Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:31

Yevroparlament o‘zbek tekstil mahsulotlari uchun Yevropa eshiklarini ochmoqda


Yevropa parlamenti 14 dekabr kungi majlisida O‘zbekistondan import qilinayotgan paxta va tekstil mahsulotlariga soliqni kamaytirish haqidagi protokolni ratifikatsiya qilish uchun ovoz berdi. Yevroparlamentning bunday qaror olishiga Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar mehnatidan foydalanilmayotgani haqidagi xulosasi turtki bo‘lgan.

2011 yilning dekabrida Yevroparlament O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar majburiy mehnatga jalb qilinayotgani va Xalqaro mehnat tashkilotiga bu yuzadan tekshiruv o‘tkazishiga ruxsat berilmayotgani bois O‘zbekistondan import qilinayotgan paxta va tekstil mahsulotlariga soliqni kamaytirish haqidagi taklifni ko‘pchilik ovoz bilan rad qilgandi.

Yevropa parlamenti deputatlarining o‘sha paytdagi rezolyutsiyasida “O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanilayotganini keskin qoralagan” va “prezident Islom Karimovni Xalqaro mehnat tashkilotiga bolalar mehnatidan foydalanilayotgani haqidagi ma’lumotlar yuzasidan mamlakatda tekshiruv o‘tkazishga ruxsat berishga chaqirilgan” edi.

Bunday chaqiriqlar ortidan O‘zbekiston hukumati 2015 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilarini paxta dalalariga kiritdi. Ularga o‘nta viloyatda paxta terimchilari bilan suhbatlar qilishga ruxsat berdi.

Xalqaro mehnat tashkiloti o‘tgan yili O‘zbekistonning 250 dan ziyod paxta dalasida monitoring o‘tkazdi, 10 mingga yaqin odam bilan suhbatlar qildi.

Tashkilot O‘zbekistonda qariyb bir oy o‘tkazgan monitoringi natijasida bolalar mehnati yoki majburiy mehnatdan sistematik foydalanganlikning aniq dalil-isboti topilmaganini e’lon qildi.

Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozovaning ishonishicha, Yevroparlament O‘zbekistondan import qilinayotgan paxta va tekstil mahsulotlariga soliqni kamaytirish haqida qaror olishiga Xalqaro mehnat tashkilotining ana shu xulosasi asosiy sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Yevropa Parlamenti deputatlari ushbu protokolni ratifikatsiya qilish bo‘yicha qarorini izohlar ekanlar ular 2011 yildan buyon O‘zbekiston paxta sohasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgani, jumladan hukumat bolalar mehnatidan keng ko‘lamda foydalanmayotgani va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik qilishga kirishgani bilan izohlamoqdalar”, - deydi Umida Niyozova.

Ayni paytda O‘zbekiston paxta sanoatida majburiy mehnat saqlanib qolmoqda.

Keyingi yillarda rasmiylar yo‘qotilgan yosh bolalar mehnati o‘rnini to‘ldirish uchun voyaga etganlar mehnatidan yanada ko‘proq foydalanmoqda.

Xyuman Rayts Uotch tashkilotiga ko‘ra, o‘tgan yilgi paxta mavsumida O‘zbekistonda bir milliondan ortiq odam paxtaga majburiy safarbar etilgan.

Umida Niyozovaning aytishicha, Yevroparlament deputatlari O‘zbekistondagi majburiy mehnat muammosidan xabardor.

“Yevroparlament deputatlari bilan qilgan shaxsiy suhbatlarimdan kelib chiqib, shuni aytishim mumkinki, ular O‘zbekistonda paxta sektorida majburiy mehnat hal etilmayotgan katta muammo ekanini bilishadi. Ayni paytda ular O‘zbekistonda ijobiy qadamlarni ham tan olish kerak va bunday e’tirof hukumatni to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanishga rag‘batlantiradi, degan ishonchda”, - deydi Umida Niyozova.

Shu oy boshida O‘zbekiston-Germaniya forumi “O‘zbekiston paxta sektorida majburiy mehnat” nomli hisobotini e’lon qildi.

- Bizning xulosamiz shuki, O‘zbekistonda bolalar mehnatidan sistematik va keng ko‘lamda foydalanilmasa-da, paxta terimiga odamlarni majburiy safarbar etish tizimi mutlaqo o‘zgarishsiz qolmoqda. Ayniqsa qishloq joylarida maktab va kollejlar paxta terimi davrida nomiga ochiq bo‘ladi, chunki o‘qituvchilar paxtaga safarbar etiladi, - deydi Umida Niyozova.

Human Rights Watch inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilot yakshanba kuni Yevroparlamentni O‘zbekistonda majburiy mehnatga ko‘z yumuvchi hujjatni imzolamaslikka chaqirgandi.

“2011 yil O‘zbekistonda keng tarqalgan majburiy mehnat tufayli Yevropa Parlamenti mazkur protokolga to‘siq qo‘ygan edi. Agar parlament bu to‘siqni olib tashlasa, O‘zbekiston paxtasi narxi tushadi va natijada o‘zbek paxtasini Yevropa bozorlarida sotish osonlashadi”, deyilgan tashkilot bayonotida.

Yevropa Parlamenti protokolni ma’qullasa, Toshkent uchun bu juda qo‘l keladi. Parlament ovoz berishdan avval joriy yilgi paxta terimidagi qonunbuzarliklarni, jumladan, ularni amalga oshirishda hukumat o‘ynagan rolni ko‘rsatuvchi dalillarni yaqindan ko‘rib chiqishi kerak” deyiladi Xalqaro Xyuman Rayts Uotch tashkilotining yakshanba kungi bayonotida.

XS
SM
MD
LG