Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:30

Oddiy aloqachining Bosh vazirlikkacha yo‘li


Abdulla Aripov
Abdulla Aripov

14 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida Bosh vazir o‘rinbosari Abdulla Aripov hukumat rahbari etib tasdiqlandi. 55 yashar Aripovning nomzodi Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan taklif etilgan. Bundan oldin parlamentning quyi palatasida eng ko‘p o‘ringa ega O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi ham Aripov nomzodini ilgari surgan edi.

Mirziyoev muvaqqat prezident etib saylanganidan keyingi ilk farmonlaridan biri Aripovni hukumatga qaytarish haqida bo‘lgan edi.

Aripov O‘zbekiston telekomunikatsiya bozoridagi xalqaro korruptsiya mojarosidan keyin ishdan bo‘shatilib oliygohda oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishlab yurgan edi.

Uning Karimov vafotidan keyin hukumatga qaytarilgani esa tahlilchilar tarafidan manfiy ishorat sifatida ko‘rilgan edi.

Оддий алоқачининг Бош вазирликкача йўли
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:56 0:00
Бевосита линк

Bosh vazir Aripov kim?

Aripovni yaqindan bilgan va u bilan 1992-1993 yillarda Aloqa vazirligida birga ishlagan muhandis ismi aytilmaslik sharti bilan ba’zi tafsilotlarni aytib berdi:

- Biz Komiljon Rahimov vazir bo‘lganida birga ishlaganmiz¸ o‘sha Oloy bozori yonidagi Glavpochtamtning orqasidagi binoda ishlaganmiz. U kishi oddiy aloqachi mutaxassis edi. O‘sha paytda, masalan, Rustam Azimov Milliy bank boshqaruvi raisi edi. Start chizig‘idan oldinga yugurish masalasida qaralsa, Abdulla Nig‘matovich qisqa vaqtda ancha masofani bosib o‘tdi¸ deydi suhbatdosh.

Aripovning 12 dekabrdan boshlab ishlay boshlagan Facebookdagi sahifasiga izoh yozgan Miron Mirxonov fikricha¸ bugun Bosh vazir lavozimiga loyiq ko‘rilgan mulozim “qiyin sharoitlarda murakkab vazifalarni bajarishga loyiq”

"Men hurmatli Abdulla Nig‘matovichni juda muhim va yechilishi qiyin masalalarni prinsipial hal qilganiga guvoh bo‘lganman", deb yozdi yuzer.

Ayni sahifada yozilishicha¸ Abdulla Aripov 1961 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1983 yili Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti)ni tamomlagan. Iqtisodiyot magistri. Oilali, besh nafar qizi bor.

Abdulla Aripov bilan yetti yil yelkama yelka ishlagan sug‘urta muhandisi Faxriddin Xudoyqulovning aytishicha¸ Bosh vazir lavozimiga qo‘yilgan mulozim favqulodda kamtar inson.

Фахриддин Худойқулов Абдулла Арипов ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:08 0:00
Бевосита линк

Ozodlik bilan suhbatda o‘zini Abdulla Aripov tug‘ilgan mahalladan ekanligini aytgan Javlonbek Abdukarimov Bosh vazirning ismi bilan bog‘liq tafsilotlarni aytib berdi:

- 1961 yilda shoir Abdulla Oripovning endi dong‘i chiqqan payti edi. Abdulla akaning otalari Nig‘matilla aka o‘g‘lim ham shoir bo‘lsin deya yaxshi niyat qilib ism qo‘ygandilar. Mana yaxshi niyatning samarasi bu. Katta shoir bo‘lmasa ham katta vazir bo‘ldi. Shunday mahalladoshim borligidan fahrlanaman, deydi suhbatdosh.

Shoir va mulozim otdoshlar
Shoir va mulozim otdoshlar

Shoir ismi qo‘yilgan Aripov 1983-1992 yillarda Toshkent telefon-telegraf stansiyasida 1-toifali muhandis-elektronchi bo‘lib ishladi. 1992-1993 yillarda Aloqa vazirligida bosh mutaxassis, 1993-1995 yillarda "O‘zimpeksaloqa" xalqaro savdo shirkatida direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.

1997 yili O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligining bozorni shakllantirish va qimmatli qog‘ozlar bo‘limi boshlig‘i, 1997-2000 yillarda Pochta va telekommunikatsiyalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi direktori lavozimida ishladi.

2000 yili O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi bosh direktori birinchi o‘rinbosari, 2001 yili esa shu tashkilot rahbari etib tayinlangan (bir yildan so‘ng tashkilot nomi O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi deb qayta nomlandi.).

Shavkat Mirziyoev hukumat rahbariga aylanishidan bir yil avval - 2002 yili bosh vazir O‘tkir Sultonovning o‘rinbosari etib tayinlangan va Aloqa va axborot-texnologiyalari masalalari kompleksiga mas’ul bo‘lgan. Ayni vaqtda, agentlikka rahbarlik qilishda davom etgan.

