Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:57

Ukrainada tug‘ilib, Rossiyada o‘sgan 20 yashar qiz O‘zbekistonga deportatsiya qilindi


O‘zbekistonga deportatsiya qilingan Ayla Safronova
O‘zbekistonga deportatsiya qilingan Ayla Safronova

Ukrainaning Slavyansk shahrida tug‘ilgan va Rossiyada 3 yoshidan beri yashab kelgan 20 yashar Ayla Safronova 9 dekabr kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilindi va hozirda mahalliy prokuratura tekshiruvi ostida izolyatorda saqlanmoqda. Himoyachisining aytishicha, Aylaning onasi Natali va ukasi Denis ham Toshkentga deportatsiya qilinishi xavfi ostida qolmoqda va shuning uchun ular politsiya va migratsiya idorasi xodimlaridan yashirinib yashashga majbur. Tyumen ma’murlari fikricha, bu oila a’zolari o‘zbekistonlik va ular hujjatlarni qalbakilashtirganlikda ayblanmoqda.

2014 yilda onasi va ukasi bilan Ukrainadan Rossiyaga qochqin sifatida kelgan 20 yashar Ayla Safronova 12 dekabr kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.

Aylaning tanishlari qochqin qiz Tyumen shahar migratsiya xodimlari tomonidan xufyona tarzda, yaqinlariga xabar bermasdan olib ketilgani va sud qarorisiz deportatsiya qilinganini gapirmoqda. Bu haqda “PARK72.RU” internet nashri xabar qildi.

“PARK72.RU” jurnalisti Natalьya Ozodlikka Ayla Safronova 3 yoshidan beri Rossiyada yashab kelgani, Nefteyugansk shahrida maktabda tahsil olgani, hozirda Tyumen shahar texnikumlaridan birining talabasi ekanini gapirib berdi.

Bir yil oldin Ayla Safronova o‘rta maktabni hatm qildi
Bir yil oldin Ayla Safronova o‘rta maktabni hatm qildi

U Safronovlar oilasi ahvoli to‘g‘risida bir necha marotaba maqola yozganini bildirdi.

- Shuncha yil davomida ular hukumatga ko‘p marotaba samarasiz murojaat qilgan. Natali Safronovaning ikkita bolasi 6 sinfgacha maktabga bormasdan yurgan, chunki ularda hech qanday hujjat bo‘lmagan. Shunda Natali o‘zbekistonlik tanishlari orqali o‘ziga qalbaki hujjat tayyorlab, farzandlarini maktabga joylashtiribdi, dedi Aylaning deportatsiyasi g‘ayriinsoniylik ekaniga e’tiborimizni qaratgan Aleksandra.

Ayla Safronovaning yaqinlaridan Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Rossiyadan majburan chiqarib yuborilgan Ayla Toshkent aeroporti chegarachilari hibsxonasida saqlangan va ikki kun o‘tib shahar tergov izolyatoriga o‘tkazilgan.

"Ayla sud qarorisiz noqonuniy deportatsiya qilingan!"

Safronovlar oilasi ishi bilan o‘z xohishi bilan shug‘ullanib kelayotgan tyumenlik nafaqaxo‘r Sergey Sikchin Ozodlik bilan suhbatda Aylaning ishi bilan O‘zbekiston prokuraturasi bo‘limlaridan biri qiziqib qolgani va unga hatto josuslikda ayblovlar qo‘yilganini iddao qildi.

Natali Safronova "Qizil desant" qochqinlar lagerida
Natali Safronova "Qizil desant" qochqinlar lagerida

Sergey Sikchinning aytishicha, u Safronovlarga qo‘shni yashagan va ularni ikki yildan buyon taniydi. U Safronovlar oilasi fojeasi to‘g‘risida Ozodlikka bularni so‘zlab berdi.

- Safronovlar 17 yilcha Nefteyuganskda yashab kelgan. Allaqanday firibgarlar ularning kvartirasi va hujjatlarini tortib olib qo‘ygan. 2012 yilda u Ukrainaga borib, o‘zining erini topgan, hujjatlarini to‘g‘rilab olgan. Donbassda boshlangan urush vaqtida turmush o‘rtog‘i ko‘ngilli sifatida DNRchilarga qo‘shilgan va janglarda xalok bo‘lgan. O‘zi ham og‘ir yaralangan Natali bolalari bilan hujjatsiz yana Rossiyaga qochib kelgan, dedi qariya.

Natali Safronova onasi - grek, otasi - qrim tatarlaridan ekanini bildirgan.

