Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:01

Yekaterinburgdagi o‘zbeklar Svetlakovning ESHAKidan norozi


O‘zbeklar "Eshak"dan norozi
O‘zbeklar "Eshak"dan norozi

“Ural-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati” rahbari Obid Turatov rossiyalik shoumen Sergey Svetlakovning ESHAK nomli restorani reklamasi olib tashlash talabi bilan mahalliy ma’murlarga murojaat qildi. Obid Turatovning fikricha, ESHAK restorani reklamasi "o‘zbeklarga nisbatan hurmatsizlik belgisidir". O‘z navbatda aktyor Sergey Svetlakov o‘zbeklar jamiyati lideri da’vosini "asossiz", deya rad etdi.

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ESHAK restoranining ochilishi shu shaharda yashayotgan o‘zbeklar orasida norozilik keltirib chiqardi.

“Ural-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati” rahbari Obid Turatov Ozodlik bilan suhbatda shaharning turli joylarida va mahalliy televidenieda namoyish etilayotgan ESHAK restorani reklamasini olib tashlash va to‘xtatishni so‘rab murojaat qilayotganini gapirdi.

- ESHAK nomli restoran reklamasida aktyor Sergey Svetlakov o‘zbek to‘ni va do‘ppisini kiygan, qo‘lida kichkina qozonda palov ushlab turibdi. Svetlakov elkasidan eshak burnini tiqib turgani aks ettirilgan. Har qanday oriyatli o‘zbekman degan kishiga bu qattiq tegadi! Aktyor Svetlakov oldin “Nasha Rasha” filmlarida tojikistonliklarni masxara qilib kelgandi. Endi o‘zbeklar ustidan kulishni boshlagan, ko‘rinadi. Yekaterinburgda O‘zbekistondan kelganlar kam emas. Men inson huquqlarini himoya etuvchi mahalliy Ombudsmenga, huquq-tartibot organlariga reklamaga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab murojaat qildim. Talabimiz – “Eshak” restorani reklamasida eshak surati qolsa qolaversin, lekin o‘zbek milliy kiyimlari va palovini olib tashlasin, dedi Obid Turatov.

Svetlakovning Kievdagi "ESHAK" restorani reklamasi
Svetlakovning Kievdagi "ESHAK" restorani reklamasi

O‘z navbatida, ESHAK restorani asoschisi aktyor Sergey Svetlakovning rasmiy vakili Olga Glushkova o‘zbeklar jamiyati lideri da’volarini "asossiz", deya rad etdi.

U Sergey Svetlakov shaxsan o‘zi bu masalada izoh bermasada, uning bu boradagi rasmiy javobini Ozodlikka yo‘lladi.

- ESHAK ​restoraniga oid Sergey Svetlakov fikri quyidagicha: “Eshak tasvirlangan reklamamizda rasmi tushirilganidan va ESHAK deb yozilganidan eshakning o‘zigina norozi bo‘lishi mumkin, xolos. Bizni barcha reklama materiallarimiz Sharqga nisbatan hurmat-ehtirom bilan qilingan. Sharq an’ana va qadriyatlari - mehmondo‘stlik, yaxshi did, so‘z va amalda aql-zakovatni qo‘llash – bu bizning restoranimiz mijozlariga qaratilgan yo‘nalishdir, deb aytdi Svetlakov rasmiy vakili Olьga Glushkova.

Sergey Svetlakov tarqatgan bayonotida eshak "ertaklar qahramoni" ekanligi va eshaksiz Shurik sarguzashtlari yoki Nasriddin Afandini tasavvur qilish qiyin ekanligi yoshligidan ongida muhrlanib qolganini yozgan.

Sergey Svetlakov bundan 10 yilcha oldin suratga olingan va pul topish ilinjida Moskvaga kelgan ikki mehnat muhojiri - Ravshan va Jumshudning sarguzashtlari tasvirlangan “Nasha Rasha” filmida brigadir rolini ijro etishi bilan tanilgan edi.

Hozirga qadar Moskva va Moskva viloyatida ikkita ESHAK restorani faoliyat ko‘rsatmoqda. Yana bir ESHAK restoranining bundan 3 yil oldin Kievda ochilishi mahalliylarning katta noroziligiga sabab bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG