Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:49

Qo‘shiqchi Kaniza “Million” jamoasi ustidan hukumat portaliga shikoyat ëzdi


Qo‘shiqchi Kaniza
Qo‘shiqchi Kaniza

Kaniza taxallusi bilan qo‘shiq aytadigan 30 yashar Shahrizoda Ahmedova “Million” jamoasi ustidan O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga ariza yozib¸ "million"chilarni konsert davomida o‘z “nomusini surunkali poymol” qilganlikda aybladi.

Shikoyatga ko‘ra¸ sentabr oyida "Million" jamoasining Toshkentdagi "Istiqlol" san’at saroyidagi konsertiga yig‘ilgan 5000 tomoshabin ko‘z o‘ngida Kaniza qo‘shiq aytgayotganida¸ tabloda shahvoniylikka sha’ma qiladigan yozuvlar namoyish qilingan.

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ "O‘zbeknavo" litsenziyasi bo‘yicha xonandalik faoliyati olib boradigan Shahrizoda Ahmedova nomidan O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga shikoyat tushgan va bu shikoyat ko‘rib chiqilgan:

- Portalga tushgan shikoyat yuzasidan kerakli choralar ko‘rildi. Shikoyatda shu yilning sentabr oyida bo‘lgan “Million” jamoasi konsertida Kaniza ijodiy ismi ostida chiqqan Ahmedova ataylab kalaka qilingani ta’kidlanadi.“Million” jamoasi rahbari Davron Kabulov bu shikoyatdan tegishli xulosa chiqarib¸ ushbu konsert yozilgan disklarni savdo shohobchalaridan qaytarib oldi¸ deydi manba.

Ayni paytda Kaniza (Shahrizoda Ahmedova) Ozodlik muxbiri bilan suhbatda “Million” jamoasi va uning rahbari Davron Kabulovni sudga berish niyatida ekanini bildirdi.

"Million" jamoasi rahbari Davron Kabulovning mahalliy matbuotga aytishicha¸ sentabr oyida Kaniza ishtirokida bo‘lgan kontsert qo‘shiqchining o‘zi va uning ma’muri bilan kelishilgan holda hozirlangan.

“Bitta konsertda har qanday kutilmagan gap aytilishi mumkin, ammo "Million"ning konserti 7 kun 9 seans (!) o‘tkazildi. Shulardan sakkiztasida ishtirok etdingiz. «Sahnada nima bo‘lganidan xabarim yo‘q», debsiz. Sakkizta seans-a! Repetitsiyaga kim keldi, quyib qo‘ygandek sizga o‘xshaydigan qiyofadoshingizmi?"¸ deya ritorik savol bergan Kabulov qo‘shiq aytilganida tabloda namoyish qilinadigan tasvirlar uchun Kanizaning roziligi olinganini bildirdi.

“Suhbat davomida qaysi rasmlar muhokama qilinishini kim bilan gaplashgandim? O‘sha rasmlarni o‘zingiz Telegram orqali administratorimga tashlab berganingiz yodingizdan chiqdimi?” “O‘zbeknavo”dan tortib, portalgacha arz qilib, hamma axborotni chiqarib bo‘lib, bugun menga qo‘ng‘iroq qilayapsiz: «Gaplashib olaylik», deb. Ungacha raqamim yo‘qmidi? deya savol beradi Kabulov.

