Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:11

Saratovda -10 sovuqda 6 kun avtobusda yashagan o‘zbek muhojirlari Qozog‘iston tomonga yo‘lga chiqdi


43 o‘zbekistonlik 6 kecha-kunduz yashagan Setra avtobusi. (Fotolar Pugachyov sh. Qutqaruv xizmati tomonidan taqdim etildi)
43 o‘zbekistonlik 6 kecha-kunduz yashagan Setra avtobusi. (Fotolar Pugachyov sh. Qutqaruv xizmati tomonidan taqdim etildi)

Rossiyaning Rostov-Don shahridan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini Toshkentga olib ketayotgan avtobus Saratov viloyatida buzilib, yo‘lda qolib ketdi. 43 o‘zbekistonlik 6 kun davomida boshqa transport kutib, sovuqda, avtobus salonida yashadi. Qutqaruvchilarning aytishicha, hozirda bu yo‘lovchilar Qozog‘iston chegarasi tomon jo‘natib yuborilgan, lekin, endilikda, buzilgan avtobusda O‘zbekistondan kelgan yangi 15 kishi yashay boshladi.

Rostov-Don shahridan o‘zbek migrantlarini Toshkentga olib ketayotgan Setra rusumidagi yo‘lovchi avtobus Saratov viloyatining Pugachyov shahri yaqinida buzilib qoldi.

Transport kompaniyasidan “Kutinglar, boshqa avtobus yuborayapmiz!” javobini olgan salondagi haydovchilardan tashqari 40 muhojir ikki-uch kunda yetib kelishi aytilgan mashinani kutishga qaror qildi.

Biroq, avtobus egalari 6 kun deganda ham paydo bo‘lmadi.

"Ularda pul va salonni isitishga solyarka tugagach, o‘qi sinib ketgan avtobus haydovchilari nihoyat Pugachyov shahri Qutqaruv xizmati dispetcherlik bo‘limiga yordam so‘rab murojaat qildi",- dedi Ozodlikka Pugachyov shahar Qidiruv-qutqaruv xizmati boshlig‘i Aleksandr Belashov.

U o‘ta eskirib ketgan avtobus haydovchisi qutqaruvchilarga murojaat qilmagani va yo‘lovchilarni turli bahonalar bilan aldab, 6 kun ushlab turganini ma’lum qildi.

Muhojirlar 6 kun avtobusda yashagan
Muhojirlar 6 kun avtobusda yashagan

- Solyarka tugagunicha ular avtobusda o‘tiraveribdi. To‘g‘risi, tashuvchi shirkat ular bilan noinsoniy munosabatda bo‘lgan. 24 dekabr kuni ertalabki 9 larda bizga xabar kelgach, politsiya yordamida ularni vokzal binosiga isinishga olib keldik. Ular orasida 24 yashar homilador ayol ham bor ekan. Uni shifoxonaga olib bordik. Biroz isitmasi ko‘tarilgan va ahvoli yomonlashgan ayolga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ammo u yotoqxonada qolishdan bosh tortdi, avtobus usiz ketib qolishidan qo‘rqdi. Unga kerakli dori-darmon sotib olib berdik va yana avtobusga olib borib qo‘ydik, dedi Aleksandr Belashov.

Avtovokzalga keltirilgan qolgan o‘zbek muhojirlari mahalliy kafeda ovqatlantirilgani aytildi.

Homilador ayol Pugachyov sh. shifoxonasiga keltirildi
Homilador ayol Pugachyov sh. shifoxonasiga keltirildi

Pugachyov shahar qutqaruvchilari boshlig‘i avtobusda ketayotgan 40 kishi, jumladan, homilador ayol ham, O‘zbekistonga yuborilgani, ammo 15 kishilik yana bir guruh tuzatilayotgan mashinada qolayotganini bildirdi:

- Shanba kuni kechqurun qozoq chegarasi tomonidan nihoyat boshqa avtobus yetib kelibdi. Bilishimcha, avtobus bo‘sh kelmasligi uchun, haydovchi qozoq chegarasidan O‘zbekistondan kelayotgan yana 15 migrantni yo‘l-yo‘lakay olvolgan ekan. Bu 15 kishini buzuq avtobusda qoldirib, kelgan avtobus haydovchisi 40 kishini O‘zbekistonga olib ketdi. Endilikda bu 15 kishi avtobus tuzatilishini kutmoqda. Mashinaga ehtiyot qismlarini olib kelishibdi. Remont tugagani yo‘q, ammo biz doimo aloqada bo‘lib turibmiz ular bilan, dedi Aleksandr Belashov.

Belashov qutqaruvchilar borgan kezda ko‘pchilik yo‘lovchi muzlab qolish arafasida bo‘lgani, chunki shu kunlarda sovuq kunduzi 10 darajagacha tushganini bildirdi.

Aleksandr Belashov O‘zbekistonga ketayotgan yo‘lovchilar orasida Rossiyada noqonuniy yashagan va migratsiya qonunchiligini buzgan muhojirlar borligi sababli, ular qutqaruvchilarga yordam so‘rab murojaat qilishdan qo‘rqqanini ham qo‘shimcha qildi.

"Bu Setrada odam tashish ham xavfli"
"Bu Setrada odam tashish ham xavfli"

Suhbatdosh bu turdagi avtobuslar juda eskirib ketgani va unda Rossiya sovug‘ida yo‘lga chiqish yo‘lovchilar hayotini xavf ostiga qo‘yish ekanini eslatib o‘tdi.

Avtobus va boshqa arzonroq narxdagi transport vositalarida O‘zbekistonga ketayotgan o‘zbek muhojirlarining avtohalokatlarga uchrashi holatlari oldin ham ko‘p marotaba sodir bo‘lgan.

Shu yilning 30 oktabrida Saratovda Peterburg-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ketayotgan 20 nafardan ko‘proq o‘zbekistonlik yo‘lovchini olib ketayotgan avtobus ag‘darilgan edi. Avtobus ag‘darilishi oqibatida o‘zbekistonlik muhojirlarning 6 nafari kasalxonaga yotqizilgan, qolgan 10 odam yengil tan jarohatlari olgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgandi.

Bundan avval 2016 yil 22 martida Rossiyaning Penza viloyatida yuz bergan avtohalokat natijasida O‘zbekistonning 11 vatandoshi jarohatlangan edi.

XS
SM
MD
LG