Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:56

Qozoq muxolifi Qirg‘izistondagi 2005 yilgi inqilobni moliyalashtirganini tan oldi


Qozog‘istondani "BTA Bank"ning sobiq rahbari Muxtor Ablyazov. 2010 yil, 15 avgustda olingan surat.
Qozog‘istondani "BTA Bank"ning sobiq rahbari Muxtor Ablyazov. 2010 yil, 15 avgustda olingan surat.

Qozog‘istondani "BTA Bank"ning sobiq rahbari Muxtor Ablyazov Fransiyaning Liberation gazetasiga bergan intervьyusida 2005 yili Qirg‘izistondagi "Lola inqilobi"ni moliyalashtirginini tan oldi. Ablyazovning ta’kidlashicha, uning ta’qib qilinishi ortida faqat siyosiy motivlar yotibdi. O‘zining siyosiy faoliyati haqida gapirarkan, u Qirg‘izistondagi voqealarga ham to‘xtaldi.

«2005 yil boshida men Qirg‘izistondagi rejimning qulashi uchun u erdagi muxolifatni moddiy jihatdan qo‘llaganman. Bu menga sobiq sovet respublikalaridan birida demokratik jarayonlarning boshlanishi va to‘g‘ri islohotlar amalga oshishi uchun muhim edi», - deb keltiradi uning so‘zlarini forbes.kz.

Qozog‘istonning sobiq bankiri va muxolifat a’zosi Muxtor Ablyazov 10 dekabr kuni Fransiya qamoqxonasidan chiqdi, u yerda Ablyazov 2013 yil yozidan beri o‘tirgan. U Fransiyaning oliy ma’muriy sudi hisoblangan Davlat kengashi uning Rossiyaga ekstraditsiya qilinishi haqidagi buyruqni bekor qilganidan keyin ozod etildi.

Ablyazov o‘z vatanida yirik tadbirkor bo‘lgan, 1990- yillar oxirida hukumatda ishlagan, energetika, sanoat va savdo vaziri bo‘lgan. 2001 yili u "Qozog‘istonda demokratik saylovlar" muxolifat xarakatining asoschilaridan biri sifatida chiqqan. 2002 yili qozoq sudi uni o‘z mansabini suiiste’mol qilganlikda ayblab, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Ablyazov siyosat bilan shug‘ullanmaslik sharti bilan avf etilib, 2003 yilda ozodlikka chiqqan. 2005 yilda «BTA Bank» direktorlar kengashining raisi bo‘lgan va davlat unga qarshi da’vo arizasi qilib, bankni davlat tasarrufiga o‘tkazishni e’lon qilgunga qadar uni 2009 yilgacha boshqargan. Ablyazov mamlakatdan qochib Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana olgan. Oxir-oqibat Britaniya sudiga Qozog‘istondan da’vo arizalari kelib tushgan va Ablyazovning ba’zi aktivlari muzlatib qo‘yilgan.

2012 yili Britaniya sudi Ablyazovni o‘zining moliyaviy aktivlari to‘g‘risida yolg‘on ko‘rsatma berganligi uchun uni 22 oylik qamoq jazosiga hukm qilgan. Bundan so‘ng u Buyuk Britaniyani tark etgan. Qozog‘istondan qochib ketganidan buyon Ablyazov, taxmin qilinishicha, Qozog‘istondagi muxolif strukturalarni va hukumatni tanqid qiluvchi OAVlarini moliyalab kelgan.

XS
SM
MD
LG