Mol yemidan chiqqan janjal

O‘zbek shou biznesida yuzaga chiqqan bu janjal tafsilotiga oydinlik kiritish uchun Ozodlik muxbiri qo‘shiqchining ma’muri Sanjar Xolmurodov bilan gaplashdi. Uning aytishicha¸ barcha muammo Kaniza qo‘shiq aytayotganida tabloda yozilgan “shulxa” so‘zidan kelib chiqqan:

- Shulxa ruscha sheluxa so‘zininng buzilgan varianti. Mol yemi degan ma’noda. Lekin bu yerda ushbu kalima shlyuxa ya’ni fohisha ma’nosida sha’ma qilinayapti. Biz Kanizaning kiyimlari borasida hazil gaplar aytiladi, deya kelishgan edik. Ular esa kelishuvni buzib, Kanizaning ayollik sha’nini poymol qiladigan gaplarni yozishdi. “Yaqinda ochildi” deb yozib, Kanizaning yaqinda ilk marta turmush qurganiga shahvoniy ishora berishdi. Bu gaplar Kanizani o‘ziga, onasiga ruhiy zarba bo‘ldi. Biz “Million” kulgi jamoasi rahbari Davron Kabulovni sudga beramiz¸ deydi Sanjar Xolmurodov.

Kanizaning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda u kuylayotganida orqa ekranda uyatsiz so‘zlarga shama bo‘lgan gaplar yozilgani shov-shuvga aylanib, AQShda yashayotgan onasiga odamlar xatlar yoza boshlaganini aytadi:

- Men konsertda chiqishimga roziligim faqat meni imijim va boshimdagi narsalar prikoliga rozilik bo‘lgan! Nega kelishilmagan titr qo‘yib yuborilgan? Konsert kunlari bir-ikki marta ekranga qarab¸ undagi yozuvlarga unchalik ahamiyat bermadim¸ tushunmadim ham, chunki bu rejada bo‘lmaganku! Ular yomon narsalarga shama ekanini bilmaganman.Chunki men to‘g‘ri fikrlaydigan ayolman¸ deydi Kaniza.

Bundan oldin Kaniza mahalliy radioga bergan suhbatida bu konsertdan keyin eri tashlab ketganligini aytgan edi.

Ozodlik bilan chorshanba kungi suhbatda Kaniza eri bilan yarashishga umid borligini aytsa ham¸ "Million" jamoasini sudga berish niyatidan qaytmaganligini ta’kidladi.

“Million” qiziqchilar jamoasining litsenziyasi 2014 yilda to‘xtatilgan edi. Jamoa “litsenziya shartlarida ko‘zda tutilgan axloq-odob me’yorlaridan chiqqani va shahvoniy mavzularda yumoristik lavhalarni jamoatchilik oldida ijro qilgani uchun” litsenziyadan mahrum qilingan.

Kaniza haqida ma’lumot

Kaniza ismi bundan ikki yil oldin O‘zbekistonda "ashulachilar vazirligi" maqomida bo‘lgan “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasi seshanba kuni ashulachilar va ularning ma’murlari uchun tarbiyaviy majlisda salbiy ma’noda tilga olingan edi.

Bu majlisda Kanizaning "ochiq-sochiq kiyinishi¸ behayo turmush tarzi" tanqid qilingan edi.

Bundan tashqari¸ ayni majlisda Kanizaning administratori ustidan jinoiy ochilgani ham tadbirda qayd qilingan edi.

Joriy yilda Kanizaning nikoh to‘yini "Istiqlol" san’at saroyida o‘tkazishga “O‘zbeknavo” ruxsat bermagan edi.

Ahmedova Shahrizoda Farhodovna — Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan, oilada to‘rtinchi farzand.

U Ozodlik bilan suhbatda buvisi Kanizaxonning ismini o‘ziga taxallus qilib olganini aytadi.

2001 yili o‘rta maktabni tugatib Toshkent shahridagi Benkov (Hozir Kamoliddin Behzod - tahr.) nomidagi O‘zbekicton rassomchilik kollejiga o‘qishga kirib¸ 2004 yili tugatgan.

Kaniza yakkaxon qo‘shiqchi sifatida 2006 yilda «Jonona» guruhida faoliyat boshlagan.

2006 yildan hozirgi kunga qadar Toshkent shahridagi Shayhontohur tumani “Bolalar ijodiyoti uyi”ning “Bolalar” estrada vokal guruhi rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG