Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:33

Yil yakunlari: “Islomiy davlat” ekstremistik guruhi tarixga aylanish arafasida


Bundan 2 yil muqaddam - 2014 yilda 2 epidemiyaga oid yangiliklar dunyoni larzaga soldi. Ikkala epidemiya ham qonli va dahshatli edi. Ularning biri 1976 yilda aniqlanganidan beri taqriban 15 ming odamning umriga zomin bo‘lgan ebola virusi bo‘lsa, ikkinchisi “Islomiy davlat” jangarilar guruhining ekstremistik mafkurasidir. Ebola qurbonlari qon yo‘qotib o‘ldi. “Islomiy davlat” esa o‘z qurbonlarini chormixga tortdi, boshini oldi, tiriklayin yoqdi.

“Islomiy davlat” ekstremistik guruhi qo‘lida halok bo‘lganlar soni nisbatan oz. Merilend universiteti xodimlari hisob-kitobiga ko‘ra, 2002-2013 yillarda “Islomiy davlat”ga sodiq jangarilar guruhlari tomonidan 33 mingdan oshiq odam o‘ldirilgan. Qiyoslash uchun: 2011-2016 yillarda Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlarda bir millionga yaqin odam o‘lgan. Ularning juda ozchiligi “Islomiy davlat” jangarilari tomonidan o‘ldirilgan.

Ebola o‘tgan yilda odamlar esidan chiqdi. Kelgusi yilda ommaviy axborot vositalari “Islomiy davlat” haqida boshqa xabar bermasligini kutish mumkin. Guruh tuzgan “davlat” bugunga kelib barbod bo‘lish arafasida turibdi. Yil boshidan buyon ekstremistlar o‘zlari ishg‘ol qilgan hududning katta qismini qo‘ldan boy berishdi. Guruh o‘z boshqaruvida qolgan hududni 2017 yil oxiriga borib butunlay yo‘qotishini ishonch bilan aytish mumkin.

Ammo bu guruh butunlay yo‘q bo‘lib ketadi, degani emas. Mutaxassislar Suriya va Iroqda “Islomiy davlat” boshqaruvidagi hududlarni ozod etish guruh batamom tugatilganini anglatmaydi, degan fikrda. Buning sababini o‘tmishga boqib anglab olish mumkin. “Islomiy davlat” bundan avval ham harbiy jihatdan mag‘lub bo‘lgan. O‘shanda uning nomi boshqacha edi. Ammo guruh oradan vaqt o‘tib, yana o‘zini ko‘rsatdi.

Maykls Vays hamda Hasan Hasan o‘zlarining “IShID: Terror armiyasi ichida” kitobida “Islomiy davlat” ekstremistik guruhining ildizlari Abu Musab al-Zarqaviyga borib taqalishi haqida yozadilar. Iordaniyada tug‘ilgan Zarqaviy “Al-Qoida” yetakchisi Bin Ladin bilan hamkorlik qilgan. Ammo ikkisi o‘rtasida tafovut bo‘lgan.

Har ikki guruh jihodchilik mafkurasiga amal qilib keladi. Bin Ladin xorijiy dushmanlar, “mustamlakachilar” hamda musulmon bo‘lmaganlar bilan kurashishga ko‘proq e’tibor qaratgan. Zarqaviy va uning guruhi esa, xalifat tuzish, mafkuraviy poklikka erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Shuning uchun “Islomiy davlat” ekstremistik guruhi musulmon bo‘lmaganlar yoki “nopok” musulmonlarni o‘ldirib keladi. Bu maqsadga erishish uchun guruh a’zolari asosan terrorizmdan foydalanib keladi.

Suriyada boshlangan urush, Bashar Assadning shia hukumati tomonidan sunniylarning nishrnga olinayotgani Zarqaviy g‘oyalarini kuchaytirib, uning tarafdorlarini rag‘batlantirdi. Mintaqadagi murakkab vaziyat “Islomiy davlat” ekstremistik guruhi uchun qo‘l keldi. Guruh o‘z oldida gavdalangan imkoniyatdan qanday foydalanib kelayotgani hammamizga ma’lum.

“Islomiy davlat” yaratgan "xalifat" barbod bo‘lganidan keyin guruh yana kuch to‘plashini, yana zarba berishini kutish mumkin. Ammo bundanda muhimrog‘i, “Al-Qoida” soladigan tahdid yo‘q bo‘lmaydi. “Al-Qoida” mafkurasi o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q. Mutaxassislarning fikricha, “Islomiy davlat”ga qiyoslaganda nisbatan mo‘’tadil bo‘lgan “Al-Qoida” ideologiyasi hozirgi kunda ham keng tarqalmoqda. “Al-Qoida” o‘ziga xayrixoh bo‘lgan odamlarni cho‘chitib yubormaslik uchun “Islomiy davlat” qo‘llangan vahshiy metodlardan foydalanmay kelyapti. Shu sabab “Al-Qoida” soladigan tahdid haqida unutmaslik kerak.

Jeyms Miller

(Maqolaning qisqartirilgan versiyasi bilan tanishdingiz)

XS
SM
MD
LG