Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:17

Shavkat Mirziyoev: Har bir davlat xizmatchisi o‘z aravasini o‘zi tortsin


Shavkat Mirziyoev qasamyod marosimi
Shavkat Mirziyoev qasamyod marosimi

Don ekishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 6 nafar viloyat hokimi o‘rinbosariga ish qo‘zg‘atildi. Viloyatlarda ko‘mir narxi 150 mingdan 900 ming so‘mga ko‘tarildi. O‘zbekistonlik tarixchilar Forobiyning tug‘ilgan yili borasida 330 yilga adashdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

"O‘z aravasini o‘zi tortsin...."

Qasamyod marosimi
Qasamyod marosimi

14 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti sifatida qasamyodga keltirilgan Shavkat Mirziyoev davlat va boshqaruv organlaridagi kadrlar siyosatini tanqid qildi (“Xalq so‘zi”, 15 dekabr). “Bir idorani qarasangiz, yuzlab odam nomiga ishlab o‘tiribdi. Boshqa idorani qarasangiz, ish ko‘p, vazifa ko‘p, lekin ishlaydigan odam, kadr etishmaydi. Bunday noto‘g‘ri ish taqsimotiga mutlaqo chek qo‘yishning vaqti etdi. Har bir davlat xizmatchisi o‘zining burchi va majburiyatini aniq-ravshan bilishi, sodda qilib aytganda, o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim” dedi Sh.Mirziyoev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida. Prezidentga ko‘ra, kadrlar bilan ishlashning butun tizimini takomillashtirish, zamonaviy tafakkurga ega rahbarlar va mansabdorlarning yangi tarkibini shakllantirish lozim. Shu bilan birga, yangi davlat rahbari chiqishida Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, bojxona, bank tizimi va boshqa idoralar faoliyatini tubdan yaxshilash vaqti kelgani ta’kidlangan.

Kun sovishi bilan viloyatlarda ko‘mir narxi 6 baravarga qimmatladi

Ko‘mir chayqovchilar qo‘liga o‘tib ketmoqda
Ko‘mir chayqovchilar qo‘liga o‘tib ketmoqda

Havo harorati pasayishi bilan viloyatlarda ko‘mirning qadri oltinga tenglashmoqda, talab kuchli ekanidan foydalanib chayqovchilar ko‘mirni o‘zi istagan narxda pullamoqda (“Oila davrasida”, 15 dekabr). “O‘zbekko‘mir” shirkatining Mahsulot sotish va marketing bo‘yicha direktori Nosir Umarovga ko‘ra, joriy kuz-qish mavsumida Moliya vazirligi tomonidan bir tonna ko‘mir bahosi 146 ming 400 so‘m etib belgilangan. Viloyat bozorlarida esa ko‘mir iliq kunlarda 700-750 ming so‘mdan sotilmoqda. Sovuq tushishi bilan qattiq yoqilg‘ining tonnasi 900 ming so‘mga ko‘tarilmoqda. “Xo‘sh, ko‘mirni bu narxda sotayotgan kim? Olibsotarmi yoki tadbirkor? Nima uchun u qattiq yoqilg‘ini istagan narxda emin-erkin sotib yuribdi? Nega unga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmayapti? Yoki bunda biz bilmaydigan boshqa biror sabab bormi?” deya mutasaddilarni savolga tutadi gazeta.

Boshoqli don ekishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan viloyat hokimi o‘rinbosarlari jazolanadi

Tadbirlar sifati...
Tadbirlar sifati...

2017 yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini ekish ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Toshkent, Surxondaryo, Sirdaryo, Qashqadaryo, Andijon va Buxoro viloyati hokimlarining o‘rinbosarlariga ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi (“Huquq”, 2016 yil 49-son). Umuman, yetarli nazorat o‘rnatilmagani sabab respublika bo‘yicha 8,6 ming gektar yer maydoniga sifatsiz boshoqli don ekilishiga yo‘l qo‘yilgan. Prokuratura organlari bu borada qo‘shib yozishlarni ham fosh etgan. Masalan, Surxondaryo viloyati yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi 2016 yil 2 noyabr holatiga 86,7 gektar maydonga g‘alla ekilgani haqida hisobot bergan, tekshiruvda esa 2,1 gektar maydonga g‘alla ekilmagani aniqlangan.