2009 yili Abdulla Aripov mas’ul bo‘lgan hukumat kompleksiga ijtimoiy soha, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat masalalari ham qo‘shib berildi.

Korrupsiya janjali va iste’fo

Aripov 2012 yil yozida O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligidan iste’foga chiqarilgani va bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ham ozod etildi.

Gulnora Karimovaga daxldorligi iddao qilingan Takiland shirkati orqali TeliaSonera (Ucell), Beeline va MTS mobil operatorlarining norasmiy to‘lovlar yordamida O‘zbekiston bozoriga kirishi va emin-erkin ishlashi ta’minlangani borasida jurnalistik tergovlar mavjud. AQSh Adliya vazirligi va Shvetsiya prokuraturasi bu ishlar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Bu ishni tergov qilayotgan Shvetsiya prokuraturasi Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Gunnar Stetlerning Ozodlikka aytishicha¸"TeliaSonera bo‘yicha tergov bilan bog‘liq jarayon Abdulla Aripov rahbar bo‘lgan davrni qamraydi. Aripovning imzosini ayni ishga oid ko‘p hujjatlarda ko‘rish mumkin".

Biroq Gunnar Stetler Aripovning tergov jarayonidagi maqomi to‘g‘risida izoh bermadi.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov Aripovning siyosiy lavozimga qaytarilishi O‘zbekiston hukumatining xalqaro obro‘siga putur yetkazishi mumkin degan fikrda.

Alisher Ilhomov
Alisher Ilhomov

Shvetsiya prokuraturasi apellyatsiya sudiga taqdim qilgan TeliaSonera mas’ul xodimlarining o‘zaro yozishmalarida shirkat mas’ullari O‘zbekistonda biznes boshlashdan avval Gulnora Karimova bilan kontakt o‘rnatishga uringaniga ishora qiladi.

TeliaSonera shirkatiga qarshi ayblovlar shirkatning O‘zbekistonda biznes qilish imkoniyati evaziga bu mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora berganiga doir tergov bilan bog‘liqdir.

Bu ishga oid Xalqaro matbot nazariga tushgan tafsilotlar ortidan 2012 yilda Aripov ishdan olinib, ustidan jinoyat ishi ochilgani haqida O‘zbekistondagi Uzmetronom internet nashri xabar bergan edi.

2012 yilda o‘zining ishonchli manbalariga tayangan holda xabar qilgan Uzmetronom nashriga ko‘ra, Abdulla Aripovga, jumladan, “O‘zdunrobita” shirkatiga qo‘shimcha retranslyatorlar o‘rnatish uchun noqonuniy ruxsatnomalar berganlik aybi qo‘yilgan.

2013 yilga kelib Abdulla Aripov ustidan jinoiy ish to‘xtatildi va sobiq mulozim Toshkent aloqa institutida oddiy o‘qituvchi sifatida yana Bosh vazir o‘rinbosari qilib tayinlangan 2016 yilning 13 sentabrgacha ishlab yurdi.

Kelajak uchun asralgan “kadr”

Tahlilchi Alisher Ilhomov fikricha, bir tomondan Takiland boshqa tomondan O‘zbekiston hukumati mulozimlari aralashgan sxema O‘zbekiston hazinasini yillik byudjetning 7 foizi miqdoridagi puldan maxrum qilgan.

- Bu summa sog‘liqni saqlashga byudjetdan ajratilgan pulning 50 foizi demakdir.¸ deya ta’kidlaydi tahlilchi.

MTC O‘zbekiston shirkati yopilish ortidan ko‘p mulozimlar muammo bilan yuzma-yuz qoldi
MTC O‘zbekiston shirkati yopilish ortidan ko‘p mulozimlar muammo bilan yuzma-yuz qoldi

Suhbatdoshga ko‘ra Abdulla Aripovning Bosh vazir qilib tayinlangani O‘zbekiston hukumati kommunikatsiya shirkatlari tarafidan pora sifatida olinib hozir muzlatilgan bir milliard dollarni AQSh sudi orqali qaytarib olmoqchi bo‘layotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

- Bu AQSh sudida ko‘rilayotgan masalaga halaqit beradi. Abdulla Oripovning Bosh vazir lavozimiga tayinlanishi pulni byudjetga qaytarish shanslarini kamaytiradi¸ deb hisoblaydi Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov.

Shu bilan birga Ilhomov Abdulla Aripovning telekommuniatsiya sohasida tajribali mutaxassis ekanligini ham e’tirof qildi.

Aripov bilan bog‘liq janjallarni yoritgan o‘zbekistonlik jurnalist Sergey Yejkov ham uning kasbiy mahorati haqida gapirib¸ Mirziyoev uni shu bois bugungacha asrab kelganini ta’kidlagan edi.

- U O‘zbekistondagi telekommunikatsiya modernizatsiyasini boshlab bergan edi. Mirziyoev uni mutaxassis sifatida qadrlab kelajak uchun asrab qo‘ygan edi¸ degan edi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG