Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:32

O‘zbekistonda hukumat buyurtmasiga ko‘ra ekilgan oshqovoq sotilmay, omborlarda chirimoqda


Chorsu bozorida oshqovoq
Chorsu bozorida oshqovoq

Joriy yil boshida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining topshirig‘i bilan yerlariga oshqovoq ekkan fermerlar, yetishtirgan hosilini sotolmay sarson bo‘lmoqda. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan fermerlarning aytishicha, tayyorlov idoralari omborlar to‘lib qolganini ro‘kach qilib, aksariyat fermerlarning oshqovog‘ini sotib olishdan bosh tortmoqda. Fermerlarga majburan oshqovoq ektirish kampaniyasi bahorda marhum prezident Islom Karimovning meva-sabzavot eksporti bo‘yicha Rossiya bilan tuzgan shartnomasidan so‘ng boshlangan edi. “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi boshqarma boshlig‘i​ oshqovoq etishtirish ishiga hisob-kitobsiz kirishilganini tan oldi.

Bu yil respublika miqyosida qancha oshqovoq yetishtirilgani haqida statistik ma’lumot yo‘q. Lekin, fermerlar bu yil 2 tonnadan tortib 40-50 tonnagacha oshqovoq yetishtirganini aytadilar.

Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida fermerlik qilayotgan Ochil Begmatovning aytishicha, hukumatning buyurtmasi bilan u yetishtirgan o‘nlab tonna oshqovoq ham xaridorsiz qoldi:

- Boshida kilosini 350 so‘mdan olamiz deyishgandi. Yerlarning chekkasiga rosa ekuvdik. Mening hisobimcha, 5 gektar yerga oshqovoq ekkandim. Avval 10 tonnachasini sotib oldi. Boshqa olmay qo‘ydi. Hozir mening o‘zimda 40 tonnacha oshqovoq bor. Uyimdagi omborlarga 20 tonnasi yotibdi, xirmonga ham 20 tonnadan ko‘p to‘kib tashlaganmiz. Olmadi boshqa, spirt zavodga ham bordik, olmadi. Chirib yotibdi. Hayf bo‘lmasin deb mollarga yediryapmiz, dedi Ochil Begmatov.

Fermer, oshqovoqdan qariyb 40 million so‘m zarar ko‘rganini aytadi:

- Bozorda ham tiqilib ketgan. Hamma ekuvdi-da. Donasini ming so‘mdan ham olmayapti. O‘zimizning ham aybimiz bor. Shartnoma tuzilayotganda necha tonna olishi, qanchadan olishi yozilmagan. Biz ham qo‘rqqanimizdan aytmaganmiz. Lekin boshida ekaver, biz sotib olamiz deb, va’da berishdi. Qancha mehnat ketdi, qancha xarajat bo‘ldi. Oqibat esa bunday. Fermerlarning aksariyati hosilini sotolmay qoldi, hosil chirib ketyapti, dedi Ochil Begmatov.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, tumandagi fermerlarning taxminan yarmi hosilini sotolmay qolgan:

- Erta bahordan hammaga majburan oshqovoq ektirdi. “G‘alla-Alteg” korxonasi bilan shartnoma qildirishdi. Keyin ekkan-ekmaganligini rosa tekshirishdi. Biz ham ko‘p qatori ekdik. Mana hozir hamma fermerlarning uylarida, molxonalarida sasib yotibdi. Hech kim olmayapti. Taxminan yarim fermerlarnikini kilosini 345 so‘mdan olishdi. Keyin “G‘alla-Alteg”ga olib borsak, boshqa kerak emas, omborlarimiz to‘ldi, qaytarib olib ketinglar, deyishdi. Yuzlab fermerlar mehnatlariga kuyib qolishdi. Biz ham endi oshqovoqlarni molga ediryapmiz, dedi fermer.

Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimov Rossiya bilan meva-sabzavotni eksport qilish haqidagi shartnomani imzolaganidan so‘ng, butun respublika bo‘ylab sabzavot, poliz ekinlari ekish ko‘paytirilgan edi.

Jumladan butun respublika bo‘ylab, aprel-may oylarida fermerlarga majburan oshqovoq ektirib chiqildi.

O‘shanda Andijon viloyati hokimligi mulozimi Ozodlikka oshqovoqqa hukumat e’tibor qaratganini aytgan edi:

“Har bir viloyatda oshqovoqni pyure qiladigan MChJlar tuzilyapti. Kattalar "senlar oshqovoqni yetishtirib ber, qolgani bilan ishing bo‘lmasin", deyishyapti. Shuning uchun butun viloyat oshqovoq ekishga safarbar etilgan”, degan edi hokimlik mulozimi.

Ammo, yil oxiriga kelib, o‘zbekistonlik fermerlar hukumat o‘z va’dasida turmaganidan, buyurtmaga ko‘ra etishtirilgan oshqovoq hosilini sotib olishdan bosh tortayotganidan shikoyat qilmoqda.

“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasining boshqarma boshlig‘i Nig‘matjon Ahmadjonov Ozodlik bilan suhbatda fermerlar oshqovog‘ini bir emas, bir necha tashkilot sotib olishi lozimligini aytadi:

- Bizga kerakli bo‘lgan oshqovoqni biz zaxiraga olib, omborlarga saqlab qo‘ydik. Bizdan tashqari “O‘zbekoziqovqatsanoatxolding”, “O‘zagroeksport” tashkilotlari bor. Ulardan birinchisi mahsulotni olib, qayta ishlashi kerak. Ikkinchisi ham qayta ishlab, eksport qilishi kerak. Bilasizmi, bu yil birinchi yil bo‘lgani uchun fermerlar bilan qaysi tashkilot qancha olishi haqida aniq kelishilgani yo‘q. Lekin, hozirgi birinchi vazifa dehqonlarning mahsulotini olish va uni qayta ishlashga topshirish kerak. Dehqon ham mehnatiga kuyib qolmasin. Biz o‘zimiz tashkilotimiz doirasida, bu masalani yana ko‘rib chiqamiz, yana qancha zaxira qilish imkoniyatimiz bo‘lsa, qilamiz. Lekin, mahsulotni qayta ishlaydigan boshqa tashkilotlar ham bu bilan shug‘ullanishi kerak”, dedi Nig‘matjon Ahmadjonov.

“O‘zbekoziqovqatsanoatxolding” va “O‘zagroeksport” uyushmalaridan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG