Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:03

Gaz so‘rab ko‘cha to‘sganlarga militsiya Mirziyoevga rahmatnoma yozdirmoqda


Eltuz.com rassomi chizgan karikatura
Eltuz.com rassomi chizgan karikatura

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Toshkent-Termiz avtomagistralini 24 noyabr kuni gaz va elektr yo‘qligiga norozilik sifatida to‘sgan ayollar shu kunlarda militsiya bo‘limlariga chaqirilib tushuntirish xati yozdirilmoqda.

Viloyat prokuraturasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ 24 noyabr kuni piketga chiqqan ayollar bilan tushuntirish ishlari o‘kazilib, ulardan piket tashabbuschilariga qarshi ko‘rsatma olinmoqda:

- Qarag‘o‘yli, Obuz va Qashqabuloq qishlog‘ining bir guruh ayollari bilan oldin prokuratura va keyin viloyat ichki ishlar boshqarmasida suhbat qilindi. Ular o‘z tashabbusi bilan emas¸ balki tashkilotchilar targ‘ibotiga ishonib ko‘chaga chiqishgani haqida yozib berishdi. Barcha ayollar sharoitidan mamnunligini va Mirziyoev siyosatini qo‘llab-quvvatlashi haqida qo‘shimcha tilxat ham yozib berishdi¸ deydi manba.

Manbaning yana aytishicha¸ prokuratura 24 noyabr kuni ayollarni ko‘chaga chiqishini tashkil qilgan ikki nafar ayolni ham so‘roq qilgan:

-Siz aytgandek 200 emas balki 50 ga yaqin ayolni respublika miqyosidagi strategik ahamiyatga ega Toshkent-Termiz magistralini to‘sishga da’vat qilgan ikki ayol haqida yetarlicha ma’lumot bor. Hozir prokuratura bu ikki ayol hatti-harakati qonunga muvofiq yoki muvofiq emasligini o‘rganmoqda¸ deydi manba.

"Muloqot" yilidagi "Muloqot"

Piketga chiqqan ayollar bilan militsiyaning "muloqot" qilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy choralar to‘g‘risidagi farmoyishga imzo chekkani ortidan yuz bermoqda.

"Jizzax viloyatida gaz taqchilligi bo‘yicha rasmiylar va aholi o‘rtasidagi dialog o‘xshamadi – piket ishtirokchilarini qo‘lga olib, so‘roq qilishmoqda" deya yozgan fergananews.com nashriga ko‘ra¸ odamlarni dardini eshitish masalasidagi vaziyat o‘zgarishsiz qolgan.

Tungi so‘roqlar

Jizzaxlik huquq himoyachisi O‘ktam Pardaevning aytishicha¸ G‘allaorol tuman IIB tergovchilari piketda qatnashgan ayollarni kechasi uylaridan olib ketib uch soatlab so‘roq qilib, sillasini quritmoqda:

-Kuniga 4 yoki 5 ayolni kechqurun uyidan olib ketib so‘roq qilmoqda. Piketni kim uyushtirgani haqida ularga savol berilmoqda. Oxiri ularni piket tashkilotchisi deya nazarda tutilganlar ustidan chaquv xati yozishga majburlashmoqda. Bilishimcha, barchasi bunday xatni yozib bergan,- deydi Pardaev.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ voqeadan 20 kun o‘tib piketchilar savol-so‘roqqa tutilgan:

-Avvaliga indashmadi. Hokim va uning o‘rinbosarlari kelib, xalqni yo‘lni ochishga, ertadan boshlab gaz va elektr ta’minotini yaxshilashga va’da ham berdi. Bir qop-ikki qop ko‘mir ham berishdi. Xushmuomala bo‘lishdi. Oradan 20 kun o‘tib ularni darg‘azab militsionerlar chaqirib so‘roq qila boshlashdi¸- deydi O‘ktam Pardaev.

Saylov arafasida to‘silgan yo‘l

Shu kunlarda militsiyaga olib ketilib, so‘roq qilayotgan ayollar 24 noyabr kuni bir soat davomida Toshkent-Termiz magistral yo‘lini ikki tomonini berkitib, mas’ul amaldorlardan gaz va elektr yo‘qligi bilan bog‘liq muammoni hal qilib berishni talab qilgan edi.

G‘allaorol tumanida yashaydigan pensioner Nabijon Jo‘raboev o‘sha qishloqlarga borib, yo‘lni to‘sishda ishtirok etgan odamlar bilan gaplashganini aytar ekan, ayollar talablar yozilgan plakatlari bilan norozilikka chiqqanini aytgan edi.

Saylovdan keyin yana gaz yo‘q

Huquq himoyachisi O‘ktam Pardaevning Ozodlikka aytishicha¸ piketdan keyin sal bo‘lsa ham yaxshilangan gaz va elektr ta’minoti saylov etganidan keyin yana ayni xolatiga qaytgan.

“Uylar sovuq.Tumanda gaz yo‘q¸ elektr esa bir o‘chib-bir ënib turibdi” deydi suhbatdosh.

Ayni paytda gaz ta’minoti masalasining yechimi yo‘qligi aytilmoqda.

O‘zbekistonda kuz-qish mavsumi paytida gaz va elektr energiyasi taqchilligi bois, aholining u yoki bu shaklda norozilik bildirish holatlari ba’zan kuzatilib turiladi.

Bu norozilik namoyishlarida, asosan, xotin-qizlar ishtirok etadi.

2013 yilning 5 noyabrida Samarqand shahridagi Sartepa mavzesi Xo‘jasoat mahallasining yuzga yaqin aholisi mavzedan o‘tadigan avtomobil yo‘lini to‘sib, uch kun elektr energiyasi va gaz berilmaganiga qarshi o‘z noroziligini shu tarzda ifoda etgan edi.

Jumladan, 2012 yilning 17 dekabrida Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi Samarqand mahallasida istiqomat qiladigan yuzga yaqin ayol 17 dekabr kuni ertalab avtomobillarning eski shinalarini Toshkent-Samarqand avtomagistraliga dumalatib, yo‘lni to‘sgan edilar.

XS
SM
MD
LG