Sergey Aleksandrovichning Natalidan olgan ma’lumotlardan aniqlanishicha, Denis va Aylaning qalbaki tug‘ilganlik guvohnomalarini ular bilan Nefteyuganskda qo‘shni turgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari tayyorlab bergan.

Himoyachiga ko‘ra, avvaliga Safronovlar Ukraina-Rossiya chegarasidagi “Qizil desant” qochqinlar lagerida yarim yil yashagan. Ukraina konsulligi yordamida ularning hujjatlari tiklandi va Ukrainaga qaytib kirish sertifikatlari berilgan. Ammo turmush o‘rtog‘i Ukraina qo‘shinlariga qarshi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgani bois, ular Rossiyada qolishga qaror qiladi va Tyumen shahriga ko‘chib keladi.

Aylaning ukasi Denisni O‘zbekistonda "Hayitov Navruz" ekanini tasdiqlashgan
Aylaning ukasi Denisni O‘zbekistonda "Hayitov Navruz" ekanini tasdiqlashgan

Sergey Sikchin Aylaning onasi Natali va ukasi Denis bugungi kunda yashirinib yurishga majbur bo‘layotganidan g‘azabda ekanini gapirdi.

- O‘tgan yilning kuzida ular qochqinlik maqomini cho‘zdirish maqsadida FMSga muojaat qilgan va rad javobini olgan. Ular bir vaqtlari qalbaki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar bilan maktabga joylashtirganini eslashib, Denisning familiyasi Hayitov Navruz, Ayla esa Zara Umirova ekanini iddao qilmoqda! 1994 yilda tug‘ilgan Ayla 1985 yilda tug‘ilgan bo‘lib qoldi – taftishchilarni ular orasida 10 yillik farq borligi ham qiziqtirmadi. Qizig‘i, Aylaning aytishiga ko‘ra, uni Toshkentga yuborish sertifikati deportatsiya qilinishidan bir oy oldin konsullik tomonidan uning nomiga berilgan, dedi tyumenlik nafaqaxo‘r.

Ҳуқуқ ҳимоячиси Сергей Сикчин билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:58 0:00
Бевосита линк

Sergey Sikchin O‘zbekiston prokuraturasiga Ayla Safronovaning barcha hujjatlarini taqdim etgani va hozircha biror javob olmaganini bildirdi.

U birinchi ikki kun aeroportda bo‘lgan Ayla bilan telefon orqali aloqada bo‘lib turgani, Toshkent shahar tergov izolyatoriga olib ketilganidan keyin esa aloqa uzilganini ham qo‘shimcha qildi.

IIB: Safronovlar aslida o‘zbekistonlik Hayitovlar!

Ozodlik Natali Safronova va uning farzandlari Ayla va Denis masalasida Tyumenь viloyati bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qildi va bu oila a’zolari ma’muriy qoidalar asosida sud qarorisiz deportatsiya qilinganini tasdiqlashdi.

IIBning Aylani deportatsiya lageriga yuborish to‘g‘risidagi hujjati
IIBning Aylani deportatsiya lageriga yuborish to‘g‘risidagi hujjati

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan Tyumen viloyat migratsiya departamentida esa O‘zbekistondan so‘rovnoma asosida Safronovlar-Hayitovlar oilasiga oid barcha zaruriy hujjatlar kelganini ma’lum qildi.

- Bu ayol Nefteyuganskda yashab yurganida maktabga joylashtirish maqsadida o‘z tanishlari yordamida bolalarning hujjatlarini soxtalashtirgan. Ular qochqin sifatida Rossiyaga kelgan va UFMS tekshiruv boshlaganida ular Ukraina emas, O‘zbekiston vatandoshlari ekani aniqlandi. Buni Novosibirskdagi O‘zbekiston konsulligi tasdiqlab berdi, dedi politsiya rasmiysi.

Ayni paytda, himoyachi Sergey Sikchin O‘zbekiston prokuraturasi Ayla Safronovani Ukrainaga deportatsiya qilishi mumkinligi to‘g‘risida Toshkentdan xabar olganini Ozodlikka bildirdi.

Hozirda oila himoyasini o‘z zimmasiga olgan Sergey Sikchin Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga yordam so‘rab xat tayyorlagani, Rossiya Tergov qo‘mitasiga va prokuraturaga esa mahalliy migratsiya idorasi hatti-harakatlari ustidan shikoyat yuborgani aniqlandi.

Ozodlik Toshkent izolyatorida qolayotgan Ayla va uning Rossiyada yashirinib yurgan oila a’zolari bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib, xabar berib boradi.

XS
SM
MD
LG