Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:34

Suriyadagi rus harbiylarini qutlashga borayotgan ansambl rahbari o‘zbekistonlik edi


Aleksandrov nomidagi ansambl
Aleksandrov nomidagi ansambl

Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli Tu-154 samolyoti Sochi qirg‘oqlaridan havoga ko‘tarilayotgan kezda quladi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, samolyot bortida 92 kishi bo‘lgan. Bular harbiylar, jurnalistlar hamda Aleksandrov nomidagi ansamblning ijrochilari edi. Qora dengizdan nobud bo‘lganlarning jasadlari olib chiqilmoqda.

Mudofaa vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, samolyot Sochi janubidagi Adler shahridan mahalliy vaqt bilan tonggi soat 5:25da havoga ko‘tarilganidan biroz o‘tib, radarlardan g‘oyib bo‘lgan. Samolyot Moskvadan Sochiga kelgan va bu yerdan Suriyaning Latakiya shahriga yo‘l olayotgan edi.

Bortda 84 yo‘lovchi va 8 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Ular Rossiyaning Suriyadagi "Xmeymim" havo bazasida qolgayotgan askarlarni Yangi yil bayrami bilan qutlash uchun yo‘lga chiqqan. Bular harbiylar, Rossiyaning mashhur Aleksandrov nomidagi harbiy ansambli ijrochilari hamda turli OAVning 9 jurnalisti edi.

"Tu-154 bortidagilarning hammasi nobud bo‘lgan"

Rossiya Mudofaa vazirligi samolyot bortida bo‘lgan shaxslarning ism-familiyasini e’lon qildi. Vazirlik matbuot kotibi Igor Konashenkov: "Tu-154 samolyoti halokatida nobud bo‘lgan bir shaxsning jasadi Sochi qirg‘oqlaridan 6 kilometr narida topildi", deb ma’lum qildi.

"Interfaks" agentligining o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, samolyot bortida bo‘lganlarning hammasi nobud bo‘lgan, deb taxmin qilinmoqda. Agentlikka ko‘ra, ayni paytda dengiz qirg‘og‘idan 12-14 kilometr masofadagi suv sathidan samolyot qoldiqlari va yo‘lovchilarning buyumlari topilmoqda.

Rossiya matbuoti berayotgan xabarlarga ko‘ra, halokatga uchragan uchoq bortida "Birinchi kanal"ning 3 jurnalisti, 3 texnik xodimi, NTV telekanalining 1 jurnalisti va 2 texnik xodimi bo‘lgan.

Ayni paytda halokat joyida qutqaruv-qidiruv ishlari bormoqda. Kreml matbuot xizmati prezident Putin Moskvadan turib jarayonni muntazam kuzatayotganini xabar qildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hodisa yuzasidan tergov boshlangan va birinchi bo‘lib, halokatga havo transportidan foydalanish xavfsizligi qoidasining buzilgani sabab bo‘lgan, degan ehtimol tekshirilmoqda.

Halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar bor

Aleksandrov ansamblining rahbari, Rossiyada tanilgan harbiy musiqachilardan biri - Valeriy Xalilov esa asli o‘zbekistonlikdir.

General-leytenant Valeriy Xalilov 1952 yilning 30 yanvarida Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida tug‘ilgan. 11 yoshida Moskvadagi musiqa maktabiga o‘qishga kirgan. 1975 yilda Chaykovskiy nomidagi konservatoriyaning Harbiy-dirijyorlik fakultetini tamomlagan.

2002 yilda Rossiya qurolli kuchlarining harbiy-orkestr xizmatiga rahbarlikka tayinlangan. Shuningdek, u "Spasskaya bashnya", "Amurskie volni", "Marsh stoletiya" kabi harbiy-musiqa festivallariga ham rahbarlik qilgan.

Rossiya armiyasining 25 dekabr kuni halokatga uchragan samolyoti bortida bo‘lgan Aleksandrov A.V. nomidagi ansamblga esa 2016 yilning aprelidan boshlab, rahbarlik qilib kelayotgan edi.​

XS
SM
MD
LG