Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:51

Afg‘oniston vitse-prezidenti Abdurashid Do‘stum jinsiy tajovuzda ayblanmoqda 


Ahmad Ishchi
Ahmad Ishchi

Afg‘oniston vitse prezidenti Abdurashid Do‘stumning siyosiy raqiblaridan biri bo‘lgan Ahmad Ishchining da’vo qilishicha, general Do‘stum va uning qo‘riqchilari uni kaltaklaganlar, kiyimlarini yechib tashlaganlar va unga nisbatan jinsiy tajovuz mimikasini qilganlar.

Ahmad Ishchining aytishicha, hodisa 25 noyabr juma kuni uloq maydonida yuz bergan.

General Do‘stum ham uloq maydoniga to‘plangan yuzlab odamlar ichida bo‘lgan.

Ahmad Ishchi general Do‘stum bilan so‘rashmoqchi bo‘lgan payti, Dustum unga: “Sen va farzandlaring qilayotgan ishlardan xabarim bor. Hozir seni o‘ldirib, ustingdan otlarni solsam, sendan kim xabar oladi?” deb aytganini iddao qildi.

“Shu gapdan keyin Do‘stumning qo‘riqchilari meni yerga yiqitishdi va general oyog‘i bilan bo‘ynimni bosdi, meni haqorat qildi va tahqirladi,” dedi Ahmad Ishchi.

“Bundan keyin janob Do‘stum meni uyiga olib bordi. Uyiga kirayotgan paytimizda Do‘stum o‘z qo‘riqchilarini chaqirib, meni mashinadan tortqilab tushirishdi. Tanamda uloq libosi bo‘lganini ko‘rgan Do‘stum besh nafar qo‘riqchisiga kiyimlarimni yechishni buyurdi, ular ichki kiyimlarimni ham yechib tashlashdi,” deya hikoya qildi Ahmad Ishchi.

Uning iddao qilishicha, so‘ngra general Do‘stum uni kaltaklagan.

Ahmad Ishchining ilova qilishicha, Do‘stumning qo‘riqchilari, shuningdek, unga nisbatan jinsiy tajovuz mimikasini qilganlar va shu holatda uni suratga olganlar.

Uning iddao qilishicha, Do‘stum bu suratni agar Ahmad Ishchi biron joyga shikoyat qiladigan bo‘lsa, bu suratlarni ko‘rsatish bilan tahdid qilgan.

Ahmad Ishchining aytishicha, Do‘stumning qo‘riqchilari uni besh kun davomida uni generalning uyida yalang‘och holda ushlab turganlar va so‘ngra xavfsizlik idorasiga topshirib yuborganlar.

Inkor

General Do‘stum sobiq hokimning bu ayblovini "provokatsiya" deya inkor etdi.

Abdurashid Do‘stumning aytishicha, Ahmad Ishchi u tomonidan emas, balki mamlakat xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan.

"U (Ishchi) Afg‘on xavfsizlik xizmatlari tomonidan muxolifatni moliyalashda gumon qilinib hibsga olingan," deya bayonot berdi General Do‘stumning so‘zchisi.

"Ba’zi noma’lum doiralar ancha vaqtdan buyon birinchi vitse-prezidentga qarshi harakat bo‘layapti," deya ilova qilinadi bayonotda.

Tekshiruv chaqiriqlari

Prezident Ashraf G‘aniy idorasi hodisa yuzasidan har tomonlama tekshiruv o‘tkazishga va’da berdi.

"Afg‘on hukumati uchun hech kim qonundan ustun tura olmaydi. Qonun ustuvorligi va javobgarlik hukumatning o‘zidan boshlanadi va biz bu taymoyilga sodiqmiz," dedi Afg‘oniston prezidentining so‘zchisi Horun Chaxansuriy.

Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar sobiq hokim ilgari surgan da’volar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

Ahmad Ishchi ikki hafta g‘oyib bo‘lishi ortidan o‘tgan shanba kuni jamoatchilikka ilk bor ko‘rinish berdi.

XS
SM
MD
LG