga xos majozlar bilan boshlangani kuzatiladi.

2016 yilning ilk kuni - 1 yanvarda o‘zbekistonliklarga yaxshi tanish bo‘lgan telediktor Abdumo‘min O‘tbosarovning vafot etgani ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston milliy televideniesining 56 yashar yetakchi eng suxandoni¸ o‘limi haqidagi xabardan sanoqli soatlar oldin - 31 dekabr tunida¸ an’anaga ko‘ra¸ prezident Islom Karimovning Yangi yil tabrigini o‘qib eshittirgan edi.

Ozodlik manbalari¸ milliy telekanallarda O‘tbosarov o‘qigan prezident tabrigi ko‘rsatilayotgan paytda¸ diktorning allaqachon o‘lib bo‘lganini bildirdi.

Ularga ko‘ra¸ prezident tabrigi 30 dekabr kuni yozib olingan¸ 31 dekabr kuni esa tabrikning o‘zgartirilgan variantini o‘qish zarurati paydo bo‘lgan.

Shu kuni Abdumo‘min O‘tbosarov uyidan zudlikda televideniega chaqirtirilgan.

O‘zgartirilgan matnni yozish jarayonida Abdumo‘min O‘tbosarovning tobi qochgan. Yurak xuruji ortidan taniqli suhandon shifoxonaga olib ketilgan.

O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi bir qancha Internet nashrlari Abdumo‘min O‘tbosarov MTRK raisi dashnomiga chiday olmasdan infarkt bo‘lganini iddao qildi¸ ammo hozirga qadardavlat televideniesi rahbariyati bu xabarlar yuzasidan izoh bermadi.

Uzoq yil ishlagan suxandon Abdumo‘min O‘tbosarov vafot etgani haqida davlat televideniesi va matbuotida xabar ham berilmadi.

“O‘tgan kunlar” dan “Kelinlar qo‘zg‘oloni”ga qadar

2016 yilning 25 oktabr kuni Shvetsiyaning Stokholm shahrida taniqli o‘zbek kinochisi Melis Abzalov 78 yoshida yurak xurujidan vafot etdi va 26 oktabrda shu shahardagi musulmon qabristonida tuproqqa qo‘yildi.

Oripov kabi Abzalov ham Shvetsiyada yashayotgan qizinikiga kelganida¸ xasta bo‘lib¸ hayotdan ko‘z yumdi.

Kinorejissyor yaratgan "Kelinlar qo‘zg‘oloni", "Suyunchi", "Chinor ostidagi duelь", "Maysaraning ishi, "Armon", "O‘tgan kunlar", "Chimildiq" kabi filьmlar o‘zbek kinosevarlariga yaxshi tanish.

O‘lmas mumtoz qo‘shiqlar ijrochisi

O‘zbekiston Xalq hofizi O‘lmas Saidjonov 13 fevral kuni 65 yoshida vafot etdi va ertasigaToshkentning “Minor” kabristoniga dafn etildi.

1951 yilning 10 yanvarida Kitob tumanida tug‘ilgan O‘lmas Saidjonov Qarshi davlat pedagogika instituti hamda Toshkent davlat irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlaganiga qaramay, 1969 yilda yosh ijrochilar respublika ko‘rik-tanlovida g‘olib chiqqanidan so‘ng o‘z umrini san’atga bag‘ishladi.

Hofizning "Surating", "Oshiq bo‘libman", "Guluzorim","Jonon bo‘laman deb" kabi ko‘plab qo‘shiqlari san’at muxlislari qalbidan joy olgan.

Ziyo tarqatgan Danko

O‘zbekistonlik taniqli faylasuf olim va davlat arbobi¸ akademik Said Shermuhammedov 15 fevral kuni 86 yoshida vafot etdi.

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, uzoq xastalikdan so‘ng olamdan o‘tgan olim 16 fevral kuni Toshkentdagi Minor qabristoniga dafn etilgan.

Said Shermuhammedov 1930 yilning 12 mayida Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tug‘ilgan.

Uzoq yil O‘zbekiston Maorif vaziri lavozimida ishlagan. Shuningdek, Toshkentdagi Qori Niyoziy nomidagi pedagogika ilmiy-tadqiqot institutida rektor, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida falsafa kafedrasining mudiri lavozimlarida ishlagan.

Said Shermuhammedov o‘zbek falsafasi asoschilaridan biri bo‘lgan. Abdulla Oripov Shermuhammedovga bag‘ishlab yozgan she’rida uni Dankoga qiyoslab¸ o‘z qalbini yorib¸ atrofga ziyo taratgan zot sifatida ta’riflagan edi.

Ajralmas aka-uka hofizlarni o‘lim ajratdi

18 noyabr kuni taniqli hofiz Ismoiljon Vahobov 67 yoshida vafot etdi va ertasiga Toshkentdagi “Bolta mozori”ga dafn etildi.

Ismoiljon Vahobov 1949 yil 19 yanvarda Andijon viloyatining Chinobod shaharchasida tug‘ilgan.

U ukasi Isroiljon bilan birga duet kuylab 80-yillarda tanilgan edi.

So‘nggi yillarda o‘zbek teleekranlaridan imi-jimida yo‘qolgan taniqli san’atkorlar kabi bu hofizning ham katta sahnada ko‘rinmay qolganiga ancha bo‘lgan edi.

SSSR paytida oyog‘i to‘pga yetgan to‘rt o‘zbekdan biri

23 noyabr kuni Toshkentda afsonaviy “Paxtakor” futbol jamoasining o‘yinchisi Ravshan Yunusov vafot etdi va Toshkentning “Ko‘kcha” qabristoniga dafn etildi.

O‘tgan asrning 60-70 yillarida Ravshan Yunusov O‘zbekistonda millati o‘zbek bo‘lgan uch-to‘rt nafar futbolchilardan biri bo‘lgan. Ravshan Yunusov o‘z davrida SSSRning eng mashhur futbol jamoalarida ham to‘p surgan.

Ravshan Yunusov “Paxtakor” jamoasi safida SSSR chempionatida ishtirok etgan. Bundan tashqari o‘zbek futbolchisi Leningradning “Zenit”, Moskva va Kievning “Dinamo”, Armanistonning “Ararat” futbol jamoalarida ham o‘ynagan.

XS
SM
MD
LG