Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:03

Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimi ta’sis etilib, unga Safoev tayinlandi


O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev.
O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev.

O‘zbekiston siyosiy modernizatsiyaga muhtojligini bildirgan Sodiq Safoev bundan buyon xalqaro maydonda Oliy Majlis Senatini birinchi muovin o‘laroq tamsil etadi. Shu kunda o‘zbek jamiyati uchun demokratizatsiya zarurligini urg‘ulayotgan Safoev Karimov davrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘laroq ham faoliyat yuritgan.

O‘zbekiston Oliy Majlis Senatining 13 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida senatorlar yuqori palataning xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalaridagi faoliyatini takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqib, bu jarayonni bevosita nazorat qiladigan Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini ta’sis etish haqida qaror qabul qildilar.

Yangi ta’sis etilgan bu lavozimga Senatning Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi Sodiq Safoev tayinlandi.

O‘zbekistonda investitsiya siyosatini kuchaytirish, xalqaro munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalarga alohida ahamiyat qaratish zarurligini bir hafta muqaddam mamlakatning saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoev urg‘ulagandi.

7 dekabr kuni O‘zbekiston konstitutsiyasining 24 yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘zlagan nutqida Mirziyoev: “Xorijiy sarmoyalarni va ilg‘or texnologiyalarni iqtisodiyotga jalb etish uchun chet ellardagi diplomatik vakolatxonalarimiz jiddiy ish olib borishi lozim. Buning uchun Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini kuchaytirish, chet mamlakatlardagi elchilarimiz nafaqat siyosiy, ayni vaqtda yurtimizga investitsiyalarni jalb qilish masalalari bilan ham faol shug‘ullanishlari darkor”, degandi.

Mirziyoevga ko‘ra, o‘zbek diplomatlarining bu boradagi faoliyatini nazorat qilish uchun Oliy Majlis Senati Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasining faoliyat sohasi va vakolatlarini kengaytirish zarur.

Saylangan prezidentning bu ta’kididan xulosa chiqargan o‘zbek senatorlari kecha xalqaro aloqalarni nazorat qiladigan Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini ta’sis etib, bu lavozimga “O‘zbekistonga demokratik o‘zgarishlar zarur”ligi haqidagi mulohazalari bilan yaqinda matbuot e’tiborini o‘ziga jalb etgan Sodiq Safoevni tayinladilar.

1 dekabr kuni Toshkentda o‘tgan Press Club: Elections.uz-2016 brifingida senator Safoev “O‘zbekiston demokratizatsiya jarayoni tufayligina iqtisodiy taraqqiyotni kafolatlashi mumkin”ligidan bahs etgandi.

- Agar siyosiy matritsa o‘rnidan siljimasa, biz iqtisodiy ko‘tarilishga erisha olmaymiz. Xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi qonunlar qabul qilinmasa, inson huquqlari, tadbirkorlar huquqlari kafolatlanmasa, sarmoyadorlar uchun qulay muhit yaratilmasa, iqtisodiy o‘sish bo‘lmaydi. Ya’ni, demokratizatsiya bo‘lmasa, iqtisodiy taraqqiyot ham yo‘q, - degandi Safoev o‘sha kungi nutqida.

Senator Safoevga ko‘ra, “siyosiy modernizatsiyalash hokimiyatni barqaror taqsimlash, hokimiyatning uch butog‘i o‘rtasida qarama-qarshiliklarga posangi bo‘luvchi sistemani yaratishdan boshlanadi. Busiz zamonaviy jamiyat haqida gapirib bo‘lmaydi”.

62 yoshli Sodiq Safoev 1993 yilda va 2003-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. 2005 yildan beri u Senatning Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasini boshqarib keladi.

XS
SM
MD
LG