“O‘zbekiston tarixi” darsligida Forobiyning tug‘ilgan yili 330 yilga xato ko‘rsatilgan

Darsliklardagi xatolar
Darsliklardagi xatolar

O‘zbekistonda tarix fani bo‘yicha chop etilgan darsliklarda qator chalkashlik va xatolar borligi ma’lum bo‘ldi (“Darakchi”, 15 dekabr). Masalan, 7-cinflar uchun “O‘zbekiston tarixi” darsligida (muallif A.Muhammadjonov) alloma Abu Nasr Forobiy 873 yilda tug‘ilgan deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, xuddi shu darslikning ruscha nashrida 1203 yil qayd etilgan. 8-cinf “O‘zbekiston tarixi” darsligida (mualliflar Q.Usmonov, U.Jo‘raev, N.Norqulov) Buxoroda mang‘itlar sulolasi 1753 yilda hokimiyatga kelgani yozilgan bo‘lsa, 9-sinf darsligida (mualliflar S.Tillaboev, A.Zamonov) 1756 yil bitilgan. Yoki 8-cinf darsligi mualliflari qoraqalpoqlarning ilk yozma asarlari XVIII asrda yuzaga kelgan deb hisoblasa, 9-sinf darsligi mualliflari XIX asr deb biladi. Gazetaga ko‘ra, bu kabi xatolar jahon tarixi darsliklarida ham talaygina. Chalkashliklar kitoblarning yangi nashrida ham tuzatilmay qolmoqda.

Toshkentdagi ko‘p qavatli xonadondan ilon chiqdi, endi timsoh chiqmasa edi!..

Bir iloncha izidan
Bir iloncha izidan

Toshkent shahri Yashnobod tumani Fazogir mahallasidagi ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqaro Ozoda Diyorovaning uyidan ikki bora ilon chiqdi (“Hurriyat”, 14 dekabr). Norasida farzandini katta qilayotgan ayol hojatxonadan chiqqan ilonlarni o‘ldirishga muvaffaq bo‘lgan. Xavfli jonivorlar ko‘p qavatli uyning suv bosgan erto‘lasiga in qurgan. “Yerto‘laga kirarkanmiz, bir qarashdayoq muammoning mohiyatini angladik. Hammayoq zaxlab ketgan. Uzun va qorong‘i yo‘laklardan yurarkanmiz, axlatu balchiqqa duch kelamiz... Bunday ahvolni ko‘rib, bu manzilga hademay timsohlar ham “tashrif buyursa” ajab emas degan fikrga keldik!” deya kinoya qiladi gazeta. O‘rganish jarayonida ko‘p qavatli uyning isitish tizimi ham yaxshi ishlasligi aniqlangan.

O‘zbekistonda olimlar qog‘oz tayyorlashning yangi usulini yaratdi

Qog‘oz tayyorlashning yani uslubi
Qog‘oz tayyorlashning yani uslubi

O‘zbekistonlik olimlar qog‘oz tayyorlarning yangi tarkibini yaratdi. Mazkur ixtiro tsellyuloza qog‘oz sanoatida ishlatiladi. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari Respublika intellektual mulk agentligiga asoslanib xabar bergan. Ixtironing asosiy vazifasi sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan qog‘oz tayyorlash uchun tarkib ishlab chiqish va olinayotgan qog‘oz narxini arzonlashtirishdan iborat. Mazkur yangi usul uchun hammualliflar – M.Murodov, B.Hodiev, S.Turobjonov, G.Rahmonberdiev, Yu.Sodiqov va M.Kasimovlarga patent berilgan.

XS
SM
MD
LG