Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:28

Putin Anqaradagi rus elchisining otib o‘ldirilganini "provokatsiya" deb atadi (VIDEO)


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Andrey Karlov bilan. (Surat joriy yilning 10 oktabr kuni olingan)
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Andrey Karlov bilan. (Surat joriy yilning 10 oktabr kuni olingan)

Dushanba oqshomida Anqarada Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlov otib o‘ldirildi. 62 yoshli Karlov Turkiya poytaxtidagi Zamonaviy san’at markazida chiqish qilayotgan paytda qurolli shaxs tomonidan otib tashlandi.

Turkiya matbuotiga ko‘ra, elchini otgan va yana bir necha kishini yaralagan shaxs turk politsiyasining sobiq zobiti Mevlut Mert Altintashdir. U binoga politsiyachi guvohnomasini ko‘rsatib kirgani aytilmoqda.

Altintash rus elchisi "Rossiya turklar nigohida" nomli ko‘rgazmada nutq so‘zlayotgan paytda uning orqasidan kelib, o‘q uzgan. Hujum chog‘ida yana uch kishi yaralangani aytilmoqda. Hujumchi hodisa joyining o‘zida politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, shifoxonaga olib ketilgan rus diplomati ko‘p o‘tmay vafot etgan.

Россиянинг Туркиядаги элчиси отиб ўлдирилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:45 0:00

Halabliklar hamdard ko‘ringan sobiq politsiyachi

Hodisadan ko‘p o‘tmay internetda tarqalgan videoda bir qo‘lida to‘pponcha ushlagan, ikkinchi qo‘lini esa yuqori tutgan qora kostyum-shimli erkakni ko‘rish mumkin.

"Allohu Akbar! Biz (Payg‘ambar) Muhammadga jihodni va’da qilganlardanmiz. Allohu Akbar! Bu Halab uchun . Bu Suriya uchun", deydi qurolli shaxs arab tilida.

"Siz bizning hududdagi barcha qilmishlaringizga javob berasiz", deya davom ettiradi hujumchi turk tilida.

"Biz tinch emas ekanmiz, siz ham tinch bo‘lmaysiz... Bu yerdan mening faqat o‘ligim chiqadi," deydi u.

Sobiq politsiyachi Mevlut Mert Altintash ekani aytilayotgan hujumchi: "Halabni unutma, Suriyani unutma", "Allohu Akbar", deya hayqiradi.

Karlov otilishiga Putinning munosabati

Rossiya prezidenti Vladimir Putin elchi Karlovning otilishini rus-turk aloqalari normallashuviga qarshi qaratilgan provokatsiya, deb atadi.

“Moskva Rossiyaning Turkiyadagi elchisi o‘ldirilishi ortida kim turganini bilishi lozim”, deya bildirdi Vladimir Putin.

Prezident Putin mazkur hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va ish tergovida ishtirok etish uchun Rossiya vakillari Anqaraga yuborilishini qo‘shimcha qildi.

Путин Россиянинг Анқарадаги элчиси ўлдирилганини "провокация" деб атади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:36 0:00

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya masalasi bo‘yicha turkiyalik va eronlik diplomatlar ishtirokida 20 dekabr kuni Moskvada o‘tkaziladigan muzokaralar, Anqarada rus elchisi o‘ldirilganiga qaramay, boshqa kunga qoldirilmasligini bildirdi.

“Biz bu vahshiyona qilmishni o‘ylab topganlarning asosiy maqsadi Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi aloqalar o‘nglanishiga putur yetkazish ekaniga aminmiz”, dedi Lavrov prezident Putin bayonotini takrorlarkan.

Suiqasdga turk rasmiylari munosabati

Turk rasmiylari takbir bilan rus diplomatini otgan sobiq politsiyachining iyulь isyonini uyushtirishda gumonlanayotgan din arbobi Fathulloh Gulan tashkilotiga aloqadorligiga ishora qilmoqdalar. Xususan, bunday iddaoni Anqara meri Ibrohim Melih Go‘kchek Tvitter mikroblogidagi o‘z sahifasida yozib chiqdi. Ayni paytda Gulanning o‘zi elchining o‘limi bilan hech qanaqa aloqasi yo‘qligini aytib, bu hujumni qoralashini bildirgan.


​Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on rus elchisining otib o‘ldirilishi munosabati bilan Rossiya xalqiga ta’ziya izhor qildi.

Karlovga qarshi suiqasd turk-rus aloqalariga qarshi ochiq provokatsiya ekanini urg‘ulagan Erdo‘g‘on Tvitterdagi o‘z sahifasida bu “pastkashlarcha terror xuruji”ni qat’iyat-la qoralashini bildirdi.

Anqaradagi hodisadan so‘ng Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on rossiyalik hamkasbi Putin bilan telefon orqali so‘zlashgan. Bu haqda turk telekanallariga so‘zlagan Erdo‘g‘on Putin bilan so‘zlashuv chog‘ida ikkovlon Karlov o‘limi bilan bog‘liq hodisani Turkiya va Rossiya tergovchilaridan iborat qo‘shma komissiya tekshirishiga kelishib olganlarini bildirdi.

G‘arb rasmiylari Anqaradagi hujumni qoralamoqda

Qo‘shma Shtatlar Turkiya poytaxtida Rossiya elchisi va boshqa shaxslarga qarshi uyushtirilgan hujumni qoralaydi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti rasmiysi Jon Kirbi ma’lum qildi.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilasi Mariya Zaxarovaga ko‘ra, Anqarada sodir bo‘lgan voqea yuzasidan Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha mutasaddisi Federika Mogerini ham birinchilardan bo‘lib ta’ziyanoma yo‘llagan. Mogerini o‘z nomasida Rossiya tomoniga hamdardlik izhor qilib, elchi Karlovga qarshi hujumni qoralagan.

Rus diplomatiga qilingan hujumni BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun "bema’ni terror xuruji" deya atadi. BMT Xavfsizlik kengashi ham bu "tadhish hujumi"ni bir ovozdan qoralab chiqdi.

Elchi Junusov: Karlov o‘ldirilgan anjumanda O‘zbekiston elchisi ham bor edi

Rossiya elchisi Andrey Karlov otib o‘ldirilgan ko‘rgazma zalida O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Ulfat Qodirov ham bo‘lgan. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga Qirg‘izistonning Turkiyadagi elchisi Ibragim Junusov ma’lum qildi.

- O‘zbekiston elchisi, men va Andrey Karlov ko‘rgazmada gaplashib turdik. Bir yigit u yoqdan-bu yoqqa o‘tib yurdi. Men uni qo‘riqchi, deb o‘ylabman. Karlov so‘zga chiqib, gapira boshlashi bilan u tarsillatib ota boshladi, - degan elchi Ibragim Junusov ko‘rgazma zalida 150 chog‘li odam bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Bu surat Rossiya elchisi Andrey Karlov hujumdan sal avvalroq nutq so‘zlayotgan paytda olingan.
Bu surat Rossiya elchisi Andrey Karlov hujumdan sal avvalroq nutq so‘zlayotgan paytda olingan.

***

Anqaradagi hujum Rossiya, Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlarining Moskvada uchrashuvidan bir kun oldin yuz berdi.

20 dekabrda Rossiya, Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari Suriyada borayotgan urushni muhokama etishi kutilmoqda.

Rossiya 2015 yil sentabr oyidan buyon Suriya hududlarida prezident Asad kuchlariga muxolifatda bo‘lgan guruhlarga qarshi havo amaliyotlarini o‘tkazib keladi.

Rossiya bilan yaqin aloqalarga ega Eron ham Asadni qo‘llab-quvvatlamoqda, ammo Turkiya Asad muxoliflarini dastaklaydi.​

XS
SM
MD
LG